February 28, 2025

NOW YOU SEE ME

First Episode

Author by: @Kim_Rona

Los-Anjeles osmonida tungi shahar chiroqlari aks etardi. Har tomonda yaltirab turgan neon yoritgichlar, qimmatbaho avtomobillar va hashamatli mehmonxonalar… Bu shahar boylar va mashhurlar uchun jannat, biroq ba’zilari uchun u – qasos maydoniga aylangan edi.

Qora rangli, uzun sochlari yumshoq to‘lqin bo‘lib yelkasiga tushgan qiz baland poshnali oyoq kiyimlarini ohangdor tovush bilan mehmonxonaning marmar zinasiga urib, ichkariga kirdi. Uning yelkasida qimmatbaho brend sumka, yuzida esa mukammal pardoz. Lekin bu yerga kelishdan oldin, u o‘ziga bitta narsani va’da qilgan edi.

Han Rhea o‘z sahnadagi ismi – Lalisa Manoban bilan tanilgan model va qo‘shiqchi edi. Millionlab odamlar unga qoyil qolishardi, unga havas qilishardi. Lekin hech kim uning asl hayoti haqida bilmas edi. Hech kim uning yillar davomida yuragida o‘sib kelgan nafrat va qasos olovidan xabardor emas edi.

Han Rhea 26 yoshda. Sahnadagi ismi Lalisa Manoban.

Uning nigohi mehmonxonaning burchagida turgan Jeon Jungkookga tushdi. Qora kostyum, jiddiy qarash… U bitta imo-ishorasi bilan ham odamni erita oladigan darajada jozibali edi. Lekin Rhea uchun Jungkook – eng yaqin insoni, hayotidagi yagona ishonchli odam edi.

Rhea pov*
"Men bu kunni shuncha yil kutdim. Amakijon, sen meni oʻldi deb o‘ylagan eding. Lekin men tirikman. Nafas olyapman. Va endi hayotimni doʻzaxga aylantirganing uchun javob berasan. Ota onamni oʻlimi uchun javob berasan Han Choi wook ."

Jungkook uning yoniga kelib, yengil jilmaydi.
— Tayyor tur. Endi qasos onlariga oz qoldi. Ortga chekinish yo‘q.

Jeon Jungkook. 27 yoshda. Rheaning sevgilisi. Model va mashhur yulduz

Rhea kulimsiragancha, lablarini biroz tishladi.
— Men bunga butun hayotim davomida tayyorladim.

Bu vaqtda mehmonxonaning boshqa burchagida ikkita yigit paydo bo‘ldi. Jozef va Charles.

Jozef – hacker, texnologiyalar ustasi. Uning qo‘lida butun bank tizimlarini buzib kirish imkoniyati bor.
Charles esa – ayyor, mug‘ombir va sirli. Ularning har biri Han Choi Wookning qo‘liga tushgan pulni qaytarib olishni istardi.

Ular atigi 3 kun ichida Han Choi Wookni butunlay moliyaviy barbod qilishlari kerak edi. Bu faqatgina pul masalasi emas, bu – adolat masalasi edi.

Los-Anjelesda qasos olish rejasi boshlanmoqda.

Charles 26 yoshda. Jungkook va Rheaning yaqin doʻsti. Model , qoʻshiqchi va aktyor.
Jozef . 27 yoshda. Jungkook va Rheaning doʻsti. Kompyuter mutaxassisi va xakker.

Los-Anjeles, 72 soat oldin

Han Rhea mehmonxona oynasidan shaharga tikildi. Yaltiroq chiroqlar, shovqin, hashamat – bularning barchasi unga endi begona edi. U faqat bitta narsani xohlardi – ota-onasining qotilidan qasos olishni.

Rhea o‘zining telefondagi maxsus ilovasiga qaradi. Jozef va Charles oldindan tayyorlagan rejaga ko‘ra, ular Han Choi Wookning barcha hisob raqamlarini aniqlab bo‘lishgan edi.

U ovozini pastlatib, eshikdan yangi kirib kelgan Jungkookga qaradi:
— Reja bo‘yicha ertaga biz mehmonxonadagi balga kiramiz.

Jungkook uning yoniga kelib, yonidan ohista pichirladi:
— Bu odam juda ehtiyotkor. Biz birgina xatolik bilan ham o‘zimizni ochib qo‘yishimiz mumkin.

