May 17, 2023

"YAKSHANBA"NI KO'RIB...

© K. Aslonov

Yosh rejessyor Shokir Xoliqovning ilk katta janrdagi “Yakshanba” filmining maxsus namoyishiga tushdim. Avvalgi qisqa metrajli filmlarida oddiylik, samimiylik, ammo chuqur falsafiy mazmun ko‘rganligim bois, bu filmidan ham shuni kutgandim va adashmabman. Bu o‘z uslibiga ega rejessyorning yutug‘idir.

Film yakunida Shokir Xoliqov bir gapni aytdi. Bizga namoyish qilingan film 2 xil ishlangan ekan, ya’ni yakuni ikki xil ekan. Badiiy kengashning talabiga ko‘ra, shunday qilishga majbur bo‘libdi. Aks holda tastiqdan o‘tmasligi mumkin ekan. Yaxshiki, biz uchun Shokir Xoliqovning o‘zi istagan asl varianti namoyish qilindi. Badiiy kengash talabi bilan o‘zgargan film esa hali namoyish etilmagan.

Mening xayolimdan esa, “Bu rejessyorni yo‘qotmasligimiz kerak, ya’ni o‘z dunyosi bilan, ruhiyati bilan film ishlashiga qo‘yib berishimiz kerak. Badiiy kengashlar uni ishiga aralashmasligi kerak” degan fikrlar o‘tdi.

© K.Aslonov

FILM HAQIDA

Ushbu film hayotning past-u balandini, og‘ir-u yengilini, achchig‘-u shirinini birgalikda bosib o‘tgan, bir-biriga suyanib qolgan chol-u kampir haqida.

Ushbu film farzandlarini uyli joyli qilib, so‘nggi orzusi kenjasini uylanishini kutayotgan sabr, vafo chinorlari haqida.

Ushbu film pastgina so‘rili, paxsa devorlarida kashta, so‘zanalar ilingan, devorlarida tokchalari bo‘lgan, borganimizda yangi sog‘ilgan qaymog‘i olinmagan sutga non to‘g‘rab beradigan bobo buvilarimiz, bizning bolaligimiz haqida...Unda biz bolaligimizni ko‘ramiz, qishloqning oddiygina baxtli xonadonini ko‘ramiz.

Ushbu film yangilanish davri va o‘tmish o‘rtasidagi kurash haqida.

© K.Aslonov

VOQEALAR

Filmdagi barcha voqealar qishloqdagi oddiy bir xonadon hovlisida olingan.

Farzandlarini uyli-joyli qilgan, kenjasini uylanishini kutayotgan, hovlida ikkisi qolgan cholu kampirningning kundalik hayoti haqida hikoya qilinadi. Chol o‘zinining kundalik yumushlari bilan band, ya’ni qo‘y qo‘zilariga qaraydi, yungini oladi, o‘g‘li buzmoqchi bo‘lgan, eski nurab borayotgan uyining devorini loy suvoq bilan yamaydi, shu bilan birga kampirining yumushlariga yordam beradi.

Kampir ham o‘zining yumushlari bilan band, ya’ni sigirlarini sog‘adi, (ahyon ahyonda xabar olgani kelgan katta o‘g‘liga berib yuboradi bu sutdan) ovqat pishiradi, ip yigirib, gilam to‘qishga urinadi, shu bilan birga cholining loy suvoq ishlariga yordamlashadi.

Farzandlaridan ko‘ra, cholu-kampir bir-biriga suyanib qolgan holda yashashda davom etadi.

Voqealar hafta kunlariga bo‘lingan holda davom etadi.

Yakshanba...

Keyingi hafta, dushanba..

Keyingi hafta, seshanba...

....

Yakshanba.

Har bir hafta, xorijga ishlashga ketgan, kenja o‘g‘li yuborgan puldan uning akasi uydagi eski narsalarni yangilashga o‘tadi.

Avval gaz plitani, keyin oq-qora ko‘rsatuvchi televizorni, so‘ngra muzlatgich, onasining telefoni,.. Hatto otasining minib yurgan eski mashinasini...

So‘nggi reja esa, eski paxsali uyini buzib, yangi 2 qavatli zamonaviy uy qurish va so‘ng uylanish edi kenjaning maqsadi..

