Aqida darsi № 1
Bismillahir rohmanir rohim
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh !
Aqida so'zi arabcha "aqada" fe'lidan olingan bo'lib, bir narsani ikkinchisiga mahkam bog'lash degan ma'noni anglatadi. Bu so'zning jami ko'plik shakli "aqoid" bo'ladi. Islom aqidasi musulmon odamni ma'lum bir narsalar bilan bog'lab to'ruvchi e'tiqodlar majmuasidir. Aslida biror bir narsaga e'tiqod qilish uchun uni xech qanday shubha qoldirmaydigan darajada yaxshi bilish kerak. Buning uchun avvalo usha narsani idrok qilish kerak. Keyin esa usha hissiy idroq ilmiy ma'rifatga
aylanishi lozim. So'ngra zamon o'tishi boshqa dalillarning sodir bo'lishi bilan usha ilmimiz tasdiqlanadi va unga bo'lgan ishonchimiz ortadi.
Mazko'r ilmga bo'lgan ishonch ongimizda mustahkan qaror topganidan so'ng u bizning aqlimizga qiladigan ishlarimizga o'z ta'sirini o'tqazadigan bo'ladi. Qachonki ma'lum bir ilm bizning fikrimizga aylanib his tuyg'ularimizni yo'llaydigan va harakatlarimizni boshqaradigan holga yetganda "aqida"ga aylangan bo'ladi. Demak aqida ilmga asoslangan bo'lishi lozim.
Biz siz bilan Islom aqidasini o'rganishni boshlamoqdamiz va biz darsimizni Rasululloh ﷺ ning juma ma'ruzalarida va sohobalarga dars berish chog'ida aytadigan so'zlaridan boshlashni lozim topdik. Shunday qilib, Rosululloh sallallohu alayhi va sallamning “Xutbatul-Haj” deb nomlangan xutbalari qo'ydagicha.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam aytadilar: “Allohga hamdlar bo'lsin, unga hamdlar aytamiz, Undan madad va mag'firat so'raymiz, Unga tavba qilamiz va Alloh taolodan nafsimiz yovuzligidan va yomon ishlarimizdan saqlashini so'raymiz. Alloh kimni to'g'ri yo'lga hidoyat qilsa, uni zalolatga ketkazguvchi yo'qdir . Va kimni Alloh to'g'ri yo'ldan adashtirsa uni to'g'ri yo'lga hech kim sololmas. Guvohlik beramanki, yolg'iz Allohdan o'zga iloh yo'q, uning sherigi yo'q. Va guvohlik beramanki, Muhammad uning quli va payg'ambaridir (sallollohu aleyhi va sallam) ”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so'zlari islom aqidasining mohiyatini va ruhini qamrab oladi. Ushbu so'zlar aniq, ravshan va go'zaldir. Odamlar RasuluLloh ﷺning ushbu so'zlarini eshitiboq islomni qabul qilishgan . Bunga misollardan Dimad al-Azdi raziAllahu anhuni keltirishimiz mumkun. Bir kuni Makkaga kelgan Dimad (r.a) Makkalik bir guruh odamlar RosuluLloh ﷺni aqildan ozgan ichiga jin kirib olgan deb haqoratlashayotganini eshitib qoldi. Ular uni jinni deb atashdi va unga jin o'rnashib olgan deyishdi. O'sha paytlarda Dimad (r.a.) jinlarni afsun orqali quvib chiqarish bilan shug'ullanar edi. Dimad (r.a) aytdi: "Agar men u odam bilan ko'rishsam , balki Allah uni men sabab to'zatib yuborar" dedi. U RasuluLloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashib, o'z xizmatlarini taklif qilganlarida, Rasululloh ﷺ uning so'zlarini eshitib