Rhea jilmaydi, lekin nigohi sovuq edi.
— Biz xato qilmasligimiz kerak. Men bu kunni 15 yil kutdim.

Jozef yotoqxonaning burchagida kompyuterini ochdi.
— Bolalar, men Choi Wookning barcha tranzaktsiyalarini kuzatyapman. Uning asosiy hisob raqami bitta shaxsiy shifrlangan tizimda saqlanadi. Men bu tizimni buzishim uchun faqat bitta imkoniyat bor. Agar muvaffaqiyatli o‘tsa, undagi barcha pullar yo‘qoladi.

Charles divanga suyanib, kulimsiradi.
— Demak, faqat hisob raqamlar emas, balki uning kolleksiyalaridagi qimmatbaho taqinchoqlarni ham o‘marishimiz kerak. Axir rafiqasi ularni juda yaxshi ko‘radi, shunday emasmi?

Jozef boshi bilan ma’qulladi.
— Aynan. Agar bu oilaning pullaridan boshqa hamma narsasi yo‘qolsa, ular bir-birlarini yeb bitirishadi.

Jungkook Rhea tomonga o‘girildi:
— Yaxshi, hammasi joyida. Lekin shuni bilib qo‘y, bu birinchi va oxirgi imkoniyat. Biz 3 kun ichida ishni bitiramiz.

Rhea unga tik boqdi.
— Unda boshlaymiz.

Los-Anjeles

Los-Anjeles, 48 soat oldin

Bal kechasi.

Shaharning eng nufuzli mehmonxonalaridan birida yirik biznesmenlar yig‘ilgan. Han Choi Wook o‘g‘li Ji Sung bilan zalning markazida turardi. Rafiqasi esa hashamatli taqinchoqlar taqib olgancha, atrofdagilar bilan suhbatlashardi.

Ularning ortida esa bir juft ko‘z kuzatuv olib borardi – Han Rhea.

Rhea atrofga nazar tashladi. Charles sahna yaqinida qo‘shiq aytayotgan edi. Uning ovozi zalni o‘ziga jalb qilgan. Shu bilan birga Jungkook ham mehmonlar orasida erkin harakat qilmoqda edi.

Rhea asta Han Choi Wookga yaqinlashdi. Uning yuragi shiddat bilan urardi. Bu odam unga eng yomon hayotni bergan odam edi. Lekin hozir u Rhea haqida hech narsa bilmasdi.

Rhea unga yaqinlashib, soxta tabassum bilan yuziga tik qaradi:
— Janob Han, men siz bilan tanishishdan mamnunman.

Choi Wook unga befarq boqdi.
— Siz kimsiz?

Han Choi wook 54 yoshda. Rheaning oʻgay amakisi.

Rhea jilmayib, qo‘lini siqdi.
— Lalisa Manoban. Qo‘shiqchi va model.

Choi Wookning yuzi biroz yumshadi.
— Oh, sizni taniyman. Sizning konsertlaringizni rafiqam yaxshi ko‘radi. Juda chiroyli ayolsiz.

Rhea qotib qolgisi keldi. Uning nigohi nafratga to‘ldi. Lekin u o‘zini ushladi va yengil kuldi:
— Rahmat, janob Han.

U atrofga qarab, Jozef va Jungkookni ko‘zlari bilan izlab topdi. Reja ishlayotgan edi.

Jozef soatiga qarab, xayolida o‘zini ovutdi:
"Menda atigi 10 daqiqa bor. Hisob raqamlarni buzib kirishim kerak."

Jungkook esa xonasiga kirib, Choi Wookning bank kartasidan pul o‘tkazishni boshladi.

U jilmaydi.
— O‘yin boshlandi.

Ular mehmonxonani tark etayotgan payt Han Ji Sung kutilmaganda Rheaga tikildi.

Uning ko‘zlari xiyol qisildi.
— Qiziq... Men sizni ilgari qaerdadir ko‘rganman, shunday emasmi?

Rhea yuragini ushladi. U meni tanidimi?!

Han Ji Sungning nigohi Rheadan uzilmasdi. U biroz shubhali jilmayib, qo‘lidagi ichimlikdan ho‘pladi.

