RM o‘z fikrlarini hamma odam tushuna oladigan, umumiy va chuqur ma’noga ega tarzda yetkazishga harakat qildi
Boshidan beri BTS hech qachon Janubiy Koreyadagi boshqa idol guruhlariga o‘xshamagan va buning asosiy sababi ularning lideri edi. RM, asl ismi Kim Namjoon, juda tirishqoq o‘smir bo‘lgan, uning yagona “isyonkorligi” ko‘chaga chiqib rap qilish edi. U BIGHIT MUSIC bilan shartnoma imzolagan paytda, keyinchalik aynan uning atrofida BTS guruhini shakllantirishgan.
Uning underground ildizlari va alternativaga bo‘lgan qiziqishi uning yakkaxon albomlari — Indigo va Right Place, Wrong Person da eng to‘liq namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, u guruh musiqasini ham yanada o‘tkir va noodatiy yo‘nalishlarga olib boradi. Masalan, ARIRANG albomidagi uning sevimli treki — FYA, qisman unda hammuallif sifatida JPEGMafia ishtirok etgani, shuningdek produserlar qatorida Diplo va Flume borligi sababli.
Suhbat davomida RM hech narsani yashirmaydi, qisman u kelajak haqida o‘ylagani uchun. “Menimcha, bu jurnal va siz bilan bo‘lgan ushbu intervyu — shunchaki yana bir yozuv,” deydi u fevral o‘rtalarida Seuldagi HYBE bosh ofisida o‘tirib. “Shuning uchun, men 50 yoshga kirganimda bunga qaytib qaray olaman,” deya qo‘shimcha qiladi u
👤: Siz go‘yoki tirik qarama-qarshiliksiz: bir tomondan didingiz alternativ, boshqa tomondan esa siz dunyodagi eng katta guruhlardan birining liderisiz va keng ommaga mo‘ljallangan a’lo pop-musiqa yaratasiz
🐨: Menimcha, bu qarama-qarshilik — mening ichki inqirozim, lekin ayni paytda… bu ikki tomon ham mening ichimda yashaydi. Men pop-musiqani tinglayman. Uni yaxshi ko‘raman… Men har doim chartlarni kuzatib boraman. Ba’zida miyamni ortiqcha zo‘riqtirmoqchi bo‘lmaganimda, shunchaki Top 50 Global ni ochib, eshitaman. Lekin ba’zida ichimda shunday tuyg‘u paydo bo‘ladi: “Hey, bu yetarli emas. Menga yanada chuqurroq kirish kerak”
👤: Sizning yakkaxon albomlaringizni tinglash juda qiziq — go‘yo bu BTS umuman mavjud bo‘lmaganida siz yaratgan bo‘lajak musiqa kabi tuyuladi. Menga qiziq: siz san’atkor sifatida bu ruhiy holatga qanday yetib keldingiz?
🐨: Hamma “ha” deganda, men “yo‘q” demoqchi bo‘laman. Men BTS bilan ishlayotganimda, albatta, buni yaxshi ko‘rardim, lekin ayrim narsalardan nafrat ham qilardim. Va bu his-tuyg‘ularni inkor eta olmasdim. Lekin men odamlarga nimani ko‘rsatish kerakligini, nimani esa yashirib, albomga aylantirish kerakligini bilardim, deb o‘ylayman
Yakkaxon faoliyatga qaytganimda, o‘zimga dedim: “Hey, buni qilishim kerak. Buni aytishim kerak. Chunki biz yettimiz, va men o‘z rolimni bajarishim kerak”
Ba’zida men yoqimli ko‘rinishim kerak, chunki bizni juda ko‘p bolalar kuzatadi. Lekin men musiqani ko‘chalarda, rap bilan boshlaganman. Va men bunga qarshi bora olmayman.
Ba’zida shunday his qilamanki, men shunchaki shu ish bilan shug‘ullanishni xohlayman… Shuning uchun yakkaxon loyihalarga kelganda, men o‘zimni erkin ifoda eta olaman — ehtimol iqtisodiy tomonni o‘ylamasdan.
