Imom Buxoriy hayot yo‘li haqida eng ishonchli o‘zbek tilidagi asar
O'zbeklar musulmon o'lkalariga borganda, falon yurtdan yoki shahardan keldim, desa ular bilmasligi mumkin. Ammo Imom Buxoriy yurtidanman desa, ko'zlari porlab, yuzlariga tabassum paydo bo'lib, yaqin insonini ko'rgandek, quvonib ketishadi. Sababi Imom Buxoriyni islom dini uchun, payg'ambarimiz hadislarini yoyish uchun qilgan xizmati juda katta.
Achinarlisi, o'sha o'zga yurtlardagi musulmon birodarlarimiz Imom Buxoriyni bilsayu, biz o'z vatandoshimiz haqida, uning qilgan ishlari haqida bilmasak, uyat bo'lar. Shu boisdan ham Imom Buxoriy hayoti, ilm yo'lidagi zahmatlari haqida bilish biz uchun burchdir.
Ahmad Muhammad Tursun qalamigga mansub "Sohilsiz dengiz" kitobi esa ana shu ehtiyojimizni qondiruvchi eng yaxshi qo'llanmadir. Sababi bu kitob eng ishonchli manbalar asosida, to'qima bo'yoqlarsiz yozilgan asar hisoblanadi. 254-sahifali kitobni yozishda muallif 16ta muhim manbadan foydalangani kiritilgan.
Kitobdagi voqealar Imom Buxoriyning otasi Ismoilning uylanish arafasidagi voqealardan boshlanib, Imom Buxoriyning so'nngi kunlarigacha bo'lgan jarayonlarni qamrab oladi.
825 yil Al Buxoriy o‘z onasi va akasi Ahmad bilan birga haj safarini amalga oshirish uchun Makka va Madinaga yo‘l olishadi. Ziyoratni amalga oshirgach, onasi va akasi Buxoroga qaytib kelishadi, u esa turli musulmon davlatlari bo‘ylab sayohat qilib, o‘z davrining taniqli ustozlaridan ta’lim olgan.
- Hayotining 42 yilini izlarishlar bilan o‘tkazadi.
- “Al-jome’ as-Sahih” kitobiga 1080 ta muhaddisdan hadis kiritgan.
- "Al-jome’ as-sahih"dagi hadislarning soni 7397 tani tashkil etadi.
- 600 mingga yaqin hadis to‘plagan.
- 100 ming «sahih» va 200 ming «g‘ayri sahih» hadisni yoddan bilgan.
- 20 dan ortiq kitob tasnif etgan.
Imom Buxoriyning hayot yo'lini bir nechta bosqichga bo'lish mumkin.
- Buxoriyning qobiliyati, ilm yo‘lidagi zahmati, umrini hadis yig‘ish mashaqqatiga sarflashi, bir dona hadis uchun minglab chaqirib masofa bosib borishi.... bir olam
- Kundan kunda hadis ilmidagi nomi yoyilib, musulmon o‘lkalariga tarqalgach, Buxoriyni yo‘q qilish uchun o‘sha davrdagi hasadchi ulamolar, hukmdorlar, fitnachilar kurashi, hadislarni o‘zgartirib, imtihon qilib Buxoriyni obro‘ysizlantirolmagach boshqa usulda unga qarshi kurashlar uyushtirilishi, o‘z yurtidan chiqib ketishiga majbur bo‘lishi, hatto Buxoriyni yolg‘onchiga chiqarib, boshqa yurtlarga ham xat yubortirgan va kiritmaslikni aytgan hukmdorlarning hasadlari... bir olam
- Shuncha sinovlarga qaramay barchasini Allohdan deb bilgan, umrini hadis ilmi uchun sarf etgan Buxoriyni butun olam islom ulamolari tan olishi, ko‘rishga intilishi, qaysi yurtga borsa undan hadis eshitishga oshiqadigan odamlarning to‘lib toshishi, bugungacha uning hadis ilmining sultoni deb bilishiyu, uni yo'q qilmoqchi bo'lganlarning o'zlariyu, nomlarini tarix sahifalaridan yo'q bo'lib ketishi... bular bir olam.
FITNA YO'LIDAGI ISHLARDAN AYRIM MISOLLAR
Hamma davrda bo'lgani kabi Buxoriy davrida ham ilm ahliga, olimlarga qarshi fitnalar, ularni yo'q qilish maqsadida kurashlar bor edi. Bu voqealarni o'qir ekansiz, qalbingiz titrab ketadi, ko'zingizdan yosh keladi.
