April 17

Jhopening Rolling Stone uchun bergan intervyusi

“j-hope sokin va nafis gapiradi,” — deydi uning ARIRANG loyihasidagi hamkasblaridan biri, qo‘shiq muallifi Jeyms Essien. “Lekin u rap aytishni boshlaganda, xuddi birdan DMX paydo bo‘lgandek bo‘ladi! O‘ylab qolasiz: ‘Bu nima bo‘ldi o‘zi?’ Bunday keskin o‘zgarishni hech qachon kutmaysiz.”
U 2022-yilda chiqqan, turli ohanglarga ega, lekin doimiy kuchga to‘la bo‘lgan “Jack in the Box” nomli yakkaxon debyut albomida (bu 2018-yildagi “Hope World” miksteypidan keyin chiqqan) aniq ko‘rsatganidek, Jung Hoseok hech qachon kutilmagan jihatlardan xoli emas, va uning doimo kulib turadigan ommaviy obrazi — uning faqat bir tomoni, xolos.
U BigHit (keyinchalik HYBE) kompaniyasiga ko‘cha raqqosi sifatida kelgan va BTS guruhiga qo‘shilgandan keyingina rap aytishni o‘rgangan. U guruh intervyularida tezda bo‘shliqlarni to‘ldiradi, xonadagi energiya pasayganini yoki do‘stlariga yordam kerakligini har doim sezadi.
“Men boshqa a’zolar uchun qo‘limdan kelgan hamma narsani qilaman,” — deydi u fevral o‘rtalarida Janubiy Koreyaning Seul shahridagi HYBE shtab-kvartirasida o‘tkazilgan intervyuda

👤 Qayta birlashgan guruhda yana bo‘lish qanday his?

🐿️ Harbiy xizmatdan keyin men guruhga qayta qo‘shilishdan oldin bir muddat yakkaxon chiqishlar qildim. Shu vaqt ichida tajribam qanchalik o‘zgarganini allaqachon his qildim. Endi yana birgamiz, boshqa a’zolar mening ifodamda yoki sahnadagi chiqishimda sezgan bo‘shliqlarimni to‘ldirib berishadi.
Ko‘p jihatdan men nega biz yettimizligini tushundim: har bir inson o‘z ishini a’lo darajada bajaradi va bu juda qadrlanishi kerak. Lekin eng yoqadigani — muxlislarimiz bizning qayta birlashganimizdan xursand bo‘lishadi. Men ham bundan juda xursandman

👤 Sening “Arson” yakkaxon qo‘shig‘ingdagi juda muhim satr bor: “Olovni o‘chirishim kerakmi yoki yanada yorqinroq yonishim kerakmi?” Bu juda katta savolga o‘xshaydi — nafaqat sening, balki BTS’ning ham faoliyatiga tegishli. Bu RM aytgan gaplar bilan ham bog‘liqdek — u bir paytlar BTS tarqalishini o‘ylagan, lekin oxirida davom etishga qaror qilgan. Bu satr va shu hislar qanchalik bog‘liq?

🐿️ Men bu qo‘shiqni 2022-yilda yozganimda, o‘sha paytdagi barcha his-tuyg‘ularimni unga singdirganman. O‘sha vaqtda men xavotirda edim. O‘ylardim: bu qadar sevgi va e’tibor — rostdan ham yaxshimi? Balki hamma meni olqishlab turgan paytda, hammasini to‘xtatishim kerakdir. Va men o‘zimdan so‘rardim: men shuni xohlaymanmi o‘zi?
Lekin o‘ylaymanki, o‘shandan beri men juda o‘zgardim. Chunki bularning barchasi — mening bir qismim. Guruh bilan ishlash bo‘ladimi yoki shaxsiy faoliyatim — bularning hammasi menga hayotiy tajriba beradi va men har narsadan o‘rganaman.
Ba’zi narsalarni faqat hayotning ma’lum bir davrida his qilish mumkin. Oxir-oqibat, aynan shu orqali inson yashaydi, o‘sadi va ulg‘ayadi. O‘ylaymanki, o‘sha paytda ham, undan keyin ham men musiqa orqali shu hislarni chuqur his qilganman

