Qoraqalpoqdagi qo‘zg‘olon haqida batafsil
Joriy yilning 1 iyul kuni soat taxminan 15.00 lardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar, respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilib, Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan. Xo'sh voqealar o'zi nimadan boshlangan edi? Konstitutsiyaning qaysi moddasidagi o'zgarish bu namoyishlarga sabab bo'ldi? Quyida bu haqda batafsil to'xtashga harakat qilamiz
Qoraqalpog'istonga oid moddalarga qanday o'zgarish kiritilishi taklif qilindi?
24 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston Konstitusiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Konstitusiyaviy qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladilar va birinchi o‘qishda qabul qildilar.
Qonun loyihasi 25 iyun kuni umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan.
Loyihada asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilgandi.
Namoyishchilarning fikriga ko'ra, amaldagi konstitutsiyaning Qoraqalpog‘iston maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75 - moddalariga kiritilgan o'zgarishlar norozilikni keltirib chiqargan. Xo'sh ushbu moddalarga qanday o'zgartirish va qo'shimcha kirtih taklif etilgandi? Quyidagi rasmda bu o'zgarishni to'liq angash mumkin:
Bir vaqtning o‘zida, taklif etilgan tahrirda Qoraqalpog‘iston maqomiga oid 70-moddaning joriy tahriridagi "suveren" so‘zi chiqarib tashlanganini ko‘rish mumkin.
Amaldagi Konstitusiyaning 70-moddasida yozilishicha, "Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi".
Mazkur moddani quyidagicha shaklda o‘zgartirish taklif etilgan: "Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi".
Shuningdek, 74-moddaning amaldagi tahriridagi "Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega" jumlasi ayni moddaning yangi tahririga kiritilmagani ham kuzatiladi.
Ushbu holat esa ijtimoiy tarmoqda qoraqalpog‘istonlik foydalanuvchilar tomonidan Qoraqalpog‘istonni "respublika darajasidan oddiy viloyat darajasiga tushirishga harakat" deb baholanishiga ham sabab bo'lgan. Ehtimol, shu holat namoyish uyishtirilishiga sabab bo'lgan.
Namoyish taxminan 1 iyul kuni 15.00 lardan boshlangan. Nukus shahrida ayrim fuqarolar, respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilib, Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan.
Mazkur holat yuzasidan, jamoat tartibi buzilishining oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklar sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etildi. Holat yuzasidan shu kunning o'zida IIV axborot xizmati ham izoh berdi:
Joriy yilning 1 iyul kuni soat taxminan 15.00 lardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar, respublikamizda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari oqibatida, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qilib, Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirishgan.
Mazkur holat yuzasidan, jamoat tartibini buzilishini oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklarni sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan.
Hozirda jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
IIV Axborot xizmati
Davlat rahbari Nukus shahriga yetib bordi
Mazkur voqealardan so'ng, shu kunning o'zida davlat rahbari Nukus shahriga yetib bordi. Prezident Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda davlat rahbari Konstitusiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ta’kidladi:
"Bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan Konstitusiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etadi. Bu borada faqat xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.
Lekin, ayrim joylarda ushbu masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari uchramoqda.
Jumladan, loyihada ko‘zda tutilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirilgan. Buning natijasida joriy yil 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko‘chalarida namoyishlar uyushtirilgan.
Ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etilgan.
Shu munosabat bilan quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlashni zarur, deb hisoblayman.
Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitusiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos.
Yana bir bor ta’kidlayman: fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgaradi va takomiliga yetkaziladi.
"Shundan kelib chiqqan holda hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarur, deb hisoblayman. Ya’ni, Konstitusiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan ushbu masalani tez kunlarda ko‘rib chiqishni so‘rayman.
Qadrli Qoraqalpog‘iston ahli!
Takror aytaman – asrlar davomida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida shakllangan azaliy do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash – barchamizning burchimizdir.
Konstitusiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat".
Qoraqalpog‘iston hududida favqulodda holat joriy etildi
Shu kuni prezident fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2022 yil 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etish to'g'risidagi farmonni imzolandi.
Farmonga ko'ra, Favqulodda holat davrida 21:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati joriy etildi. Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev Qoraqalpog‘iston komendanti etib tayinlandi.
Davlat rahbari bir sutkada ikkinchi bor Nukusga tashrif buyurdi
Qoraqalpog'istondan Toshkentga qaytgan davlat rahbari, vaziyat jiddiyligi sabab shu kunning o'zida yana Nukusga qaytdi. Jo‘qorg‘i Kengesdagi uchrashuvdan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus tumanidagi “Samanbay” ovul fuqarolar yig‘iniga borib, bir guruh yoshullilar va mahalla faollari bilan uchrashdi. Tinchlik va hamjihatlikni qadriga yetish va asrab-avaylash, birgalikda farovon kelajagimizni barpo etish xususida suhbatlashildi.
Namoyishdan so'ng Nukus ko'chalari
2022 yil 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy Gvardiya xodimining maxsus vositalarini (rasiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, shit) qo‘lga kiritgan.
Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan xujum uyushtirilib, qurol yaroq tortib olingan, “Nukus xalqaro aeroporti”ga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitasiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi «Do‘stlik» kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar, yo‘l to‘siqlariga ham talofotlar yetkazilgan.
Dauletmurat Tajimuratov fuqarolarni miting o‘tkazishga da’vat qilgan
Ma'lum qilinishicha, 1-iyul kuni soat 14:50 da "El xizmetinde" gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegram ijtimoiy tarmog‘ining «Makan.uz» kanali orqali videomurojaat yo‘llab, unda fuqarolarni 5-iyul kuni soat 17:00 da "Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab" Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.
Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilgani uchun 1-iyul kuni soat 15:30 da Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar Ichki ishlar organlari FMBga olib kelingan va ushlangan.
Blogerning IIB xodimlari tomonidan ushlaganini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib, Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borgan.
So'ng 1-iyul kuni soat 17:30 da Nukus shahri markazidagi ‘Markaziy dehqon bozori’ MCHJ oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan. Shundan keyin Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, u va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan-ochiq da’vat qilishgan
Qoraqalpog'istonga oid moddalar o'zgartirilmaydigan bo'ldi
4 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy masalar bo’yicha navbatdagi majlisi o'tkazildi. Unda Qonunchilik palatasi Konstitusiyaviy qonun loyihasining muhokamasi 15 iyulga qadar uzaytirilishi bo’yicha qaror qabul qildi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning Qoraqalpog'istonga oid 70, 71, 72, 74 va 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilib, amaldagi normalarni saqlab qolish maqsadga muvofiq deb topildi.
Namoyishda jarohatlanganlar va vafot etganlar haqida ma'lumot berildi
4 iyul kuni Bosh prokuratura Nukusdagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida, shu sanaga qadar aniqlangan jarohatlanganlar va vafot etganlar haqida ma'lumot berdi. Unga ko'ra, jami 243 nafar shaxsga, jumladan, 38 huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan, og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar fuqaro vafot etgan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizlik holatlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitusiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va boshqa moddalari asosida jinoiy ishi qo‘zg‘atildi.