April 23, 2023

Nafsni yengish va Allohga do‘st bo‘lish yo‘llari haqidagi asar 

© Komiljon Aslonov

ASAR HAQIDA

Fotih Duman qalamiga mansub ushbu asardagi asosiy voqealar NAFS va VIJDON o‘rtasidagi kurashdan iborat. Biroq voqealar asar qahramonlari tilidan bayon etiladi. Bir safar kitob muallifi tilidan bayon etilsa, boshqa safar uning nafsi gapiradi voqealarni. Shuningdek, asardagi bosh qahramonlar, Qozi Mahmud Afandi, Bakr afandi, Eskifurush Mahmud ota, Muhyiddin Uftoda shayx hazratlari tomonidan ham so‘zlab beriladi, voqealar. Ularni bog‘lab turgan narsa esa Nafsdir. Barchalari nafsga qarshi kurashish yo‘lida o‘zini, vijdonini qiynaydi.

Asardagi voqealar, ya'ni NAFSNI YENGISH va ALLOHGA DO‘ST bo‘lish uchun bosib o‘tilgan yo‘l martabalarga bo‘lingan holda ochib beriladi. Bular*:

1. Nafsi ammora. Nafsi bu maqomda bo‘lgan kimsa Haqni inkor etadi, har doim yomon ishlarni qilishni rejalashtirib yuradi. Nafsi ammora – kofirlar va munofiqlarning nafsi. Bu bosqichda bo‘lgan kimsalarda vasvasa bo‘lmaydi, ular jahannamdan qo‘rqmaydi. Bu toifa Alloh taolodan boshqa hamma narsadan qo‘rqadi

2. Nafsi lavvoma (o‘z-o‘zini ayblash)

3. Nafsi Mulhima – bu martabada inson Allohdan ilhom oladigan darajaga yetgan bo‘ladi. Nafsi bu maqomda bo‘lganlar solihlardir. Ular o‘limdan qo‘rqadi, hisob berishning og‘irligidan yanada qattiqroq qo‘rqadi. Ular halol va haromga diqqatli bo‘lgan kishilardir.

4. Nafsi mutmainna: Yetuklik maqomi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda mutmainnadir. Bu maqomda banda nafsining hoyu havaslarini jilovlab olib, uni sokinlashtirgan bo‘ladi.

5. Nafsi roziya: Bu maqomda hali Alloh taolo nafsdan rozi bo‘lgani yo‘q, faqat nafs Allohdan rozi bo‘lgandir.

6. Nafsi marziya: Fe’llarning tajalliy etish maqomi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda marziya otini oladi. maqom bandalar yetisha oladigan eng yuksak martaba, bu darajaga yetgan qullar faqat payg‘ambarlik rutbasiga yeta olmaydilar, xolos. Bu maqom ilohiy ism va sifat nurlarining tajalliysi chaqmoq kabi chaqnab g‘oyib bo‘lib turadigan maqomdir. Bu martabada nafs Alloh taolodang rozi, Alloh taolo ham nafsdan rozidir.

7. Nafsi komila yoki sofiya: Bu nafs payg‘ambarlarning, ulug‘ avliyolarning va xoslarning nafsi bo‘lib, nafsi natiqa bu maqomda sofiya nomini oladi. Bu martabada bo‘lgan buyuklarning ko‘nglida Zoti ilohiyning nurlari chaqmoq kabi chaqnab turadi va so‘nmaydi, har damda tajalliy etib turadi...

VOQEALAR

Kitob muallifi hayotdan siqilib, tushkun yurgan kunlarida bir kitob do‘koniga kirib qoladi. Tavakkaldan, nomiga, ichidagi yozuvlariga e’tibor bermay u kitobni xarid qiladi. So‘ng ko‘cha aylanadi, dengiz bo‘yiga boradi. Shu joyda olgan kitobi yodiga tushib qolib, uni varaqlay boshlaydi. Avvaliga e’tiborsiz varaqlab, so‘ng undagi so‘zlar muallifni e’tiborini tortadi. Kitob "Men siz bilan dardlashadigan o‘sha nafs haqida hikoya qilib beraman. Shunday ekan, bu kitobni nafsingiz tilidan xitob qilinadigan bir hikoya deb qabul qilgaysiz..." degan satrlari bilan boshlanadi.

Kitob nafsga qarshi qattiq kurashib uni yengan Aziz Mahmud Xudoiy haqida edi. Muallif qiziqib qoladi.

- Aziz Mahmud Xudoiy kim o‘zi? - U nafsni qanday yenggan? - Hayotda yashagan insonmi yoki to‘qimami?

degan savollar qiynaydi. Hatto internetda qidiruv berib, bu inson haqiqatan yashab o‘tganligi haqida qisqa ma’lumot topadi. Shundan so‘ng kitobni o‘qishga tushadi.

