Men 2-kursdan ishga kirganimda qanday ma;lumotli qilib ishga olishadi?
Mehnat kodeksining (keyingi o‘rinlarda MK) 77-moddasiga ko‘ra, o‘n olti (16) yoshga to‘lgan har bir shaxs mehnat qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirining “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqidagi 9-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami №1222, 22.02.2003) 50-bandiga muvofiq kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida oliy o‘quv yurti va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi tuzgan holda ishlashlari mumkinligi belgilangan. Bundan kelib chiqadiki, talabalar bemalol ishlashlari mumkin. Lekin mehnat qonunchiligiga ko‘ra, talaba faqat ta’limdan bo‘sh vaqtida ishlash huquqiga ega. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, talabaning asosiy mashg‘uloti bu bilim olish hisoblanadi. Ya’ni, ta’lim olish ustuvor vazifa bo‘lishi lozim.
Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Ya’ni, agar talaba ishlashi mumkin bo‘lsa, u to‘liq 1 stavka ishlaydimi yoki faqat 0,5 stavka ishlashi mumkinmi? Yuqorida aytganimizdek, talaba faqat o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashi mumkin. MK 115-moddasiga muvofiq xodimning ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerak. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, 6 kunlik ish haftasi joriy etilgan korxona, muassasa, tashkilotlarda kunlik 7 soat, 5 kunlik ish haftasi joriy etilganlarda esa ish vaqti kunlik 8 soatdan ortiq bo‘lmasligi shart. Shuningdek, ishning tugashi bilan keyingi kuni (smenada) ish boshlanishi o‘rtasidagi kundalik dam olish vaqtining muddati o‘n ikki soatdan kam bo‘lishi mumkin emas (MK 128-moddasi). Agar talabaning bo‘sh vaqti yetadigan bo‘lsa, unga to‘liq stavka ishlashiga hech qanday to‘sqinlik mavjud emas.
Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-qarori bilan «Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida»gi nizomning 8-bandiga ko‘ra:
Oliy ta’lim muassasasining 4-kursida, pedagogika yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘limlarining 3-kursida o‘qiyotgan shaxslar pedagoglik ishini amalga oshirish uchun qo‘yilishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.
Demak, yuqoridagi asoslarga ko'ra, agar siz pedagog sifatida ishga kirmoqchi bo'lsangiz, qonunchilik bunga ruxsat bermaydi. chunki siz 2-kurs talabasisiz. Sizda 3-kursdan pedagog sifatida ishlash huquqi vujudga keladi. Lekin pedagog bo'lib emas, maktablarda boshqa kasbda ishlashingiz mumkin. Qonunchilik bunga ruxsat beradi. Agar siz ishga kirsangiz, o'rta maxsus ma'lumotli qilib olishadi.
115 - modda