Sen xohlagan vaqtda
1-qism: O‘zim xohlagan ish
Muallif: Kim Bora
Uzoqdan qaraganda barchasi go‘zal ko‘rinadi: orzular, yangi imkoniyatlar, yangi hayot…
Ammo yuragingda og‘riq bo‘lsa, hatto eng chiroyli manzaralarning ham rangi xira ko‘rinadi.
Men — Kim Bora.
Bu — Koreyaga kelganimdagi ilk kunlar. Hayotimda birinchi marta o‘zimni butkul yolg‘iz his qildim.
Koreyaga kelishimdan oldin TOPIK imtihonidan muvaffaqiyatli 6 ball oldim. Bu — mening orzularim eshigini ochgan kalit edi.
Men — Seoul National Universityga grant asosida o‘qishga qabul qilingandim.
Ammo Koreyada yashash oson emas. Hayot — ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan videolardagi kabi emas.
Kelgan kunimning ertasigayoq ish izlashga tushdim.
Seul ko‘chalarida yurib ish qidarar ekanman, bu yerda yashash, ishlash, pul topish qanchalik og‘ir ekanini chuqur his qildim.
Tungi soat 23:12.
Hashamatli uyning eshigi oldiga kelib, eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Lekin hech kim ochmadi.
Ichimda esa o‘zimga shunday dedim:
“Ha, Bora, bugun ish topolmading. Ertaga yana urinib ko‘rasan…”
Tong achchiq xotiralar bilan boshlandi.
Yotoqda yotgancha shiftga tikildim.
“Yolg‘izlik — bu dard, lekin uni faqat harakat yengadi,” dedim ichimda.
Noutbukni oldim va internetda ish qidira boshladim.
Yuzlab e’lonlar orasidan bittasi ko‘zimga tushdi:
“Tadbir zali uchun vaqtinchalik yordamchi kerak. Jamsil, Seul. Ish bugungi kun uchun. To‘lov ish tugagach naqd beriladi.”
Ariza yubordim.
Ko‘p o‘tmay telefonimga xabar keldi:
“Siz ishga qabul qilindingiz. Soat 16:30 da ko‘rsatilgan manzilda bo‘ling.”
“Oddiy vaqtinchalik ish. Hech bo‘lmaganda yashash uchun ozgina pul topaman,” deb o‘zimni ishontirdim.
Manzilga yetib borganimda katta zal oldida to‘xtadim.
Devordagi plakatda kimlardir suratga tushgan edi.
Ularning yuzi menga tanish emasdi.
Faqat katta harflar bilan yozilgan bir so‘z ko‘zimga tashlandi:
“BTS – Live in Seoul.”
“Bu nima bo‘lishi mumkin?” dedim o‘zimga.
Ichkariga kirganimda menga qora forma uzatishdi.
“Tozalash, buyum joylash, odamlarga yordam berish — hech biri qiyin emas,” dedi rahbarimiz.
Ishga kirishdim.
Bu yerda o‘zimni biroz foydali his qila boshladim.
Ammo hali bilmasdim — aynan shu yerdagi eng kutilmagan joyda — hojatxonada —
hayotimni abadiy o‘zgartiradigan bir inson bilan ilk bor to‘qnash kelaman deb…
Xullas hammasi shunday boshlandi:
Bir xizmatkor ehtiyotsiz harakati bilan ichimlikni ustimga to‘kib yubordi. Rangli suyuqlik kiyimimni bo‘yab yuborgan, ko‘nglim allaqachon charchagan edi.
“Kechirasiz!” — dedi u shoshilgancha. Men esa unga javob bermay, atrofga alangladim.
Yonimdagi ishchidan hojatxonaning joyini so‘radim va u ko‘rsatgan yo‘lga shoshilinch buruldim.
Ichkariga kirib, kiyimimdagi dog‘ni artishga tushdim. Shoshganimdan, yozuvlarga qarashni unutgandim
Oradan bir necha soniya o‘tmay eshik ochildi.
Baland bo‘yli, qora kiyimli yigit kirdi. Nigohi to‘g‘ridan to‘g‘ri menga qadaldi.
Men hayrat va cho‘chish bilan unga tikildim. Yuragim urishi tezlashdi.
Yigit shunchaki qarab turardi.
Atrofga qaradim. Ichim titrab ketdi.
“Yo‘q... Bu erkaklar hojatxonasi ekan...”
Yuzim lovullab qizargancha, boshimni egdim.
“Kechirasiz... Iltimos, kechirasiz… men... adashdim,” deb qayta qayta uzr so'rardim.
U jim edi, lekin nigohi hali ham menga tikilgan.
“Rostdan ham kechirasiz...”
Ko‘zimga yosh to‘lib ketganday bo‘ldi. Ko‘proq u yerda turolmadim.
Darhol orqamga burilib, yugurib chiqdim. Yuragim qulog‘imga urilayotgandek edi.
Tashqariga chiqqach, nafasimni rostladim.
Ammo birdan boshimga qo‘limni olib bordim.