👤 Bu shuni o‘ylatadiki, sizning davom etishingiz doimo juda ehtimolli edi. Lekin sizda har doim tanlov bor edi: “Biz hammasini qildik, eng yuqori cho‘qqida ketishimiz mumkin”

🐿️ Ha… Ammo vaqt o‘tib men shuni tushundimki, men shunchaki xohlaganim uchun to‘xtay olmayman, shekilli. Shaxsan men atrofimdagi odamlardan juda kuchli ta’sirlanaman, shuning uchun men qabul qiladigan qarorlarim boshqalarga qanday hissiy ta’sir qilishini ko‘tara olamanmi-yo‘qmi, deb o‘ylashim kerak bo‘ladi. Men shu bilan kurashdim. Oxir-oqibat, men olovni saqlab qolish — haqiqatan ham xohlagan narsam va menga eng haqiqiy tuyuladigan tanlov ekanini his qildim

👤 Sening 2022-yildagi yakkaxon albomingda “quti ichida bo‘lish” metaforasidan foydalangansan. Hozir ham o‘zingni qaysidir ma’noda quti ichida his qilasanmi? Agar ha bo‘lsa, qaysi qutida?

🐿️ Menimcha, bu o‘sha vaqt uchun mukammal metafora edi. Ammo hozir, ko‘proq o‘z musiqamni yaratib, o‘zimni sinab ko‘rib va umuman olganda yanada ishonchliroq his qila boshlaganimdan beri, endi o‘zimni quti ichida deb aytmagan bo‘lardim. Hozir men ko‘proq shuni o‘ylayman: “Qutidan chiqqanimdan keyin nimalarni yarata olaman?”
Lekin aslida, mening musiqamning kelib chiqishi Pandora qutisi haqidagi hikoyaga ham bog‘liq. U hikoyada quti ochilganda barcha yovuzliklar chiqib ketadi, lekin u yopilganda ichida faqat umid qoladi. Unda savol tug‘iladi: umid quti tashqarisiga chiqqanda nimalarga duch keladi?
Agar o‘ylab ko‘rsak, juda ko‘p narsa bo‘lishi kerak… men musiqamga kiritishim va topishim kerak bo‘lgan turli “mavjudliklar”. Chunki hayotda hissiyotlar juda ko‘p-ku — quvonch, sevgi yoki undan ham og‘irroq narsalar bo‘lishi mumkin. Hozir men uchun eng qiziq narsa — aynan shu his-tuyg‘ularga yuzma-yuz qarab, ularni musiqam orqali ifodalash.

👤 Sening guruhdagi roling juda muhim — ham musiqiy, ham hissiy jihatdan. Aytishlaricha, sen guruhni birlashtirasan, RM ham ma’lum ma’noda sen uning liderlik jihatlarini bo‘lishishingni aytgan. Sening shaxsiyating va iste’doding kerakli. Bu senga qachondir og‘irlik qiladimi?

🐿️ Men buni og‘irlik deb aytmagan bo‘lardim. Men shunchaki qo‘limdan kelganini qilaman. Menimcha, bu jamoadagi mening rolim. Va men buni majburiyat sifatida qabul qilmayman. Nima qilishim kerakligi haqida o‘ylamayman. Bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladi. Bu… “rol”? Buni umuman rol deb atash kerakmi o‘zi? Bunday deyish biroz g‘alati. Lekin men buni shunchaki tabiiy narsa sifatida qabul qilaman.

👤 Sening matnlaring va intervyularingdan ko‘rinadiki, j-hope ba’zan umid manbasini izlaydi. Sen boshqalarga umid berasan, lekin o‘zing umidni qayerdan topasan?

