October 22

— 𝗖𝗥𝗨𝗘𝗟 𝗣𝗥𝗜𝗡𝗖𝗘 —

Chapter 7

Ular qasos olish uchun uzoq kutishmadi.

Tushning qolgan qismi va kechga yaqin vaqtimiz tarix sabogʻi bilan oʻtdi. Yarrow ismli mushukboshli goblin balladalarni yoddan aytib, bizga savollar berardi. Men qancha koʻp toʻgʻri javob bersam, Cardan’ning gʻazabi shuncha ortib borardi. U oʻz noroziligini zarracha yashirmay, Locke’ga bu darslar qanchalik zerikarli ekanligini aytib noshir qilardi va ma'ruzachining ustidan istehzo bilan kulardi.

Kutilmaganda, bugun kun batamom botmasidanoq saboqlarimiz tugadi. Taryn ikkimiz uyga qarab yoʻl oldik, u menga xavotirli qarashlar tashlab kelardi. Kun botishining yogʻdusi daraxtlar orasidan suzib oʻtardi, men esa qaragʻay ignalarining iforini ich-ichimga tortib, chuqur nafas oldim. Qilgan ahmoqligimga qaramay, koʻnglimda allaqanday ajabonaviy osudalikni his qilardim.

— Bu sening odating emas, — dedi Taryn nihoyat. — Sen odamlar bilan urush chiqarib yurmasding.

— Ularning koʻnglini olish baribir yordam bermaydi. — Barmogʻimda shippak kiyilgan oyogʻim bilan tochni turtib qoʻydim. — Ular qanchalik koʻp xaddidan oshsa, shunchalik koʻp narsaga haqli ekanliklariga ishonchlari ortaveradi.

— Xoʻsh, demak sen... ularga odob oʻrgatmoqchimisan? — Taryn xoʻrsindi. — Hatto kimdir buni qilishi kerak boʻlganda ham, oʻsha kimdir sen boʻlishing shart emas.

U haq edi. Uning haq ekanligini bilardim. Bu tushdagi sarxushlik beruvchi gʻazab bosiladi va men qilgan ishlarimdan afsuslanaman. Ehtimol, toʻyib, uzoq usqlaganimdan keyin men ham Taryn kabi daxshatga tusharman. Oʻz gʻururimga malham surish qanchalik yoqimli boʻlmasin, men faqat oʻzimga battar muammolarni sotib oldim, xolos.

Sen qotil emassan.

Senda yetishmayotgan narsaning tajribaga aloqasi yoʻq.

Shunday boʻlsa-da, hozir afsuslanmayapman. Jar yoqasidan bir qadam tashlaganimdan keyin, endigi yagona istagim — tubsizlikka qulash.

Gapiqishni boshlagan ham edimki, ogʻzimga kimningdir qoʻli qarsillab yopildi. Barmoqlar lablarim atrofidagi teriga botib ketdi. Men tanamni burib, zarba berdim va Locke’ning Taryn’ning belidan ushlab olganini koʻrdim. Kimdir bilaklarimdan tutib turardi. Men ogʻzimni boʻshatib olib, chinqirib yubordim, lekin Faerie’da chinqiriqlar qushlar sayrashidek oddiy hol, e'tiborni tortish uchun juda odatiy narsa edi.

Ular kulishgancha bizni oʻrmon ichiga itarib olib kirishdi. Bolalardan birining qiyqirigʻini eshitdim. Locke’ning goʻyo shoʻxliklar tezda tugaydi deganiga oʻxshash gapini eshitgandek boʻldim, lekin bu gap xursandchilik sadosida yutilib ketdi.

Keyin yelkamdan qattiq itarish va ustimga muzday suvning yopilishidan hosil boʻlgan daxshatli shok. Nafas olishga urinib, suv sachratdim. Ogʻzimda loy va qamish ta'mi. Oʻzimni yuqoriga koʻtardim. Taryn ikkimiz daryoning beligacha keladigan joyida edik, oqim bizni pastga, chuqurroq va shiddatliroq qismga qarab surib ketardi. Oqim olib ketmasligi uchun oyoqlarimni tubdagi loyqaga mahkam qadadim. Taryn sochi hoʻl holatda bir qoyatoshni ushlab olgandi. U sirpanib ketgan boʻlsa kerak.