Men Little Simz yoki Moses Sumney bilan qo‘shiq yozishim mumkin edi. Ular juda buyuk san’atkorlar… Men haqiqatan ham devorlarni buzishga harakat qildim. Sochlarimni butunlay oldirdim. Grim surmaslikka harakat qildim. Va shu alternativ ovozlar, san’atkorlar bilan ishladim.
Bu juda yaxshi sinov bo‘ldi — men juda ko‘p narsani o‘rgandim. Va bu menga o‘tgan yili Los-Anjelesdagi albom ustida ishlash jarayonida juda katta yordam berdi
👤: 2022-yilda siz Pharrell Williams ga shunday degandingiz: men hali ham musiqani yaxshi ko‘raman, lekin ehtimol tasviriy san’atni undan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman. Siz yana musiqaga qaytdingiz — bu yo‘l siz uchun qanday bo‘ldi?
🐨: Menimcha, musiqa har doim yonimda. Bu — ildiz. Ba’zida esa, sen yoqtirgan musiqa yangraganda, unga qarshi tura olmaysan — beixtiyor raqsga tushasan yoki ritmiga bosh irg‘aysan.
O‘ylaymanki, tasviriy san’at esa ba’zida ko‘proq tayyorgarlik, bilim va intellektual yondashuvni talab qiladi.
Harbiy xizmat paytimda men juda ko‘p albomlar tingladim. Va hozir, ehtimol, men musiqaga yanada ko‘proq oshiqman…
Absolutely albomi juda zo‘r edi. Men o‘z Spotify Wrapped’imni tekshirdim — Dijon albomini 500 daqiqadan ham ko‘proq tinglabman
👤: Siz aniq qilib aytgandingizki, BTS 2020 va 2021-yillarda chiqargan singllar guruh identiteti nima ekanligi borasida sizni biroz chalg‘itib qo‘ygandi
🐨: Menimcha, men hali ham aniq bilmayman. Menimcha, musiqachi o‘z musiqasi orqali gapirishi kerak… Hozir ham men biroz chalkashlikdaman, chunki armiyada bo‘lgan paytimda o‘ylardim: “Balki hammasi tugagach va biz yana birga yig‘ilgach, aniq va hamma qabul qiladigan bir yo‘nalish paydo bo‘ladi.” Lekin bu unchalik ham to‘g‘ri chiqmadi.
Shuning uchun men o‘ylaymanki, bu 14 ta trek — biroz noaniq bo‘lsa ham — odamlar “BTS 2026-yilda kim?” degan savolga javob bo‘lishi mumkin
Lekin men bu albomda universal narsalarni ifodalashga harakat qilyapman: sevgi, og‘riq, sog‘inch kabi hislar. Men hali ham shu narsaga juda qiziqaman — shaxsiy tajribani kengroq, hamma his qila oladigan universal tuyg‘ularga aylantirishga
👤: Kitob yozish haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
🐨: Juda ko‘p o‘ylaganman. Lekin qancha ko‘p kitob o‘qisang, shuncha ko‘p “men buni qila olmayman” degan fikr paydo bo‘ladi, chunki dunyoda juda ko‘p buyuk yozuvchilar va ajoyib matnlar bor. Shuning uchun shunchaki nimadir yozishga urinishning o‘zi ham menga biroz noqulaylik beradi. Shu sabab men kundalik yozaman. Ba’zida esa oddiy, hatto ahmoqona esselar ham yozaman.
Ehtimol, yillar o‘tib fikrim o‘zgarsa, ularni birlashtirib, tahrirlab kitob qilarman. Lekin hozircha kitob yozish menga albom yaratishdan ham qo‘rqinchliroq tuyuladi
👤: O‘zingizni fikrlardan chalg‘itish uchun nima qilasiz?
🐨: Menimcha, sayr qilish juda foydali. Chunki yurganingda va atrofdagi manzarani ko‘rganingda, tanang ham harakat qiladi. Shunchaki o‘zingni oqimga qo‘yasan. Bu menga tinchlanishga yordam beradi — stress va fikrlarni bo‘shatib, osmonni tomosha qila olaman.
