October 11

— 𝗖𝗥𝗨𝗘𝗟 𝗣𝗥𝗜𝗡𝗖𝗘 —

Chapter 6

Men bu voqeani mutlaqo notoʻgʻri soʻzlab berdim. Faerie’da ulgʻayish haqida men aytib berishim shart boʻlgan narsalar bor edi. Ularni hikoyadan tushirib qoldirdim, asosan men qoʻrqoq boʻlganim uchun. Bu haqda hatto oʻzim oʻylashni ham yoqtirmayman. Lekin, balki oʻtmishim haqidagi bir nechta muhim tafsilotlarni bilish nima uchun bunday boʻlib qolganimni tushunishga yordam berar. Qoʻrquv ilik-iligimga qanday singib ketganini. Uni yoʻqdek koʻrsatishni qanday oʻrganganimni.

Shunday qilib, mana ilgari oʻzim haqimda senga aytib berishim kerak boʻlgan, lekin aytmagan uchta narsa:

1. Toʻqqiz yoshimda Madoc’ning soqchilaridan biri chap qoʻlimdagi uzuk taqiladigan barmogʻimning eng uchini tishlab uzib oldi. Biz tashqarida edik va men baqirib yuborganimda, u meni shunday qattiq itarib yubordiki, boshim otxonadagi yogʻoch ustunga urildi. Keyin u uzib olgan boʻlagini chaynayotganda meni oʻsha yerda tik turishga majbur qildi. U menga mortal’larni qanchalik yomon koʻrishini ochiqchasiga aytdi. Mendan shunchalik koʻp qon oqdi — birgina barmoqdan shuncha qon chiqishi mumkin deb oʻylamagan boʻlarding. Hammasi tugagach, u sodir boʻlgan voqeani sirligicha tutishim kerakligini, aks holda meni butunlay yeb qoʻyishini tushuntirdi. Shuning uchun, tabiiyki, hech kimga aytmadim. Mana, hozir senga aytib berayotganimcha.

2. Oʻn bir yoshimda, ma'rakalarning birida ziyofat stoli ostida yashirinib oʻtirganimni Aslzodalarning juda zerikkan a'zolaridan biri payqab qoldi. U tepinib, yulqinishimga qaramay, meni bir oyogʻimdan tortib sudrab chiqardi. U mening kimligimni bilgan deb oʻylamayman — har holda, oʻzimga shunday deb tasalli beraman. Lekin u meni ichishga majbur qildi va men ichdim; maysadek yashil faerie vinosi tomogʻimdan nektardek sirgʻalib oʻtdi. U meni tepalik boʻylab raqsga tushirdi. Boshida bu zavqli edi, xuddi vaqtning yarmida seni pastga tushirishlarini soʻrab chinqiradigan, qolgan yarimida esa boshing aylanib, koʻngling ayniydigan oʻsha daxshatli zavqqa oʻxshardi. Lekin zavq tarqalib, baribir toʻxtay olmaganimda, bu shunchaki daxshatga aylandi. Ma'lum boʻlishicha, mening qoʻrquvim ham unga tengsiz zavq bagʻishlayotgan ekan. Ma'raka oxirida Malika Elowyn meni qayt qilib, yigʻlab oʻtirganimda topib oldi. U mendan bunday ahvolga qanday tushganim haqida bitta ham savol soʻramadi, shunchaki meni adashib qolgan koʻylakdek Oriana’ga topshirdi. Biz bu haqida Madoc’ga hech qachon aytmadik. Buning nima naf bor edi? Meni koʻrgan har bir kishi, ehtimol, meni maza qilib vaqt oʻtkazyapti deb oʻylagan.

3. Oʻn toʻrt yoshimda, Oak esa toʻrt yoshda boʻlganida, u meni afsunlab, sexrlab qoʻydi. U buni qasddan qilmadi — xush, har holda nega bunday qilmasligi kerakligini unchalik tushunmasdi. Choʻmilib chiqqanim uchun boʻynimda hech qanday saqlovchi tumor yoʻq edi. Oak uxlashni xohlamasdi. U menga u bilan qoʻgʻirchoq oʻynashimni aytdi va biz oʻynadik. U menga orqasidan quvishimni buyurdi va biz yoʻlaklar boʻylab quvlashmachoq oʻynadik. Keyin u meni oʻzimni oʻzim shapaloqlashga majbur qila olishini payqab qoldi, bu juda qiziqarli edi. Bir necha soatdan keyin Tatterfell ustimizga kelib qoldi, qargʻargan yonoqlarimga va koʻzlarimdagi yoshga bir qarab oldi-da, Oriana’ga qarab yugurdi. Haftalab, kıkırlab kulgan Oak meni afsunlab, unga shirinliklar olib berishimga, uni boshimdan yuqoriga koʻtarishimga yoki kechki ovqat stolida tuflashimga majbur qilishga urindi. Garchi bu hech qachon ish bermagan boʻlsa ham, garchi shundan keyin har kuni boʻynimga chetan mevalaridan tizma taqib yurgan boʻlsam ham, oylab uni yerga urib yiqitmaslik uchun oʻzimni zoʻrgʻa tiyib yurdim. Oriana mening oʻshanda oʻzimni bosiqlik bilan tutganimni hech qachon kechirmagan — u oʻshanda undan oʻchimni olmaganimni, kelajakda qasd olishni rejalashtiryapti deb hisoblaydi.

Mana nega menga bu voqealar yoqmaydi: Ular mening ojiz ekanligimni boʻrttirib koʻrsatadi. Qanchalik ehtiyotkor boʻlmayin, baribir oxiri yana bir notoʻgʻri qadam tashlayman. Men ojizman. Men nozikman. Men mortal(tez oʻladigan)’man.

Eng nafratlanadiganim ham shu.

Hatto biror moʻjiza boʻlib, ulardan koʻra yaxshiroq boʻla olganimda ham, baribir hech qachon ulardan biri boʻla olmayman.

Author : Holly Black
Translator : Razanera Agata