Kitobdagi voqealar goh muallif tilidan, goh nafs tilidan, goh Mahmud afandi tilidan bayon etilgan holda bog‘lanib boraveradi. Qozi Mahmud Afandini qozi darajasiga yetishiga uning ustozi Nosirzoda Ramazonning mehnati singadi. Ustozi vafot etgan Mahmud afandini Nafs yo‘ldan urishga, taqvosidan ayirishga, yomon yo‘l sari boshlashga tinmay ta’qib eta boshlaydi.

... Asardagi yana bir qahramon Bakr afandidir. U kishi nihoyatda halol va kamtarin inson edilar. Moddiy jihatdan kambag‘al edi. Shu sababdan necha yillik orzusi bo‘lgan Haj ziyoratini ado etish orzusiga yetisha olmasdi. Bu orzusiga yetishi uchun tunlari yilab, yolvorib Allohdan madad so‘rardi. Kunlardan bir kuni Haj mavsumi boshlanish arafasida ayoliga Hajga borishligi aytadi. Buni eshitgan ayoli, uni yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ladi.
- O‘zingiz yaxshi bilasiz, moddiy ahvolimiz og‘ir. Haj amali imkoni borlar uchundir. Biz bundan hozir soqitmiz, ayb emas borolmasligimiz, — deydi.

Buni eshitgan Bakr afandining nihoyatda jahli chiqadi. "Necha yillik, orzuyimdan ayirmoqchimisan. Allohga qasamki ... agar men Hajga bora olmasam, boshing ochiq" deya uch marta qasam ichib yuboradi va uyidan chiqib ketadi.

Jahl ustida ichib yuborilgan bu qasam Bakr afandini qalbini tirnaydi. U xato ish qilib qo‘yganini bilib afsus qiladi. Bir chekkada chiqib, toshlar ustiga o‘tirib yum-yum yig‘laydi. Shunda kimdir uni yelkasini turtadi. Burilib qarasa bozorda eski buyumlar sotuvchi Eskifurush Mahmud otani ko‘radi. Unga bo‘lib o‘tgan voqealarni aytgach, Bakr afandi unining qo‘lini tutadi. Ko‘zlaringni yum deydilar. Bakr afandi ko‘zlarini yumadi, so‘ng, och deydi. Ko‘zlarini ochganda ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘zini Ka’batulloh qarshisiga ko‘radi. ....

Aziz o‘quvchi, siz nima deb o‘ylaysiz: bunday bo‘lishi mumkinmi? Bunga ishonmayapsizmi? Kitobda bu haqda quyidagicha iqtibos keltiriladi.

" Allohga Osiy bo‘lgan shayton har ishni qila olishiga ishonasan-u, Allohning izni bilan O‘zining do‘sti qila oladigan ishga nima uchun ishonmaysan?
... Alloh istasa, hamma narsa bo‘ladi".

Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng Bakr Afandining xotini Qozi Mahmud afandiga arz bilan keladi. Unga eri Bakr afandini qasam ichgani, so‘ng, bir kunda Haj ziyoratiga borib kelganini aytadi. Qozi Mahmud afandi Bakr afandini chaqirib, bu haqda so‘raganida, bo‘lgan ishlar rostligini, guvohlari borligi ham aytadi.

Xullas, asardagi asosiy voqealar rivoji ushbu moʻjizadan so‘ng boshlanadi. Qozi Mahmud afandi buning sirini bilishga qiziqadi. Bakr Afandini bir zumda Hajga olib borib kelgan Eskifurush Mahmud otadan bunga qanday erishganini bilishni istaydi. MAhmud ota esa buning uchun Allohga do‘st bo‘lish kerakligini aytadi. Bunga esa Nafsni yengib erishi mumkinligini tushuintiradi. O‘zi bunga ustozi Uftoda (Muhammad Muhyiddin) sabog‘i bilan shu darajaga erishganini aytadi.