Har bir narsa yangisiga almashganda otaning qalbida og‘riq paydo bo‘ladi, o‘g‘lining koyigandek bo‘ladi, jahli chiqadi. Ammo, nachora... Ichiga yutib, chidab yashaveradi. Hatto bir safar bir mehmon zajikalka bilan sigaretini yoqib bermoqchi bo‘lganda,buni rad etib, cho‘ntagidagi o‘z gugurti bilan yoqib oladi. Chol, yangilikdan qochishni istaydi. O‘tmishdagi buyumlar, qadriyatlar, urf-odatlar bilan yashashni istaydi.

Barcha voqealarni aytib o‘tirmayman, ammo filmdagi har bir detal, obrazda, voqealarda chuqur falsafiy mazmun yotadi.

© K.Aslonov

OBRAZLAR

Yuqorida aytganimdek, filmda ko‘plab obrazlar mavjud. Ularning har birining o‘z falsafiy ma’nosi, mazmuni bor. Masalan,

Gugurt obrazi

Segaret chegadigan chol,har chekkanida gugurt donalarini ehtiyotlaydi.Guyo uning donasi tugasa, hayoti tugab qoladigandek...Kim kelsa, gugurt so‘raydi. Film oxirida esa, tugab qolishini istamagan gugurtiring so‘nggi donasini yoqib, so‘ng uyidan siqib ketganida ham yashirin ma’noni anglaysiz.

Ip obrazi

Film boshida kapirning ip yigirish jarayonidan boshlangan voqea, film yakunida to‘qilishi yakuniga yetmagan gilam bilan tugaydi. Filmni to‘liq ko‘rgan tomoshabin bu holatda ham chuqur falsafiy ma’noni anglay oladi.

Tv kanallarining almashtirilishi obrazi

Kechqurun tv ko‘rayotgan chol har safar kampiriga kanallarni almashtirishni so‘raydi.Bunda futbol, tok shou, intellektual o‘yin kanallarini o‘tkazib, og‘ir ohangdagi kuy, o‘tmishni eslatuvchi lavha kelganda to‘xtatadi.Bu ham cholning bugungi kundagi yengil yelpi yoshlar ko‘radigan tomoshalardan chekinib, yoshlik damlarini eslatuvchi o‘tmishga qaytishni istashiga ishoradir.

Bulardan boshqa bir qancha obraz, detallar ham borki, ularning har birida ma’no yashirin. Bu esa rejessyorning mahoratini baholaydi.

© K.Aslonov

XULOSA

Xo‘sh, nega yoshi kattalar zavonaviylikni qabul qilishni istamaydi?

Ehtimol ular, o‘sha paxsalali devorlarda bu dunyoni tark etgan, dadasining qo‘l izlarini, siymosini ko‘rar. Ehtimol devordagi tokchalarda terib qo‘yilgan gulli choynak piyolalarni ko‘rganda, devordagi kashta so‘zanalarga ko‘zi tushganda sog‘ingan onasining siymosini ko‘rar, hidlarini his etar. Bir tomoni qiyshayib turgan molxona, somoxonani ko‘rganda, hovlidagi daraxt tagidagi so‘rini ko‘rganda ota-onasini bag‘rida chopqillab yurgan shirin damlari, quvonchli kunlarini his qilar.

Biz har bir narsani yangilayotganimizda, ularning yupanchini, shirin xotiralarini ko‘z o‘ngida ulardan tortib olmayapmizmi? “Mayli, bolam o‘rtoqlari oldida uyalmasin” deya, jimgina ichki og‘riqlarini aytolmayotgan ota-onalarimizni o‘tmish xotiralarini o‘chirib yubormayapmizmi?

Bilmadim... O‘ylab ko‘rishimiz kerak.

Film oxirida o‘sha mung‘aygan uyini yangilash boshlanganida, cholning indamaygina, o‘g‘lini ranjitmaygina uyini tark etishida “bu uyda endi mening ota-onam xotirasi, bolaligim quvonchi, ahli ayolim bilan o‘tgan baxtli kunlar siymosi yo‘q” degan sassiz nido aytilgandir, ehtimol...

© Komiljon Aslonov