— Bu daryoda niksilar bor, — dedi Valerian. — Agar ular seni topishdan oldin chiqib olmasang, seni suv ostiga tortib ketishadi va oʻsha yerda ushlab turishadi. Ularning oʻtkir tishlari teringga botadi. — U tishlab olish harakatini koʻrsatdi.

Ular daryo qirgʻogʻi boʻylab saf tortishgandi, Cardan eng yaqinida, Valerian uning yonida edi. Locke goʻyo xayoli boshqa yoqda deb oʻylatadigan darajada beparvo, sumbul va qamishlarning uchlarini silab turardi. U hozir mehribon koʻrinmasdi. U doʻstlaridan ham, bizdan ham zerikkandek tuyulardi.

— Niksilar oʻz tabiati nima boʻlsa, shundan qocholmaydi, — dedi Nicasia suvni tepib, yuzimga sachratarkan. — Xuddi sen choʻkishdan qocholmaganingdek.

Oyoqlarimni loyqaga yanada chuqurroq qadadim. Etiklarimga toʻlgan suv oyoqlarimni harakatlantirishni qiyinlashtirardi, lekin bir joyda tura olsam, loy ularni mahkam ushlab qolardi. Taryn’ga sirpanib ketmasdan qanday yetib borishimni bilmasdim.

Valerian maktab sumkalarimizni daryo qirgʻogʻiga boʻshatardi. U, Nicasia va Locke navbati bilan sumka ichidagilarni suvga otishardi. Mening charm muqovali daftarlarim. Suvga choʻkishi bilan titilib ketadigan qogʻoz oʻramlari. Balladalar va tarix kitoblari daryoga ulkan shovqin bilan tushdi, keyin ikki tosh orasida qisilib qoldi va qimirlamay qoʻydi. Nafis qalamim va siyohdon uchlari daryo tubida miltillab turardi. Siyohdonim toshlarga urilib chil-chil boʻldi va daryoni alvon rangga boyadi.

Cardan menga tikilib turardi. Garchi u biror barmogʻini ham koʻtarmagan boʻlsa-da, bularning barchasi uning qilayotganini bilardim. Uning koʻzlarida men Faerie’ning butunlay yot va begona dunyosini koʻrdim.

— Bu qiziqmi? — deb qichqirdim qirgʻoqqa qarab. Men shunchalik gʻazabda edimki, qoʻrqishga joy qolmagandi. — Mazza qilyapsizlarmi?

— Juda ham, — dedi Cardan. Keyin uning nigohi mendan suv ostidagi soyalar tushib turgan joyga sirgʻalib oʻtdi. Ular niksilarmikan? Bilolmayman. Men faqat Taryn tomonga harakatlanishda davom etdim.

— Bu shunchaki oʻyin, — dedi Nicasia. — Lekin ba'zida biz oʻyinchoqlarimiz bilan juda qattiq oʻynaymiz. Keyin esa ular sinadi.

— Sani oʻzimiz choʻktirmayapmiz-ku, — deb qichqirdi Valerian.

Oyogʻim sirpanchiq toshlar ustida toyib ketdi va men suv ostida qoldim, chorasiz holatda loyqa suvni yutib, oqim boʻylab pastga ketdim. Men vahimaga tushib, oʻpkamga suv tortib yubordim. Qoʻlimni uzatdim va u bir daraxt ildiziga mahkam yopishdi. Hansirab va yoʻtalib, yana muvozanatni tiklab oldim.

Nicasia va Valerian kulishardi. Locke’ning yuz ifodasini uqib boʻlmasdi. Cardan xuddi yaxshiroq koʻrish uchun qamishlar orasiga bir oyogʻini qoʻygandi. Gʻazablangan va pishillagancha, oʻzimni Taryn tomonga urdim, u oldinga intilib, qoʻlimdan mahkam ushladi.

— Choʻkib ketasan deb oʻylagandim, — dedi u, ovozida isterika alomatlari bilan.

— Biz yaxshimiz, — dedim unga. Oyoqlarimni loyqaga qadab, tosh izlab pastga egildim. Suv oʻtlari bilan qoplangan yashil va sirpanchiq katta bir toshni topib, yuqoriga koʻtardim. — Agar niksilar bizga hamla qilsa, ularni qaytaraman.