bo'lib shunday dedi: “Allohga hamdlar bo'lsin, unga hamdlar aytamiz, Undan madad va mag'firat so'raymiz, Ungagina tavba qilamiz va Alloh taolodan nafsimiz yovuzligidan va yomon ishlarimizning balosidan saqlashini so'raymiz. Alloh kimni to'g'ri yo'lga hidoyat qilsa, uni zalolatga ketkazguvchi yo'qdir . Va kimni Alloh to'g'ri yo'ldan adashtirsa uni to'g'ri yo'lga hech kim sololmas. Guvohlik beramanki, yolg'iz Allohdan o'zga iloh yo'q, uning sherigi yo'q. Va guvohlik beramanki, Muhammad uning quli va payg'ambaridir (ﷺ) ”. Alloh uni (Rasululloh ﷺni) va uning sahobalarini va chin ko'ngildan unga ergashganlarni ko'p marotaba marxamad qilsin dedi. Bu so'zlarni eshitgan Dimad yana qaytarishini so'radi. Rasululloh ﷺ
uch marta qaytardlar. Bu so'zlarni eshitgan Dimad shunday dedi: "Men koxinlarning so'zlarini eshitganman, sehrgarlarni va shoirlarni so'zlarini eshitganman, lekin bunga o'xshash so'zlarni oldin eshitmaganman. So'zlaring dengizni tubiga yetib bordi (ya'ni bu so'zlar uning qalbiga yetib borgan edi).Qo'lingni ber senga bay'at keltiraman" deb Islomni qabul qildi.
Payg'ambarimiz ﷺning bu go'zal so'zlari Allohga aytilgan hamd va chin kungildan unga bo'lgan muhabbatni o'zida mujassam etgan edi. Va bu maqtovlarga faqatgina Alloh taolo munosib. Bunday maqtovlarga xox podshox bo'lsin, xox buyuk qumondon bo'lsin, xox mashhur shoir bo'lsin inson zoti unga munosib emas. Keling Payg'ambarimiz ﷺning chuqur ma'noga ega bo'lgan ushbu so'zlarini ma'nolarini ko'rib chiqamiz.
Payg'ambarimiz ﷺ "Allohga hamdlar bo'lsin! " degan so'zidan so'ng "Unga hamdlar aytamiz" degan so'zlari Alloh taologa hamd aytish doimiy bo'lishi kerak ekanligini anglatadi. Alloh taoloning bandalariga ko'rsatadigan marhamati tuxtovsizdir. Shuning uchun Allohga bo'lgan minnatdorchilik va hamdlar doimiy bo'lishi lozim. Ushbu so'zlardan so'ng Rasululloh ﷺ "Undangina yordam so'raymiz" demoqda. Va bu maqtov va iltijo shakli Fotiha surasida namoyon qilingan.
"Mehribon va Rahimli Allohning nomi bilan boshlayman. Barcha maqtov, va shukurlar olamlar Tarbiyachisi bo'lmish Allohga bo'lsin. U Rohman va Rahiym...
U qiyomat kunining podshosi , egasi.
Faqat sengagina ibodat qilamiz va faqat sendangina yordam so'raymiz.
(Qur'on 1: 1-5). Allohga bo'lgan maqtovlarning ushbu shakli eng mukammal va eng ko'p ishlatilgan bo'lib, biz namozlarimizning har bir raka'atida Allohga shunday murojat qilamiz.
Shundan so'ng Payg'ambarimiz ﷺ gunohlarining mag'firat qilishini va ularning yomonligidan bu dunyoda ham, oxiratda ham himoya qilishini Allohdan so'radi.
Rasululloh ﷺ mo'minlarni Allohdan mag'firat so'rashga da'vat qilgan va bir kunda yuz martalab Allohdan mag'firat so'ragan. 'Umar (raziAllohu anhu)ning o'g'lidan rivoyat qilinadi. Rasululloh ﷺ aytdi : "Ey odamlar ! Robbingizga istig'for ayting, chunki men bir kunda yuz marta Allohdan mag'firat so'rayman".