Lekin Instagram, YouTube, Netflix — bular vaqtimni juda ko‘p olib qo‘yadi
👤: Harbiy xizmat siz uchun oson bo‘lmagan. Siz hali ham ruhiy jihatdan tiklanyapsizmi? Hozir ahvolingiz qanday?
🐨: O‘ylaymanki, men buni ancha yengib chiqdim, agar buni “g‘or” deb atasak… Sakkiz oy o‘tdi va hozir men yaxshiman. Lekin ba’zida uxlashga urinayotganimda, hammasi yana esga tushadi va o‘zimga shunday deyman: “Ey, yigit, buni unut. Men tugatdim. Men endi armiyada emasman”
Lekin ruhiy jihatdan eng past nuqtaga tushib, keyin undan chiqib ketish tajribasi, rostini aytsam, menga yordam berdi. Hozir men o‘z yotog‘imda uxlayapman. Men yaxshiman. Menimcha, bu yaxshi o‘z-o‘zini davolash bo‘ldi
👤: Bu tajriba sizning hayotdan nimani xohlashingizni o‘zgartirdimi?
🐨: Men har doim hozirgi paytda yashashni xohlayman. “Hozir”. Bugungi kunda — 2026-yilda — bizni hozirgi lahzada yashashdan chalg‘itadigan juda ko‘p narsalar bor.
Biz Reels va Shortslarni ko‘rib “hozir yashayapmiz” deb o‘ylaymiz, lekin ular aslida meni chalg‘itadi.
Shuning uchun men yomg‘ir ostida shunchaki yurib, hamma narsani o‘ylagan paytlarni juda sog‘inaman. O‘shanda men haqiqatan ham hozirgi lahzada yashardim.
Men o‘tmish va kelajak haqida o‘ylashni xohlamayman, chunki ular aslida faqat tasavvur. Lekin hozir turgan joyingga e’tibor berish juda qiyin.
Men har doim telefonni chetga qo‘yishga, kitob o‘qishga harakat qilaman. O‘tmish yoki kelajak haqida kamroq o‘ylashga juda harakat qilaman, chunki kelajak hech qachon “to‘liq kelib” bo‘lmaydi
👤: Siz ruhiy jihatdan qorong‘i joyda bo‘lgansiz va undan chiqib keldingiz. Bu abadiy holat emas edi. Hozir shunday his qilayotgan muxlisga nima der edingiz?
🐨: Men undan chiqib keldim — o‘tgan yildagi barcha vaziyatlar sababli tushib qolgan o‘sha krizisdan. Men undan jismonan chiqib ketdim, lekin ruhiy tomondan men buni shunchaki qabul qilaman — ichimdagi o‘sha asosiy qayg‘u borligini.
Uni nima deb atashni bilmayman, lekin u har doim yuragimning qaysidir qismida mavjud.
Men hali ham o‘zimni topish jarayonidaman deb o‘ylayman. Balki men boshqalardan ko‘ra juda sezgirroqman… yoki juda ko‘p o‘ylayman.
Ba’zida uxlay olmayman. Lekin men o‘lishni xohlaymanmi? Yo‘q. Men hayotni sevishga harakat qilaman. Sayrlar, yaxshi do‘stlar, ichimliklar, musiqa, bu intervyu.
Men hali ham o‘z “ichki demonlarim” bilan kurashyapman va menimcha, bu abadiy davom etishi mumkin — lekin “abadiy juda uzoq”, deb avval ham aytganman.
Lekin men faqat bitta narsani aytmoqchiman: sodda qilib aytganda, menimcha hayot qiziq. Bu BTS’ning a’zosi bo‘lganim yoki mashhur bo‘lganim uchun emas.
Menimcha, shunchaki — hayot qiziq va yashash yaxshiroq
Rolling Stone
.
.
.
.
.
.
#leebona ~
____
⟭⟬ @UZB_SUB_BTS ⟬⟭