— Bas qil, — dedi Cardan. U toʻgʻridan-toʻgʻri menga qarab turardi. U Taryn’ga hatto bir nazar ham tashlamasdi. — Sen hech qachon biz bilan birga saboq olmasliging kerak edi. Turnir haqidagi xayollardan voz kech. Madoc’ga bizga — oʻzingdan ustun boʻlganlarga teng emasligingni ayt. Shunday qil va men seni qutqaraman.

Men unga tikilib qoldim.

— Qilishing kerak boʻlgan yagona narsa — taslim boʻlish, — dedi u. — Bu juda oson.

Men opamga qaradim. Uning hoʻl va qoʻrqib ketganiga mening aybim sababchi. Yozning issigʻiga qaramay, daryo muzday, oqim esa kuchli edi. — Taryn’ni ham qutqarasanmi?

— O, demak u uchun aytganimni qilasan-a? — Cardan’ning nigohi och, qamrab oluvchi edi. — Bu oʻzingni oliyjanob his qildiryaptimi? — U toʻxtadi va oʻsha sukunatda faqat Taryn’ning toʻxtab-toʻxtab nafas olishigina eshitilardi. — Xoʻsh, shundaymi?

Men niksilarga qaradim, ularda biror harakat belgisi bormikin deb kuzatdim. “Nima his qilishimni xohlashingni nega menga aytmaysan?”

“Qiziq.” U yanada yaqinroq bir qadam tashladi, cho‘nqayib, bizga ko‘z baravaridan qaradi. “Peyrida bolalar shunchalik kamki, men hech qachon biznikilardan kimsaning egizagini ko‘rmaganman. Bu ikkilanib qolishga o‘xshaydimi yoki teng ikkiga bo‘linishgami?”

Men javob bermadim.

Uning ortida Nicasia qo‘lini Locke’ning qo‘liga o‘tkazib olganini va unga nimadir deb pichirlaganini ko‘rdim. U qizga nafratli qarash qildi, qiz esa arazlab labini burdi. Balki ularning hozircha yeb qo‘yilmayotganimizdan g‘ashlari kelayotgandir.

Cardan qoshlarini chimirdi. “Egizak singil,” dedi u Taryn’ga burilib. Uning lablariga yana tabassum qaytdi, xuddi qandaydir daxshatli yangi fikr uni quvontirib yuborgandek. “Sen ham shunday fidoiylik qilarmiding? Kel, bilib olamiz. Menimcha, senga juda saxovatli taklifim bor. Qirg‘oqqa ko‘taril va ikkala yuzimdan o‘p. Bu ish amalga oshgach, modomiki singlingni so‘z bilan ham, amalda ham himoya qilmasang, uning bo‘ysunmasligi uchun seni javobgar qilmayman. Xosh, bu yaxshi bitim emasmi? Lekin bunga faqat hoziroq oldimizga kelsang va uni u yerda cho‘kishga tashlab ketsanggina erishasan. Unga har doim yolg‘iz qolishini ko‘rsatib qo‘y.”

Bir lahza Taryn xuddi muzlab qolgandek harakatsiz turdi.

“Bor,” dedim men. “Men yaxshi bo‘laman.”

U qirg‘oq tomonga suvsrab borganda hamon yuragim og‘rirdi. Lekin, albatta, u borishi kerak edi. U xavfsiz bo‘ladi, buning evaziga to‘lanadigan evaz esa hech qanday ahamiyatga ega emas.

Oqimtir shakllardan biri boshqalaridan ajralib, u tomonga suza boshladi, lekin suvdagi soyam uni ikkintirib qo‘ydi. Men tochni otayotgandek harakat qildim, u esa biroz cho‘chib tushdi. Ular oson o‘ljani yaxshi ko‘rishadi.

Valerian Taryn’ning qo‘lidan ushlab, uni xuddi buyuk bir xonimdek suvdan olib chiqdi. Uning ko‘ylagi ho'l bo'lib, harakatlanganda suv parilari yoki dengiz nimfalarining ko‘ylaklaridek tomchilardi. U ko‘kimtir lablarini Cardan’ning yuzlariga bosdi, avval biriga, keyin boshqasiga. U ko‘zlarini yumib olgandi, lekin Cardan’ning ko‘zlari ochiq edi, u menga tikilib turardi.