(Imom Muslim rivoyat qilgan)
Abdullah ibn 'Umar (r.a) aytadilar: Biz bir majlisda yuz marta Rasululloh ﷺ " Robbim meni mag'firat qil va istig'forlarimni qabul qil, albatta Sen tavbalarni qabul qilguvchisan, kechirguvchisan" deganlarini sanaganmiz . (Abu Dovud, Ahmad va boshqalar)
Payg'ambarimiz ﷺ ushbu xutbasing davomida shunday deydi: "Va biz nafsimiz yovuzligidan va yomon ishlarimizning balosidan Allohdan panoh so'raymiz" . Bu duo musulmonlar uchun juda zarur bo'lgan duo. Chunki bizda yovuzlikni va Alloh taologa itoatsizlikni qo'zg'aydigan nafsimiz bor. Darhaqiqat Alloh taolo Qur'onda shunday deydi: "Albatta, insonni biz yaratganmiz va uning nafsi nimani vasvasa qilishini ham bilamiz. Va biz unga jon tomiridan ham yaqinmiz" .
(Qur'on 50:16)
Alloh taolo Qur'onda shunday marhamat qiladi: "Va o'z nafsimni oqlamayman. Albatta nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka ko'p undovchidir. Albatta, Robbim mag'firatli va bilguvchidir" dedi.
(Qur'on 12; 53)
Agar inson o'z hiylalariga berilib qolsayu , Alloh taolo uni o'z holiga tashlab qo'ysa , nafsi uni yomonlikka buyuradi, uni o'stidan hukmron bo'lib oladi.
Alloh taolo Qur'onda nafsning uch fazilatini yoki uch darajasini ta'kidlaydi. Birinchisi xotirjam nafs, ikkinchisi malomatchi nafs, uchunchisi yomonlikka buyuruvchi nafs.
Birinchi turdagi nafsga Alloh taoloning qo'ydagi so'zlari dalil bo'ladi: "Ey xotirjam nafs ! Robbinga sen Undan, U sendan rozi bo'lgan holingda qayt ! "
(Qur'on 89:27,28)
Ikkinchi turdagi nafsga esa : "Va malomatchi nafs bilan qasam"
(Qur'on 75:2)
Uchinchi turdagi nafsga dalil: "Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka ko'p undovchidir".
(Qur'on 12:53)
Bular nafsning uch xil ko'rinishi yoki uch xil darajasi edi. Agar inson Allohga itoat qilsa, demak uning qalbi xotirjamlik va osoyishtalik topadi. Darhaqiqat Alloh taolo Qur'onda shunday deydi: " Iymon keltirganlar va Allohning zikri ila qalblari orom topganlar. Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?" (Qur'on 13:28)
Kimki o'z Robbisiga osiylik qilsa, uning nafsi uni malomatlaydi. Agar inson Alloh taoloning yordamidan maxrum bo'lsa, uning nafsi unga yomonlik va hatto shirk qilishga buyuradi. Va bunga Qur'onda ba'zi misollar mavjud, Alloh taolo Isroil o'g'illaridan Allohga osiy bo'lgan Somiriyni bunga misol qilib quydagi oyatda shunday deydi: U "Ular ko'rmagan narsani ko'rdim. Bas, Rasulning izidan bir siqim oldim, so'ngra uni tashladim. Havoi nafsim menga shunday qilishni xush ko'rsatdi" dedi.
( Qur'on 20:95-96)
Ya'ni, bu odam isroilliklarni "oltin bo'zoqqa"
sajda qilishga undadi va bunga nafsining osiyligi sabab bo'ldi. Shuningdek nafs insonni qotillikka buyurishi ham mumkun. Alloh taolo Odam (alayhi salomning) o'g'illaridan birining misolida keltirib shunday, deydi:
"Nafsi unga birodarini o'ldirishni yaxshi ko'rsatdi. Bas uni o'ldirdi. Shu sababdan ziyonkorlardan bo'ldi. (Qur'on 5:30)
Payg'ambarimiz ﷺ Xar tong va xar oqshom Allohga shunday duolar qilardilar:
"Ey tirik bo'lgan va barcha narsa qo'lida bo'lgan zot. Men Sendan rahmatingla himoya berishingni so'rayman. Barcha ishlarimni isloh qilgin va meni bir lahza ham o'z nafsimga tashlab qo'ymagim !