— Sizni ilgari qaerdadir ko‘rgandekman...

Rhea bir lahza o‘zini yo‘qotgandek his qildi. Uning miyasi chaqmoqdek ishlay boshladi. Bu shunchaki tasodifmi yoki u meni tanidimi?

Jungkook yonidan asta o‘tdi va past ovozda shivir qildi:
— Tabassum qil. Hech narsa sezdirma.

Rhea chuqur nafas oldi va Han Ji Sungga yoqimli jilmaydi.

— Balki siz Instagram yoki shou-biznes yangiliklarida ko‘rgandirsiz. Oxirgi paytlarda juda ko‘p intervyu berib yuribman.

Ji Sung bosh chayqadi, ammo shubhali nigohi hali ham Rheadan ketmasdi.

— Balki... Lekin sizning nigohlaringiz juda tanish. Qachonlardir sizni ko'rgandayman

Ji Sung. 28 yoshda. Rheaning oʻgay amakivachchasi

— Hayotda ba’zan shunday bo‘ladi. Ehtimol, men kim bilandir o‘xshashdirman.

Han Ji Sung kulib qo‘ydi va ichimligini yana bir marta ho‘pladi.

— Balki...

Lekin bu suhbat Rheadan oldin Jungkookning g‘azabini qo‘zg‘adi. U Han Ji Sungning yuziga tik boqdi va Rhea oldinga yurishi bilan sekin orqasidan ergashdi.

Jozef quloqchinlarini olib, tizzasiga urildi. "Barcha fayllar yuklab olindi!" U darhol shifrlangan kodlarni buzib, Han Choi Wookning barcha hisob raqamlarini bloklashga tayyor edi.

Charles esa o‘z vazifasini bajarayotgan edi – mehmonlarning e’tiborini tortish.

Lekin hech kim bitta muhim narsani sezmay qoldi.

Zalning burchagida turgan Han Choi Wook Rhea bilan o‘g‘lining suhbatini kuzatib turgan edi. U qoshlarini chimirib, o‘ziga past ovozda gapirdi:

— Qiziq... bu qizning nigohlari menga kimnidir eslatyapti...

Ular baldan chiqib, mehmonxonaga qaytishdi.

Jozef darhol noutbukiga o‘tirib, tizimlarni tekshira boshladi.
— Barcha hisoblar ochildi. Lekin 24 soat ichida hamma narsani bitirishimiz kerak. Keyin hammasi yopiladi.

Rhea deraza oldida turardi. Uning ongi o‘yin ichida edi. Han Ji Sungning nigohlari, Han Choi Wookning shubhali qarashlari... Ular meni tanib qolishdimi?

Jungkook esa orqasidan sekin yaqinlashdi va shivirladi:
— Sen bugun juda xavfli harakat qilding.

Rhea unga yuzlandi.
— Shubhalanmayapti deb o‘ylaysanmi?

Jungkook lablarini qattiq tishladi. U Rhea uchun xavotirda edi. U doim shunday bo‘lgan. Lekin bu safar o‘yin haddan tashqari xavfli edi.

— Bu ishni tugatib, ketamiz. Bu safar sening hayoting o‘yin emas.

Rhea unga yaqin keldi va pichirladi:
— Men uchun bu shunchaki o‘yin emas. Bu mening hayotim.

Uning nigohlarida g‘azab va qasos bor edi.

Jungkook bir lahza jim qoldi. U har doim Rhea uchun jonini berishga tayyor edi. Lekin hozir, ilk bor, u bu qizning yuragida hissiyot emas, balki nafrat borligini tushundi.

Charles divanda yotgancha ularni kuzatardi. U Rheadan ko‘z uzmasdi.

"Bu qiz shunchalik chiroyli... lekin uning qalbi hamon og‘riq bilan to‘la."

Lekin bu ish hali tugamagan edi....

Mana angelicaslarim Now you see me yangi ffmizning birinchi qismini tugatib oldik. Birinchi qismi unchalik qiziq boʻlmasligi mumkin. Lekin keyingi qismlari bundanda qiziq bolishini vaʼda beraman. Xato va kamchiliklar uchun uzr soʻrayman.

Kommentariyada fikrlarizni kutaman.

Sizlar bilan Kim Rona boʻldi 😉