Shuhratning hibsdagi hayoti haqidagi asar
Shukrulloning "Kafansiz ko'milganlar" asarini o'qib dahshatga tushgandirsiz. Unda yozuvchi qanday qamalishiyu, qamoqdagi va mahbuslar lageridagi voqealarni va ozodlikka chiqish jarayonlarini bayon etgan. "Qush qafasda qanot qoqmaydi" asari ham xuddi shunday asar. Bunda adib Shuhratning qaysi ayblov bilan hibsga olinishi, sudda qanday aybni bo'yniga "ilish" uchun solingan qiynoqqlar, qamoq va mahbuslar lageridagi ko'rgan qiyinchiliklari, ozodlikka chiqishi va ozodlikda o'zini qamalishiga sabab bo'lganlar bir qancha odamlar (yozuvchilar uyushmasidagi hamkasblari, sudya va yozuvchiga tuhmat ayblovlar qo'yib, guvohlik berganlar ) bilan yana uchrashib qolishlari bilan bog'liq voqealar bayon etilgan.
Faqat bu asarning "Kafansiz ko'milganlar" asari bilan farqi, bu kitobni adib Shuhratning o'zi yozmagan, ammo shaxsan Shuhratni aytib turgan gaplari asosida uning kotibi, yozuvchi Mirzo Kenjabek so'zga ko'chirgan. Shuningdek, kitobdagi voqealar Shuhratning o'g'li, yaqinlari bergan ma'lumotlar va arxiv hujjatlari asosida boyitilgan.
Darvoqe Shuhrat Shukrullo bilan bir vaqtda qamoqqa olingan va har ikkisi ham Sibir o'lkalarida surgun qilingan. Kitobda Shukrullo bilan bog'liq voqealar ham kiritilgan. Bundan tashqari adib bilan birga tuhmat asosida qamoqqa olingan Said Ahmad, Maqsud Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy kabi yetuk adabiyot vakillari bilan bog'liq voqealar ham Shuhrat tilidan bayon etiladi.
Yozuvchi o'zining ilk marta tergov xonasiga tushib qolishi haqida so'zlab, bir kichik voqeani aytib beradi. Ta'kidlashicha, yozuvchi yomg'irli kunlarning birida ishdan chiqib, Xadradagi bir pivo xonaga kirib bir finjon pivo ichadi. So'ng, ko'chaga chiqib, uyiga ketish uchun mashina to'xtatadi. Shunda uning ortidan bir yigit yugurib kelib, mashinaga o'tirib oladi. Shu yerda janjal boshlanadi. Shuhrat mashinani men to'xtatdim, u meni uyga eltadi deydi. Haligi odam esa, yo'q, men ketaman bu mashina bilan deydi. Ikkisi, biroz qizishgach, haligi odam, yur militsiya xonaga, masalani o'sha yerda hal qilamiz deydi. Qizishib turgan Shuhrat ham "bo'pti, borsak, boramiz" deb, ikkalasi militsiya xonaga boradi. U yerdagi mas'ullardan biri voqeani eshitib, boshqa bir xodimga telefon qiladi. Telefonda u "mast bezorini tutdik" deb xabar beradi. "Men bezorilik qilganim yo'q" deyishiga qaramay, adibni boshqa bir xonaga , qamoqxonaning eski xonasiga tiqib qo'yishadi. Sochlarini olib tashlab, bir kecha shu yerda qoldiradi.
Qizig'i, yozuvchi bilan kelgan va janjalni boshlagan haligi odamni qo'yib yuborishadi. Yozuvchi keyin biladiki, bu odam "yollanma" organ xodimi bo'lib, pivoxonaga ketayotganlarni kuzatib turadigan va so'ng, bahona bilan mirshabxonaga olib boradigan inson bo'ladi.
Ana shu pivo voqeasidan so'ng adibga nisbatan kuzatuv va ayblovlar qo'yish ishlari boshlanadi. Yozuvchilar uyushmasidagi ishidan bo'shatishadi. Va hokazo...
Yana bir voqea: Yozuvchi Qirg'izistondagi Frunze shahriga qarindoshlarinikiga borib kelgandan so'ng boshlanadi. Unga "go'yoki, Qirg'iz respublikasi orqali Xitoyga qochib ketmoqchi bo'lgan" deya ikkinchi ayblovni bo'yniga iladi.
... Xullas, yozuvchi qamoqqa olingach, unga asosiy ayb, Muhiddin Komilov degan tuzgan "Milliy istiqlol tashkiloti" a'zosi ekanligini bo'yniga qo'yish bo'ladi. Aytilishicha, bu tashkilot SSSR g'oyalariga qarshi chiquvchilarning maxsus tashkiloti emish...