Bu yomon narsalarga olib kelishi mumkinligi sabab musulmon kishi Allohdan nafsining yomonligidan panoh so'rishi shart.
Keyin Rasululloh ﷺ dedi: "Va bizning yomon ishlarimizning balosidan" bu so'zlar oddiy musulmonlar uchun ham ko'rsatma.
Bu so'zlar bilan Payg'ambarimiz ﷺ musulmonlarga o'zlari qilgan gunohlari ortidan keladigan jazodan Allohdan himoya berishini so'rashga undaydi. Chunki gunohlar tufayli Alloh taoloning azobi kelib mol-mulk va barakadan mahrum qiladi. Va gunohlari uchun tovba qilmagan odamning yuragi muhrlanadi va qorayadi.
Agar insonning yuragi muxrlansa u halol va xaromni farqiga bormay qo'yadi. Bundan tashqari ba'zi gunohlarni yaxshilik deb, yaxshiliklarni esa gunoh deb qabul qila boshlaydi. Va bu haqida Alloh taolo shunday deydi: "Axir qilgan yomon amali o'ziga ziynatlab ko'rsatilib uni go'zal deb bilgan odam ? Albatta, Alloh xohlagan kimsani zalolatga ketkazur, xohlagan kimsani hidoyatga solur. Bas, ularga joning hasrat-la achinmasin. Albatta Alloh nima qilayotganlarini yaxshi bilguvchidir" . Alloh taolo Fir'avn haqida shunday deydi: "Shunday qilib Fir'avnga uning yomon amali ziynatlandi va yo'ldan to'sildi. Fir'avnning makr hiylasi ziyonkorlikdan boshqa narsa emas". (Qur'on 40:37)
Kishi gunohi uchun tovba qilmaydi va gunoh ishlaring ortidan keladigan balodan himoya qilishini Allohdan so'ramaydi, shuning uchun Alloh taolo unga balolarni yuborib, barokotidan maxrum qiladi va baxtsiz qiladi. Payg'ambarimiz ﷺ ning amakilari Abbos (r.a) aytganlaridek: "Odamlarga gunohlari tufayli balo-qazo yetadi. Tovba orqali esa bu balolardan qutilishadi". Alloh taolo shunday deydi: Agar yuz ugirsalar, bilki, Alloh ularning ba'zi gunohlari tufayli musibatga solishni iroda qilibdi. Albatta, odamlarning ko'plari fosiqdirlar. (Qur'on 5:49)
Gunoh qilgan va tovba qilmaganlarning qismati shunday. Alloh taolo yana shunday marhamat qiladi: "Agar qishloqlar ahllari iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, biz albatta ularga osmon-u yerdan barokatni ochib qo'yar edik. Lekin ular yolg'onga chiqardilar, bas ularni qilgan kasblari tufayli tutdik". (Qur'on 7:96)
Keyin Rasululloh ﷺ dedi: "Alloh kimni to'g'ri yo'lga hidoyat qilsa, uni zalolatga ketkazuvchi yo'qdir. Va kimni Alloh to'g'ri yo'ldan adashtirsa uni hech kim to'g'ri yo'lga sololmas". Ushbu so'zlar bilan Rasululloh ﷺ musulmonlarni Alloh taologa mutloq itoat qilishga o'rgatmoqdalar. Alloh taoloning ilmiga, qarorlari va hukmlariga itoat qilish kerakligini o'rgatmoqdalar. Rasululloh ﷺ ushbu so'zlari bilan taqdirning mohiyatini, hamma narsa Allohning qo'lida ekanligini, hattoki to'g'ri yo'lga boshqarish va to'g'ri yo'ldan adashtirish ham Allohning qo'lida ekanligini tushuntirmoqdalar. Va Alloh taolo bu haqida shunday deydi: "Kimni Alloh hidoyat qilmoqchi bo'lsa, uning kuksini Islomga ochib qo'yadir. Kimni zalolatga ketkazishga iroda qilsa, uning kuksini xuddi osmonga ko'tarilayotgandek, tor va tang qilib quyadir.(Qur'on 6:125)
Alloh taolo yana shunday deydi: "Kimni Alloh hidoyatga boshlasa, usha hidoyat topguvchidir. Kimni adashtirsa, bas, hargiz unga irshod qiluvchi biron do'st topa olmassan". (Qur'on 18:17)
Nux (alayhi salom) o'z qavmiga yuzlanib shunday deydi: "Va agar Alloh sizlarni yo'ldan ozdirishni istasa, men nasihat qilishni xohlaganim bilan nasihatim sizlarga manfaat bermaydi. U sizning Robbingizdir va unga qaytarilursiz dedi".