“ ‘Opam Jude’dan tonaman,’ degin,” dedi Nicasia unga. “ ‘Men unga yordam bermayman. Men hatto uni yoqtirmayman.’ ”

Taryn mening tomonimga tez va uzrso'z qaradi. “Men buni aytishim shart emas. Bu bitimning bir qismi emasdi.” Boshqalar kulib yuborishdi.

Cardan’ning etigi qushqo'nmas va qamishlarni ajratdi. Locke gapirmoqchi bo‘ldi, lekin Cardan uning gapini bo‘lib qo‘ydi. “Singling seni tashlab ketdi. Ko‘ryapsanmi, bir nechta so‘z bilan nimalar qila olamiz? Barchasi bundan ham battar bo‘lishi mumkin. Seni to‘rtoyoqlab chopishga, itdek urishga sehrlab qo‘yishimiz mumkin. Hech qachon qayta eshitmaydigan qo‘shig‘ingni yoki lablarimdan chiqadigan shirin so‘zni qumsab so‘lib qolishing uchun seni qarg‘ay olamiz. Biz odam emasmiz. Biz seni sindiramiz. Sen nozikgina kichkina narsasan; biz hatto urinib o‘tirishimiz ham shart emas. Taslim bo‘l.”

“Hech qachon,” dedim men.

U dimog‘dorlik bilan tabassum qildi. “Hech qachon? Hech qachon degani xuddi abadiyatdek gap — oddiy odamlar tushunishi uchun juda katta tushuncha.”

Suvdagi shakl o‘z joyida qoldi, ehtimol Cardan va boshqalarning borligi, agar menga hujum qilinsa, go‘yo meni himoya qiladigan do‘stlarim bordek ko‘ringani uchundir. Men Cardan’ning keyingi yurishini kutdim, uni diqqat bilan kuzatdim. O‘zimni bo‘ysunmas ko‘rsatishga umid qildim. U meni uzoq, daxshatli bir lahza sinchiklab kuzatdi.

“Biz haqimizda o‘ylab ko‘r,” dedi u menga. “Uyga tomon bo‘lgan uzoq, ho‘l va sharmandali yo‘ling davomida. Beradigan javobing haqida o‘ylab ko‘r. Bu biz qila oladigan narsalarning eng arzimasidir.”

Shu gapdan keyin u bizdan yuz o‘girdi va bir ozdan keyin boshqalar ham burilishdi. Men u ketayotganini kuzatdim. Ularning barchasi ketayotganini kuzatdim.

Ular ko‘zdan g‘oyib bo‘lishgach, men o‘zimni qirg‘oqqa tortib oldim, Taryn turgan joyning yonidagi loyga chalqancha yiqildim. Havodan to‘yib-to‘yib, katta-katta nafas oldim. Niksilar yuzaga chiqa boshlashdi, och va tovlanuvchan ko‘zlari bilan bizga tikilishdi. Ular tulkiquyruq o‘tlari orasidan bizga mo‘ralashardi. Biri quruqlikka emaklab chiqa boshladi.

Meni toshimni otdim. U urilishga ham yaqin kelmadi, lekin suvning sachrashi ularni yaqinlashmaslikka majbur qildi.

Inqillab, yurishni boshlash uchun o‘zimni o‘rmoqqa majbur qildim. Uyga bo‘lgan butun yo‘limiz davomida, Taryn past ovozda yig‘lab borayotganda, men ulardan qanchalik nafratlanishim va o‘zimdan qanchalik nafratlanishim haqida o‘yladim. Keyin esa ho‘l etiklarimni ko‘tarishdan boshqa hech narsa haqida o‘ylamadim, birin-ketin bosgan qadamlarim meni tikonlar, qirqquloqlar va qayrag‘ochlar yonidan, qizil labli giloslar, zirak va olcha buta-butalari yonidan, atirgul butalarida in qurgan o‘rmon parilari yonidan o‘tkazib, o‘zimniki bo‘lmagan va hech qachon bo‘lmasligi mumkin bo‘lgan dunyodagi hammom va karavot sari — uyga yetkazardi.

Author : Holly Black
Translator : Razanera Agata