July 18, 2025

"Islomga bag'ishlangan umr" kitobi haqida

Benjamen Franklinni shunday so'zlarini o'qigandim: "O‘limingizdan so‘ng unitilishni istamasangiz — yo o‘qishga arziydigan narsalar yozing, yoki yozishga arziydigan ishlar qiling".

Dunyoda shunday insonlar borki, yuqoridagi holatlarning har ikkala jihati ham ularga taalluqli bo'ladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ana shunday insonlardan biri edi. U inson yozgan kitoblari asrlar osha qo'lma-qo'l bo'lib yashaydi. Din va islom yo'lida, ilm yo'lida qilgan xayrli ishlari esa xotira kitoblarida eslanaveradi. Chunki, bu ulug' inson haqida xotira yozayotgan va yozmoqchi bo'lgan insonlar ko'p. Sababi juda ko'p insonlar bevosita va bilvosita Shayx hazratlaridan ilm o'rganganlar, audio va video ma'ruzalaridan hamon ilm o'rganmoqdalar. Ularning har biri ustozlari haqida kitob yozishni istaydi va yozishyapti ham.

Bag'ishlov va xotira kitoblari bir inson haqida yozilsada, mazmuni, yozilish uslubi jihatidan farqlanadi. Ayniqsa, kitob qahramoni yonida, yaxshiyu va yomon kunida u bilan birga bo'lgan inson tomonidan yozilgan xotira kitobi esa qiymatliligi jihatidan qadrlidir.

"Islomga bag‘ishlangan umr" kitobi ana shunday bebaho kitoblardan biridir. Sababi bu kitob, Shayx hazratlarining bolaligidan to umrining so'ngiga qadar, yaxshiyu yomon kunida, quvonchli va sinovli kunlarida, safar mashaqqatlarida yonida suyanchiq bo'lib turgan ukalari Muhammad Amin Muhammad Yusuf tomonidan yozilgan. Shu jihatdan ishonchliligi va voqealarning ibratliligi bilan qadrlidir.

Kitob nima haqda?

Kitobdagi voqealar Shayx hazratlarining ota tomonidan bobo va buvilari Boybo'ta ota va Qunduzxon aya, hamda ona tomonidan bobo va buvilari Tilakberdi ota va Hayit aya xotiralari bilan boshlanadi. Voqealar Shayx hazratlarining otalari Muhammad Yusuf domla va onalari Sobiraxon aya bilan bog'liq xotiralarga ulanadi. Chunki Shayx hazratlarini sizu biz bilgan va dunyo tan olgan ulug' olim, din peshvosi, 100 lab kitoblar muallifi bo'lib yetishishiga avvalo Allohning marhamati, so'ngra esa bu insonlarning mehnati, qilgan ishlarining hissasi kattadir.

Ilm yo'lida ilk qadamlar

Shayx hazratlarining otalari Muhammad Yusuf domla cho'ponlik qilib, oila tebratardi. U kishi farzandlarining kelajagini o'ylab, islom ilmini o'rganishni va farzandlariga islomiy ta'lim, tarbiya berishni niyat qiladi. Buning uchun esa o'sha davrdagi Sobiq Ittifoqda mavjud yagona diniy ilm maskani Buxorodagi Mir Arab madrasasiga borib o'qish lozim edi. Ammo, Buxoroga borish uchun ayoli va yosh go'dagini Andijonga qoldirish kerak edi. Sobiraxon aya yosh bolasiga qarash bilan birga, cho'ponlik qilishga ham tog'ri kelardi. Muhammad Yusuf domlaning boshi qotadi. O'sha davrdagi ilm egalari, ulamolardan bu masala bo'yicha maslahat so'raydi. Ular "ilm o'rganing" deya tavsiya berishgach, Muhammad Yusuf domla qiyin bo'lsada, ayolini qoldirib, Mir Arab madrasasiga o'qishga ketadi. Kitobda bu qiyin kunlar haqida batafsil o'qib olishingiz mumkin.

Yana bir voqea

Muhammad Yusuf domla ilm o'rganib, oilasi bag'riga qaytgan oilasi, farzandlarini pokiza luqma, islomiy tarbiya va ta'lim bilan tarbiyalashga nihoyatda katta e'tibor qaratadi. Hatto, jufti haloli Sobiraxon ayaga go'dak farzandi Muhammad Sodiqqa "Tahoratsiz ko'krak tutmang" deya tayinlaydi. Qanchalik qiyinchilik tug'dirmasin, bu topshiriqni bekamu ko'st bajarishga harakat qiladi, Sobiraxon aya. Ehtimol, bu ham Shayx hazratlaridek, ulug' insonning den peshvosi bo'lib yetishib chiqishiga sabablardan biri bo'lgandir.

Va yana ...

Shuningdek kitobda Shayx hazratlarining turli davlat lavozimlarida tayyorlanishi, faoliyati, sinovli va og'ir kunlari, u kishiga qilingan fitnalar, yurtdan chiqib ketishiga sabab bo'lgan og'riqli kunlar, safar mashaqqatlari, ota-otasidan ayrilgan og'riqli damlar, islom va din yo'lida qilgan xayrli ishlari, yurtga qaytishi va kitoblari yozilishi tarixi bilan bog'liq voqealar bayon etilgan.

Xulosa...

Ushbu kitob uzoq tanaffuzdan so'ng yaqinda qayta nashr etildi. Ko'pchilik kitobni qayta nashr etilishini intizorlik bilan kutdi. Chunki, har bir inson Shayx hazratlarining umr yo'li, ilm o'rganishdagi mehnatlaridan ibrat olishni istaydi.

Bu kitobni javoningizdagi kitoblar orasiga albatta qo'shib qo'ying. Va albatta vaqti vaqti bilan mutolaa qiling. Ehtimol, sizning farzandiz, nabiralaringiz orasidan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdek ulug' insonlar chiqishiga bu kitob sabablardan biri bo'lib qolar...

Hazrat Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan va u kishini tarbiyalab, voyaga yetkazgan ota-onalari, bobo-buvilaridan Alloh rozi bo'lsin!

© Komiljon Aslonov