Ana shu voqealardan biri Buxoriy yurtidagi fitnalardan charchab, do'stlari, hadis ilmidagi ustozlari yashaydigan Naysobur shahrida borganda ham bo'ladi. U yerdagi fitnachilar Imom Buxoriy va uning ustozi Muhammad ibn Yahyo Zuhliy (Imom Zuhliy) o'rtasiga sovuq tushirishga erishadi. Buxoriy Qur'onni maxluq deb atadi, degan yo'lg'on xabar bilan ustoz va shogirdni bir-biriga dushmand qilib qo'yadi. Buxoriy bilan birga Imom Zuhliydan tahsil olgan Imom Muslim ham ustozi bilan kelisha olmay qoladi. Imom Zuhliy Imom Muslimga "agar Buxoriyga ergashsang, meni huzurimga boshqa kelma" degan shartni qo'yadi. Bu gaplardan keyin Imom Muslim Imom Zuhliydan yozib olgan barcha hadislarini to'plab Zuhliyni huzuriga keltirib tashlaydi va umrining so'nngiga qadar hadis to'plab, kitobiga birorta ham Imom Zuhliydan rivoyat qilingan hadisni kiritmaydi. Bu Imom Muslimning Imom Buxoriyga hurmati va ishonchi edi.
Imom Zuhliy esa bu bilan tinchimaydi. Islom keng yoyilayotgan barcha yurtlarga , jumladan Buxoro amiriga ham "Imom Buxoriy Qur'oni maxluq dedi, undan hadis eshitmanglar" mazmunida maktub yo'llab, xalqni buyuk olimga nisbatan nafratini uyg'otishga harakat qiladi.
Imom Buxoriy ilmi, qobiliyati kuchli ekanligini, hadislarni yod olib odamlarga yetkazib berishni, iqtidorini ko'rolmaydiganlar orasida hatto xalifa Ma'mun ham bor edi. Abbosiylardan bo'lgan, xalqni adolat bilan boshqargan Xorun ar-Rashidning o'g'li bo'lgan Ma'mun otasidek emas, balki fitna yo'lini tanlaydi. U ham Buxoriyni obro'sizlantirish yo'lida kurash olib boradi.
Buxoriyni ko'rolmas hasadchilar ko'p edi. Masalan, otasining mansabidan foydalanib, Buxoro qozisi bo'lgan Mazhariddin ibn Javhariddin. Aslida u Buxoriy bilan birga Muhammad ibn Yahyo Zuhliydan tahsil olgan. Ammo Buxoriy ilm va iqtidorda undan o'zib ketgach, Mazhariddin boshqa yo'ldan, ya'ni mansab pillapoyasini egallash yo'lidan boradi. U Buxoriyni yomon ko'rib qoladi, hasad qiladi. Musofirlikdan ona yurtiga qaytgan Buxoriyni o'sha paytdagi Buxoro amiri Xolid ibn Ahmadga yomonlab, " Buxoriy xalqni o'ziga og'dirib oldi, chora ko'rmasangiz xalq sizdan yuz o'giradi" deya fitna qiladi.
Kitobda shuningdek, Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofiiy kabi olim va ilm ahli boshiga tushgan sinovlar haqida ham ma'lumotlar keltirilgan.
Allohning dinida xolis turgan olim hayotda to‘rt narsaning mashaqqatini albatta tortadi: dushmanlari uni ko‘rolmaydi, do‘stlari masxara qiladi, johillar g‘iybat qiladi, ulamolar hasad qiladi. Bularga sabr qilgan olimga Alloh taolo buning badali uchun to‘rt ne’matni: izzul qanoat, lazzatul ilm, haybatul yaqiyn va hayotul abadni (qanoat azizligi, ilm lazzati va abadiy hayotni) in’om etadi. Hasadidan, alamidan o‘zini qo‘ygani joy topa olmayotgan bu ko‘rolmaslar nahot shu - haqiqatni tushuna olishmasa?!
– Ha, inson zoti borki, Alloh uni har kuni, har qadamda bir imtihonga soladi. Ayniqsa mo‘minlik da’vosini qilguday bo‘lsak, Yaratganning sinoviga hamisha tayyor turishimiz zarur. Boshiga musibat kelmagan, ofat bilan balolanmagan mo‘min o‘z hayo tidan qo‘rqishi lozim. O‘tgan salaflarimizning hayotlari ham yaxmalak kabi silliqqina, toshbaqaniki kabi xotirjamgina o‘tmagan.
Ushbu kitob kitob javoningizda albatta turishi lozim bo'lgan kitoblardan biridir. Avvalo o'zingiz o'qing, vaqti kelib farzandlaringiz ham o'qib, ulug' vatandoshimiz siyratini yaxshiroq tanib olishga muvaffaq bo'ladi.
© Komiljon Aslonov - kanalini kuzatib boring.