Qozi Mahmud shayx Uftodani izlab topadi. Maqsadini aytganida, Uftoda bu ish nihoyatda qiyin ekanligini, buning uchun Nafsni yengish kerakligini aytadi. Qozi Mahmud har qanaqa shartlarni bajarishga rozi bo‘ladi. Shunda shayx Uftoda quyidagi so‘zlarni aytadi:

"... Sendan uch istagim bor. Mana shu eshikdan bu xonaqohga kirishing uchun uch narsadan voz kechasan.
Birinchisi - mol-mulkingdan voz kechasan! Chunki mol-mulk senga berilgan imtihondir. Mol-dunyo sevgisi bilan Alloh sevgisi bir qalbda aslo jamlanmaydi.
Ikkinchisi maqom- martabadan, shuhratingdan voz kechasan! Chunki shuhrat og‘uli o‘qqa o‘xshaydi. Shon-shuhratning lazzatini bir marta totib ko‘rgandan keyin butun dunyo meniki deb o‘ylaysan. nafsingni oyoqlaring ostiga olib, ezasan. Chunki insonning eng buyuk dushmani nafsdir, u har doim sen bilandir, ammo o‘zini senga sezdirmaydi. Modomiki bu dargohga kirishni istar ekansan, birinchi imtihoning shunday bo‘ladi: hozir borib, egningdagi mana shu mo‘ynani ham yechmasdan, yelkangga ok surp tashlab, bozorda, odamlar orasida yurib, jigar sotasan! Shu bugundan boshlab qozi emas, jigarfurush bo‘lasan.

Kimsan, shaharning bosh Qozisi Mahmud afandi uchun lavozim va boylikdan voz kechib, bozorda jigarfurushlik qilish nihoyatda qiyin ish edi. Bu esa NAFS uchun ayni muddao bo‘ladi. U Qozi Mahmud afandini yo‘ldan urishga, bu ishlar ahmaqona ish ekanligi haqida uqtirishga urinadi.

... Uftoda Qozi Mahmudni keyingi shartida hojatxona tozalovchisi bo‘lib ishlashga chiqairadi. Eh, voh... Nahot nafsni yengish shunchalar qiyin bo‘lsa, Allohga do‘st bo‘lish sinovlari shunchalar og‘ir bo‘lsa...

Kitobda asar qahramonlari tomonidan siz-u biz ishonishimiz qiyin bo‘lgan bir qancha g‘ayri-tabiiy voqelar sodir bo‘ladi. Masalan, Qozi Mahmud afandining (bu vaqtda u qozilikdan ketib, Qozi Xudoiy taxallusini olgan) qishning chillasida bog‘dan uzum olib kelishi, yo‘lda qorda botib qolganida g‘oyibdan bir kimsa (Hizr) kelib, uning chiqarib olishi va boshqalar. Ularning barchasi Allohning inoyati bilan sodir bo‘ladi. Buning uchun esa, banda Allohga yaqin do‘st darajasiga erishishi va Nafsini mag‘lub etishi lozimligi bayon etiladi.

Asarda qanday qilib, Nafsni yengish mumkin ekanligi haqida, Nafsning o‘zi so‘zlab beradi. Ibratli iqtiboslar borki, unda NAFSNI YeNGISH, ALLOHGA DO‘ST BO‘LISH YO‘LLARI keltirilgan.

Xo‘sh, yakunda Vijdon g‘olib bo‘ldimi, yoki Nafs? Buni o‘zingiz kitobni o‘qish jarayonida bilib olasiz...

ASARDAN IQTIBOSLAR:

... xayol sura olgan inson — erkin insondir. * * * ...inson eng g‘amgin paytida, boshiga bir mushkul tushgan paytda qo‘llarini duoga ochadi. Biror istagi amalga oshmay qolsagina Allohga yolvorib, iltijo qiladi. * * * ...Inson zoti har qanday narsaga “kerak emas” deya olishi mumkin, lekin pul, shahvat, shon-shuhratni rad qilishi juda qiyin. * * * ... eng yomon dushman — tanimagan dushmaningdir. * * * ... Allohga Osiy bo‘lgan shayton har ishni qila olishiga ishonasan-u, Allohning izni bilan O‘zining do‘sti qila oladigan ishga nima uchun ishonmaysan? * * * ... inson odamlardan uzoqlashib, tafakkur qilish uchun yolg‘iz qolsa, Allohga yaqinlashadi. * * * ... nafs degan narsa aslo o‘lmaydi. Uni o‘ldirib bo‘lmaydi. Sen uni begunoh, beozor deb o‘ylaysan. Ichingdan kelgan ovozlarni o‘zingniki deb bilasan. Lekin bu — nafsning ovozi. Nima qilsang ham u o‘lmaydi. Uni o‘ldi deb o‘ylagan paytingda birdaniga senga tashlanib qoladi. Yaratganga omonatingni topshirmaguningcha u ha tirik bo‘ladi. * * * ... nafsning ovozini o‘chirish uchun joningni qiynashing, kam yeb, kam gapirishing kerak. ... Bilginki, nafsning ovozi faqat Allohning zikri bilan o‘chadi, hoyu havaslarga qarshi mustahkam turiladi, shu yo‘l bilan dushmanlar o‘ldiriladi.

© Komiljon ASLONOV

(* - Nafs darajalaridagi izohlar muslim.uz saytidan olindi)