Musulmonlar va yahudiylar talashadigan maskan
Yer yuzida shunday joy borki, yahudiylar ham, musulmonlar ham, boshqa din vakillari ham bu joyni o'zlari uchun muqaddas joy deb atashadi.
Bu joy hozirda Falastinning Quddus shahridadir. Nomi — Masjidul Aqso (Al-Masjid al-Aqso) maskanidir. Masjidul Aqso bir emas bir necha masjidlar majmuasidir. Hududi 140 gektarga yaqindir. Xo'sh:
❓Nima uchunbu joyni bir nechta din vakillari o'zlarining muqaddas maskani deb biladi? ❓Bu ibodat maskani qachon qurilgan? ❓Bu joyni kim bunyod etgan? ❓Qaysi payg'ambarlar bu joyga tashrif buyurgan? Hozir shu haqda ...
Masjidul Aqso masjidi Al-Masjid al-Harom va al-Masjid an-Nabaviylardan keyin Islom dinidagi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Islomdan ilgari arablar, undan keyin musulmonlar Masjidul Aqso tomonga qarab ibodat qilganlar. 624-yilda Makkadagi Kaʼba qibla deb eʼlon qilingandan keyin u tomonga qarab ibodat qilish toʻxtatilgan.
Masjidul Aqso qachon qurilgan?
Masjidul Aqsoni qachon qurilgani haqida aniq ma'lumot yo'q. Ammo bu maskan nomi zikr etilgan Qur'on oyatlari, payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vassallam hadislari bor. Mana bu hadisda ham bu joyni qachon qurilganligi haqida taxmin qilish mumkin.
Abu Zarr roziyallohu anhu aytadi: «Ey Allohning Rasuli, yer yuzida qaysi masjid birinchi bo‘lib qurilgan?» dedim. U zot: «Masjidul Harom», dedilar. «Keyin qaysi?» dedim. U zot: «Masjidul Aqso», dedilar. «Ikkovining orasida qancha o‘tgan?» dedim. U zot: «Qirq yil. Qachon bo‘lmasin, senga namoz to‘g‘ri kelsa, darhol o‘qib ol, chunki fazilat shunda», dedilar» (Buxoriy rivoyat qilgan).
1) Rivoyat qilinishicha, birinchi bo‘lib Baytni, ya’ni Baytul Haromni Odam alayhissalom qurganlar. Baytul Maqdisni u kishidan qirq yil keyin o‘g‘illari qurgan bo‘lishi mumkin.
2) Ibn Hishom «Kitobut-tiyjon»da: «Odam Ka’bani qurgach, Alloh unga Baytul Maqdis sari borib, uni ham qurishga buyurdi. U zot uni qurib, unda ibodat qildilar», degan fikrlar bor.
3) Ibn Javziy bu nomuvofiqlikka shunday javob bergan: «Ka’bani ilk bor qurgan zot Ibrohim alayhissalom emas. Baytul Maqdisni ilk bor qurgan zot Sulaymon alayhissalom ham emas… Bizga rivoyatlarda yetib kelishicha, Ka’bani ilk bor Odam alayhissalom barpo qilganlar. Keyin u zotning avlodlari yer yuzida tarqab ketishgan. Ularning biri Baytul Maqdisni qurgan bo‘lishi mumkin. Keyin esa, Qur’onda aytilganidek, Ibrohim alayhissalom Ka’bani qurganlar» («Fathul Boriy», 6-jild, 407-bet).
4) Qurtubiy shunday degan: «Bu hadis Ibrohim va Sulaymon alayhimassalom birinchi bo‘lib ikki masjidning poydevoriga asos solganiga dalolat qilmaydi, ularning ishlari boshqalar qurgan masjidni yangilash bo‘lgan».
Ko'rinib turibdiki, bu dargohni qachon, kim tomonidan qurilgani haqida aniq ma'lumot yo'q. Ammo, eng qadimiy maskanlardan biri ekanligi ma'lum.
Masjidul Aqso nega mo‘minlar uchun muqaddas?
Musulmon olami uchun Quddusdagi Al Aqso masjidi alohida ahamiyat kasb etadi. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam Me’rojga (ya’ni arshi a’loga) farishta Jabroil alayhissalom bilan birga aynan Aqso masjididan ko‘tarilganlar. Shuningdek, bu joyda “Isro” kechasi jamiki paygambarlar Paygambarimiz Mahammadning (sollallohu alayhi va sallam) orqalarida turib namozga iqtido qilganlar. Payg'ambarimiz Buroq otiga minayotganda bir toshning ustiga chiqib, so'ng otga minadilar. Hozirda bu tosh atrofi o'ralib, maxsus bino qurilgan.
1967 yildan boshlab bu joyga musulmonlarni bemalol kirishi to'xtatilgan. Shu yili bu joy Isroil tasarrufiga o'tgan. Kirish uchun hukumatining ruxsati kerak bo'ladi. 1969 yilda bu joyga avstraliyalik sionizm tarafdori tomonidat o't qo'yib yuboriladi. Ammo o't tezda o'chirilib, falastinliklar tomonidan maskan qayta tiklanadi.
Masjidul Aqso joylashgan maydonda yahudiylar Yig‘i devori deb atab e’tiqod qiladigan joy ham bor. Yahudiylar o‘zlari muqaddas deb ataydigan ushbu maydonga bemalol kiradi. Ammo musulmonlarning bemalol kirib chiqishga yo'l yo'q.
Nima uchun bu joyni bir nechta din vakillari o'zlarining muqaddas maskani deb biladi?
Sababi, bu joy bir qancha payg'ambarlar ibodat qilgan qadamjodir. Bu maskanda dafn etilgan paygambarlar va Payg'ambarimiz Mahammadning (sollallohu alayhi va sallam) sahobalari soni ma`lum emas. Ana shu masjid qurilishida vafot etgan Sulaymon (alayhis salom) ham shu yerga dafn etilganlar.
Ushbu maskan haqida yana batafsil ma'lumotlarni 👉 ushbu videoda 👈 ko'rishingiz mumkin.
Ushbu ma'lumotlar sizga manzur bo'lgan bo'lsa boshqalarga ham ulashing
Kanalga ulanish: @komiljon_aslonov
__