Eng qizig'i, Shuhratni qamalishi uchun o'sha davrdagi Yozuvchilar Uyushmasi raisi Uyg'un jonbozlik ko'rsatadi. Uyg'unning aytishicha, Shuhrat Usmon Nosir bilan yaqin bo'lgan va uning she'rlaridan ilhom olib ijod qilgan. Bundan tashqari Ne'mat Toshpo'lat, Muhiddin Komilovlar ham Shuhrat bilan birga yuqorida tilga olganimiz Shukrullo, Mirzakalon Ismoiliy kabi adiblarga ayb qo'yishga jonbozlik ko'rsatib, tuhmat va yolg'onlar bilan guvohlik beradi.
... Hukm o'qilib, yozuvchi va sheriklari o'sha davrdagi JKning 58-moddasi ("siyosatga qarshi ish tutganlar") bilan ayblanib, 25-yilga "kesiladi" va Sibir lagerlariga surgun qilinadi.
Voqealarni to'liq aytib o'tirmayman. Lagerdagi hayot, mahbuslar qo'zg'oloni, Stalin va Beriyaning o'limidan so'ng lagerdagi muhitning o'zgarishi bilan voqealar yozuvchi tilidan bayot etilgan.
... Barcha yozuvchilar taqdirning taqozosi bilan, muddatdan avval qamoqdan sog'-omon qaytib kelgach, o'zlarini qamatgan "haligi" odamlar bilan yana ko'rishib qoladi. Kitobda bu voqealar go'zal tarzda bayon etilgan. Ayrimlari sharmandali va uyatli holatlarga tushib qolgan. Menga ta'sir qilgani Maqsud Shayxzoda tadbirlarda Uyg'un bilan duch kelsada u bilan mutlaqo gaplashmaydi. Sababi Uyg'un Shayxzodani qamalishiga "hissa" qo'shish bilan birga, u qamalganda uyini olib qo'ygan edi...
Men o'tgan asrda SSSR degan davlat voqealari haqidagi asarlarni o'qir ekanman, millatimizni yo'q qilish uchun tilimiz, dinimiz va qadriyatimizni yo'q qilish yo'lida vahshiyona usullardan foydalanganini his etib turaman. Achinarlisi, millat ziyolilarini yo'q qilish uchun, ularning yonidagi do'stlari, millatdoshlari qo'lidan foydalanishgan. Jonini saqlash uchun do'stlarini sotgan sotqinlarni xalq faqat nafrat bilan eslasa kerak. Bizning eng katta kamchiligimiz ana shunday vaziyatlarda birika olmasligimiz, pul uchun birodarlarimizni sotib yuborishimizdir. Men hozir ham bundan cho'chiyman, "senga mukofot va pul beramiz, falonchi birodaringni bo'yniga falon aybni qo'yib, guvohlik ber" desalar, sotib ketadigan xoinlar ichimizda yashab yurgan bo'lsachi, deya xavotirda bo'laman.
Bugun Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat, Usmon Nosirlarni sotib, kun ko'rganlar ham allaqachon tuproq ostiga kirdi. Ularning nomi qaro, otilgan millat ziyolilarning nomi esa nur bo'lib abadiy yashajak...
...O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi – yozuvchilarning ko‘ngilli ijodiy jamoat tashkiloti 1934 yil 8-11 mart kunlarida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yozuvchilarining 1-qurultoyida tashkil etilgan. Uyushma – mamlakat ijodkorlarni birlashtiruvchi tashkilot bo‘lishi bilan birga, qatag‘on yillarida yozuvchilarni markazga "ushlab beruvchi", ya’ni ularga siyosiy ayblar taqab, o‘lim yoki surgunga hukm qilinishiga sabab bo‘luvchi ayblov tashkilotiga aylangan...
...Dinni esa gapirishga hojat yo‘q: dindor odam rahbariyatning, Jamiyatning aniq dushmani hisoblanadi. Dindorlar ijtimoiy hayotga deyarli aralashtirilmaydi. Soqolli kishilar ko‘chada yurolmaydi, bozorda savdo qilolmaydi, go‘yo soqoli bo‘lsa, bas, u tuzumga, siyosatga dushman Bu holni ko‘rib, faqat ziyolilar emas, siyosiy tushunchasi bo‘lmagan kishilar ham O‘zbekistonning qo‘ldan ketganini anglaydi.
Hammadan ham ko‘ra, biz sud raisidan xafa edik, – deydi Shuhrat, – chunki u o‘zbek bo‘laturib, Qodiriylarga kuyov bo‘laturib, o‘zbek yozuvchilarining xo‘rlanib, haqoratlanishiga ishtirokchi bo‘lib turibdi. Yet qavmlar-ku, tushunarli, davlat ularniki, hukm ularniki, ammo o‘zbekni kechirolmasdik... Qamoqdan kelganimizdan keyin u bilan ko‘rishdik. Birinchi...