O'zbekistonda korrupsiyani baholash tizimi
Anotatsiya: Ushbu maqola O'zbekiston Respublikasida amalga oshiralayotgan anti korrupsion islohotlarni umumiy ko'rib chiqib, mamlakatdagi korrupsiyani baholash tizimidagi me'zonlarni tahlil qiladi va tizimdagi muammolar ko‘rib chiqib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar beradi.
Kalit so'zlar: korrupsiyani baholash tizimi, korrupsiya, metodlar, uslubiyot, so'rovnoma.
“Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarimizga ham jiddiy putur yetkazadigan eng asosiy omildir.”, - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2023-yil 19-dekabr kuni Birlashgan Millatlar Taashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha mukofotini topshirish marosimida so'zlagan nutqidan parcha.
Shuni ta'kidlash joizki korrupsiya ortidan keladigan barcha zararli alomatlar va oqibatlar mamlakat rivojlanishi va taraqqiyoti yo'lidagi eng katta to'siqlardan biri hisoblanib, mamlakatda korrupsiyani oldini olmasdan turib, boshqa sohalarni rivojlantirish ilojsizdir. Chunki mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Shu boisdan ushbu illatning barcha sohadagi turli xil ko'rinishlariga qarshi samarali choralarni amalga oshirish, qonunchilik tizimimizdagi normalarni yanada takomillashtirish, sohadagi chet el tajribasini o'rganish, hamkorliklarni yo'lga qo'yish va o'rganilgan tajriba-ko'nikmalarni implementatsiyani ta'minlash, korrupsiya holatlarini aniqlash hamda oldini olish mexanizimini yaratish, davlatimiz oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. So'ngi yillarda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish va uni baholash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar hamda amaliyotga yo'lga qo'yilgan choralar xalqaro darajada e'tirofga sazovor bo'lib, davlatimizning xalqaro BMT ning Korrupsiyada holi davlatlar indeksida (Corruption pereception index) sezilarli darajada yuqorilashiga sababchi bo'lmoqda. Xususan yaqin o'tmishda O'zbekiston BMT ning yuqorida nomini tilga olgan indeksida 140-o'rinlarni egallab kelgan bo'lsa, davlat xizmatlari sohasini muvafaqqiyatli raqamlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirgan effektiv reformalari orqali, o'tgan 2023-yil hisobida 140-o'rindan 123-o'ringa o'sishni ko'rsatdi.
Xususan ushbu 17 pog'ona oldinga siljishimizga quyidagi faktorlar asosiy turtki bo'ldi:
- 2020-yilning 29-iyunida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq respublika hududida anti korrupsion xatti-harakatlarining monitoringi bilan shug'ullanuvchi yagona davlat organi Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tashkil qilindi.
- Davlat xizmatlari sohasidagi elektron xizmatlar soni 60 % gacha ko'paytirilib, davlat xizmatlari sohadia inson faktori kamaytirildi.
- Amaldagi qonunchilik tizimiga o'zgartirish kiritilib, sohaga doir 9 ta qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 4 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori ishlab chiqilib, eng muhimi, ''Davlat fuqarolik xizmati" to'g'risidagi Qonun qabul qilindi.
- Moliya, bojxona, sog'liqni saqlash, maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi, soliq va qurilish organlarining faoliyati qayta tartibga solinib, korrupsiyani oldini olish va jamoatchilik tomonidan ochiq monitoring olib borish maqsadida maxsus elektron dasturlar majmuasi ishlab chiqildi.
- Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida reyting baholash tizimi, " E-Anticor.uz" elektron platformasi ishga tushdi va korrupsion xavf-xatari bor davlat tashkilotlarining ro'yxatlari shakllantirilib korrupsiya xavf-xatari xaritasi tuzib chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-mayda qabul qilingan "Davlat boshqaruv sohasida korrupsiyaga xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 240-sonli qarori respublikada korrupsiyaviy xatarlarini baholash amaliyotidagi yangi sahifa ochdi. Xususan mazkur qarorning o'ziga xos xususiyatlari va korrupsiyabiy xavf xatarlarini baholash amaliyotidagi o'rnini quyidagicha izohlash mumkin:
Birinchidan, qaror bilan qaysi davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash lozimligi aniq belgilandi. Unga ko‘ra, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyati korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashdan o‘tkaziladigan bo'ldi.
Ikkinchidan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashning aniq muddati belgilandi. Endilikda davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni yillik baholash va korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalarni reyestrga kiritish har yili 1 martga qadar amalga oshiriladigan bo'ldi.
Uchinchidan, korruptsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyoti metodologik jihatdan takomillashtirildi. Ya'ni, qarorda davlat tashkilotlari faoliyatida korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashning aniq, mezon va usullarini nazarda tutuvchi uslubiyotni tasdiklash vazifasi ko'rsatilib, korruptsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyoti barcha uchun yagona uslubiyot asosida amalga oshirish tartibi belgilandi.
Davlat rahbarining PQ-240-sonli qarori ijrosini ta'minlash va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyotini samarali tashkil etish maqsadida 2022 yilning 31 avgust kuni "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo'linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash" uslubiyoti davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Ammo, hozirgi vaqtda sohada kutilgan natijalarni erishish jarayonini to'sib turuvchi kamchiliklar ham mavjud bo'lib ularning birini ushbu maqolada tahlil qilib chiqib, uni bartaraf etish uchun tavsiyalarni ko'rsatsak.