(Qur'on 11:34)
Bu ishonch Allohga to'liq itoat etish va Unga sodiqlik, Uning yaratganlari o'stidan cheksiz qudratga ega ekanligini tan olishdan iborat. Bu shuni anglatadiki, U o'z marhamati bilan ularni to'g'ri yo'lga boshlaydi va ularni to'g'ri yo'ldan adashtirishida hikmat va adolat bordur. Va biz uning bizga yozgan taqdiridan norozi bo'lmaymiz. Alloh taolo aytadi: Sen : Yutuk hujjat Allohning o'zidadir. Agar xohlasa hammangizni hidoyatga solar edi" deb ayt. (Qur'on 6:149)
Agar hayotingiz, o'limingiz, rizqingiz Alloh tomonidan belgilab quyilgan deb hisoblasangiz, unda to'g'ri yo'l va undan adashish ham Alloh tomonidan belgilab quyilganligiga ishonishingiz kerak.
Alloh taolo hadisi qutsida shunday deydi: Ey bandalarim ! Barchangiz zalolatdadirsiz, men hidoyat berganlarimdan boshqa. Hidoyatni mendan so'rang, men to'g'ri yo'lga solurmam. (Hadisi qutsiy)
Shuning uchun Allohga yuzlanishimiz kerak.
Kufrdan va zalolatdan asrashini undan so'rashimiz zarur. Buning uchun qo'limizdan kelgan barcha sabablarni qilishimiz, ilm olishni chin kungildan xohlashimiz, faqatgina ishonchli manbalardan ilm olishimiz, solih insonlar bilan muloqatda bo'lishimiz va Alloh taolodan hatolardan himoya qilishini so'rashimiz zarurdir.
Rasululloh ﷺ xutbasining davomida tavhidga guvohlik bermoqdalar va quydagi so'zlar bilan xutbani nihoyalamoqdalar: "Guvohlik beramankim Allohdan o'zga iloh yo'qdir va guvohlik beramankim Muhammad uning qo'li va Rasuli " ﷺ.
Bu guvohlik tavhidning kalitidir. Tavhidning guvohligi shuni anglatadiki, biz odamlar yolg'on xudolarga sig'inmaymiz va yolg'iz Allohgagina sig'inamiz. Bu guvohlik ilmni, ishonchni va boshqa shartlarni talab qiladi. Bu haqida darslarimiz davomida so'z yuritamiz. Muhammad ﷺning payg'ambarligi haqidagi guvohlikka kelsak, bu guvohlik ikkiga bo'linadi:
Birinchisi - bu Muhammad ﷺni Allohning qo'li ekanligini tan olish. Ya'ni unga sig'inish va undan so'rashlik va unga tavakkal qilishlik mumkin emas.
Ikkinchisi - bu Muhammad ﷺ Alloh taolo tomonidan bizga payg'ambar qilib yuborilganligini tan olish. Bunga uning buyruqlariga buy sunish va unga ergashish kiradi. U Allohning qulidir va rad etib bo'lmas payg'ambaridir.
Mana shu Payg'ambarimiz ﷺning xudbalarining qisqacha ma'nosi edi. Bu xudbani Payg'ambarimiz ﷺ tez-tez aytib to'rgan va yo'qorida aytib o'tilganidek bu xudba Islom aqidasining ruhidir. Shuning uchun Rasululloh ﷺning ushbu so'zlarining ma'nosini chuqur anglab yetishimiz zarur.