🐿️ Hmm… Men bu haqida aslida doim o‘ylayman. Hatto umid haqida gapirganimda ham, men o‘zimni to‘liq umidga to‘la inson deb aniq his qilgan emasman. Rostini aytsam, bu ko‘proq fikrlashga bog‘liq. Menga “j-hope” nomi berilishidan oldin ham men doimo yorqin, ijobiy va umidga to‘la odam edimmi? Albatta, men quvnoq xarakterga ega edim, lekin men umid tabiatiga shu qadar chuqur berilib ketmagan edim.
Go‘yo bu ism meni men qilgandek, hayotimdagi o‘rnim ham meni o‘zgartirgandek bo‘ldi. Bu ismni olganimdan keyin men o‘zimga: “Men ko‘tarib yurayotgan bu ism uchun javobgarman,” deb aytdim va bu ichimda nimanidir o‘zgartirdi. Men hamma joyda umidni izlay boshladim. Keyin bu haqda boshqalarga ham gapirdim: agar fikrlashni o‘zgartirsang, haqiqatan ham umidni topish mumkin.
Men doim o‘zimga eslataman: “Sen — j-hope.” Shuning uchun aniq bir usulim yo‘q, lekin hozirgi hayotim umid va j-hope konsepsiyasi bilan shu qadar bog‘liqki, men o‘z yo‘limni tasodifan topib qo‘yganman.

👤 ARIRANG yaratilish jarayonida seni ayniqsa yodingda qolgan lahzalar bormi? Balki yangi bir narsani kashf qilganingni his qilgan paytlaring?

🐿️ Birinchi navbatda, bizning yettalamizning AQShga uchib borib, yozuv jarayonida birga qatnashganimizning o‘zi butun yondashuvimizni o‘zgartirdi. Shuning uchun biz ish jarayonida u yerning madaniyatini o‘zlashtirib, muhitni his qilishdan juda zavq oldik. Menimcha, aynan shu albomni juda maxsus va noyob qilgan narsa ham shu.
Ko‘plab qo‘shiqlarimiz ohang jihatidan oldingi ishlarimizdan ancha farq qiladi. Bu jarayonning o‘zida namoyon bo‘ladi. Musiqa yaratish uchun birga sayohat qilish bizga o‘zimizning yangi tomonlarimizni ko‘rsatishga imkon berdi va oxir-oqibat guruh sifatida bizni yanada mustahkamladi

👤 Sening so‘nggi yakkaxon singllaringga qaraganda, romantika haqida yozishda yangi qulaylik topgandek ko‘rinasan. Bunga yetishish uchun fikrlashda nimani o‘zgartirding?

🐿️ Menimcha, 30 yoshdan oshganda his qilinadigan sevgi va romantikaning og‘irligi 20 yoshdagidan boshqacha bo‘ladi. Shaxsiy tajribadan tashqari, men bu haqda ancha chuqurroq o‘ylay boshladim va narsalarga yanada yetuk inson nuqtayi nazaridan qarayapman.
Albatta, mendan kattaroq insonlarga bu juda sodda yoki “yoqimli” tuyulishi mumkin, lekin hozir men hissiy mavzularga yanada ehtiyotkorlik va chuqur o‘ylab yondashish kerak deb his qilaman. Va aslida bu menga sevgi haqida yanada ochiqroq gapirish imkonini berdi.
Menimcha, bu tabiiy jarayon. Vaqt o‘tishi bilan sevgi tushunchasi yanada noziklashib borishini angladim

👤 BTS’ning dastlabki 10 yili super yulduzlik darajasiga ko‘tarilish davri edi. BTS 2.0 ning maqsadi nima?

🐿️ Oxirgi paytlarda men oldinga juda uzoqqa qarash kerak emas deb o‘ylayapman. Biz shunchaki hozirgi lahzada yashayapmiz va hozir juda zavqlanyapmiz.
Agar biz shu hislar bilan oldinga harakat qilsak, turli maqsadlarga tabiiy ravishda yetib boramiz. Shuning uchun juda katta orzular qilish o‘rniga, men guruh bilan musiqa yaratishda davom etish va bir-birimiz bilan hamda muxlislarimiz bilan iliq munosabatni saqlab qolishni xohlayman.
Bu mening yagona maqsadim va umidim. Men shuni xohlayman.

Rolling Stone

.
.
.
.
.
.
.
#leebona ~
____
⟭⟬ @UZB_SUB_BTS ⟬⟭