April 6, 2025

Sarlavhasiz matn!

O‘zingni qanday his qilayotganingni ifodalash – ayniqsa "nomsiz tuyg‘u" bo‘lsa – yozuvchilar, shoirlar, hattoki musiqachilar ham ko‘p kurashadigan narsa. Ammo eng kuchli asarlar aynan shunaqa noaniq, lekin yurakdan chiqqan holatlardan tug‘iladi.

Ba’zan ichingda bir narsa to‘lib qoladi. U so‘z emas, fikr emas — bu tuyg‘u. Nomsiz va rangsiz… Lekin mavjud, yuragingda yashaydi, vujudingda yuradi. Har kuni senga hamroh.

Uni sevgi desang — yetmaydi. Agar desang, kam bo‘ladi. Bu sevgi o‘zini oddiy sevgi deb atashdan uyalyapti go‘yo. Bu holatni tariflab bo‘lmaydi. Qandaydir borliq ichra ichingda uyg‘ongan kuchli bir mavjudlik.

Va bu mavjudlik har kuni jim yuradi. Hech narsani talab qilmaydi. Hatto tan olinishni ham kutmaydi. Shunchaki yuragingda joylashib olgan va har soniya u yerdaligini eslatib turadi. Biror gap, biror surat, biror eshitilgan ohang... birdan ichingda allaqanday eshik ochilib ketadi. Eshik ortida esa – bu tuyg‘u. Har safar yangi, har safar chuqurroq.

Ko‘z oldingda jismonan yo‘q, ammo xayolda ruhan doimiy. Shunga qaramay, uning ta’siri ostida harakat qilasan, yuragingni tutib yurasan. Go‘yoki bu tuyg‘u seni himoya qilayotgandek, bir vaqtda asta-asta ezayotgandek.

Va ayni shu holatda hech qanday shikoyat yo‘q. Hech qanday nolish ham yo‘q. Faqat yuragingda kechayotgan holatni tushuntira olmaslik bor. Tushuntira olmaslik – qiynaydi. Ammo tushuntirishga urinmaslik – himoya.

Qandaydir og‘ir yengillik. Qandaydir sokin bo‘ron. Hamma narsa joyida, lekin nimadir yetishmaydi. Yoki aksincha, nimadir ortiqcha. Uni yo‘qotib qo‘yish qo‘rquvi emas bu – balki bu tuyg‘u o‘zini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqayotgandek.

Tashqi hayotda hech narsa o‘zgarmaydi. Lekin ichkarida butun dunyo har kuni harakatda. Har kuni yangi savollar, har kuni yangi javobsizliklar.

Shunchaki bir borliq – so‘zsiz, izohsiz, nomsiz. Lekin shunchalik haqiqatki, uni inkor etish o‘zligingni inkor etish bo‘ladi. Shuning uchun ham jim yuriladi. So‘z qidirmay, izoh kutmay, shunchaki yurakda yashatiladi.

Bu muhabbat, bu hasrat emas. Bu juda kuchli sog‘inch ham yana. Bu – yurakda joylashib olgan va ko‘chib ketishga hojat sezmagan bir mavjudlik. U na mehmon, na xo‘jayin. Va shunchaki bor bo‘lishi bilan butun ichki dunyoni o‘zgartirgan.

Shuni yozib bo‘lgach ham, hali aytilmagan gaplar qoladi. Yozilgan so‘zlar bu tuyg‘uga doim oz. Bu ichki jimlikda yashaydigan, lekin baqirayotgandek kuchli bo‘lgan holatni hech bir matn sig‘dira olmaydi.

Lekin baribir yoziladi. Chunki yozilmasa — yurak siqiladi. Chunki ichdan chiqmasa — o‘zini yeydi. Yozilsa — kam bo‘ladi. Ammo hech bo‘lmaganda bu kamlik – yurakka ozgina bo‘sh joy ochadi.