Birinchidan, amaldagi korrupsiyani baholash uslubiyotiga ko'ra, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash davlat tashkiloti tizimiga kiruvchi barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalarni qamrab olishi lozimligi belgilab qo'yilib, bunda, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash maxsus bo‘linma yoki ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur ishchi guruh a’zolari tegishli davlat tashkilotining tarkibiy bo‘linmalari rahbarlaridan va xodimlar guruhidan iborat tarkibda tashkil etiladi (Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash USLUBIYOTI, 3-bob, 14-16-bandlar). Bu yondashuv esa, baholash uchun mas'ul xodimlarning o'zi baholayotgan tizimning bir qismi bo‘lishiga olib kelib baholash bilan bog‘liq jarayonda manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarib, ichki nazorat, jarayonning shaffofligi va obyektivligini pasaytiradi. Xususan, AQShda bunga qarshi federal miqyosda amalga oshirluvchi anti korrupsion harakatlarning huquqiy asosi belgilab qo'yilgan, Foreign Corrupt Practices Act (bundan keyin matnda FCPA) hujjatida, baholash amaliyotiga alohida urg'u berilib, manfaatlar to'qnashuvi oldini olish va korrupsion baholash amaliyotini obyektivligini ta'minlash maqsadida har bir federal organida olib boriladigan korrupsiyani baholash amaliyotini o'tkazish maxsus federal miqyosda anti korrupsion harakatlar monitoringi bilan shug'ullanuvchi davlat organi (Office of Government Ethics) xodimlari va ekspertlari tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo'yilgandir (FCPA, 15 U.S.C. §§ 78dd-1, 78dd-2, 78dd-3).
Ikkinchidan, uslubiyotda ishchi guruh uchun davlat tashkilotining faoliyatidagi korruptsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlashda tahlil qilinishi lozim bo'lgan faoliyat turlari ham berilgan bo'lib ularga:
1. Davlat tashkilotining xodimi tomonidan sodir etilgan korruptsiyaga oid huquqbuzarlik;
2. Davlat tashkiloti tomonidan faoliyatini (vazifa va funksiyalarini) amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar uchun sun’iy to‘siklarning mavjudligi;
3. O‘z vaqtida qaror qabul qilmaslik, asossiz tezkor tartibda qaror qabul qilish;hujjatlar, elektron ma’lumotlar bazalariga bilib turib yolg‘on ma’lumotlarning kiritilishi;
4. Xizmat vakolatlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi, vakolatlarni amalga oshirishda mahalliychilik, homiylik, urug‘-aymoqchilik kabi holatlarning mavjudligini tekshirishlar kiritilgandir.
Uslubiyotda tahlil qilinishi kerak bo'lgan faoliyat turlarining barcha asosiy jihatlarini qamrab olishga harakat qilingan, ammo, ularni aniqlashda foydalaniladigan axborot manbaalari faqatgina odob-axloq komissiyasi majlislarining yig‘ilish bayonnomalari, tegishli davlat tashkiloti faoliyatining (vazifa va funksiyalarining) huquqiy asosi, ishchi guruh tomonidan tegishli davlat tashkiloti faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan ichki so‘rovnomalar, shu jumladan sotsiologik tadqiqotlar natijalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan taqdim etilgan materiallar, baholash olib borilayotgan tegishli davlat tashkiloti to'g'risidagi boshqa davlat organlaridan olingan so'rovnomalar va tashkilot ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kelib tushgan shikoyat va murojaatlarga tayanilishi kerakligi belgilab qo'yilgan. Uslubiyotda tashqi manbalar tilga olingan boʻlsa-da, korrupsiya xavf-xatarini aniqlashdagi axborotlar ro'yxati berilgan matnda koʻproq ichki baholash va ichki axborot manbalariga eʼtibor ko'proq qaratilgan, tashqi nazorat yoki mustaqil auditning kamligi esa tashqi nuqtai nazardan korrupsiya xavfini aniqlash samaradorligini kamaytirishi mumkin. Bundan tashqari uslubiyotda baholash tizimi tashkilotdagi bo'linmalar yoki davlat tashkilotining o'zi tomonidan o'tkaziladigan so'rovnomalar va so'rovlarga urg'u bergandir, lekin ushbu usulda respondentlar anonimligi va maxfiyligi masalalari ko'rib chiqilmagan. Qo'shma shtatlar tajribasida esa, korrupsiyaning baholashda ichki va tashqi axborot resurslarga teng e'tibor berilib, baholash jarayonida tashkilot tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar bilan bir qatorda tashkilotning amalga oshirgan ishlari va faoliyatining natijalarini bir-biriga taqoslash orqali tekshirish amaliyoti mavjuddir, bundan tashqari so'rovnomalarni tashkil etish va uni o'tkazish jarayonida respondentlarning anonimligiga va ularning huquqlarini himoyasiga alohida e'tibor ham qaratilgandir.
Xulosa o'rnida shuni aytishimiz mumkinki, O‘zbekistonda korrupsiya xavfini aniqlash va baholashga qaratilgan sohadagi kamchiliklarni AQSh tajribasining ayrim amaliyotlarini qo‘llash orqali yo'qotish mumkin. Mazkur sohada huquqlar himoyasi, adolatlilik va shafofflilik, obyektivlikni mustahkamlash, tashqi axborot manbalarini kengaytirish, shaffoflikni oshirish va jamoatchilikni yanada chuqurroq jalb qilish korrupsiya xavfini samarali yumshata oladigan tavsiya beriladigan muhim qadamlardir.