HIDDEN FEELINGS
Universitetning birinchi kuni...
Yangi shahar. Yangi universitet. Yangi odamlar.
Bularning barchasi Leorani hayajonga solardi. U hayotining yangi bosqichini boshlayotganini his qilardi.
Leora universitetga yaqin joydan kvartira topgandi. U yerda onalari orqali tanishgan yangi dugonasi bilan yashardi. Ular qisqa vaqt ichida juda yaqin doʻst boʻlishgandi. Ammo dugonasi masofaviy taʼlimda oʻqirdi. Bir oy universitetga qatnashib, keyin uyiga qaytishi kerak edi. Leora esa bu shaharda yana bir yil qolardi.
Ertalab u yangi kiyimlarini kiyib, oynaga qaradi.
— Bugun hammasi yaxshi boʻladi, dedi oʻziga ishonch berib.
Universitet binosiga kirishi bilan yuragi yanada tez ura boshladi. Atrof talabalar bilan gavjum edi.
Birinchi dars ingliz tilidan Speaking edi.
Oʻqituvchi talabalarni birma-bir oʻrnidan turgʻizib, oʻzlari va hobbilari haqida gapirib berishni soʻradi.
Navbat Leoraga kelganda u biroz hayajonlandi.
— Salom. Mening ismim Leora. Men boshqa shahardan kelganman. Mening hobbiym dramalar tomosha qilish, dedi u kulimsirab.
— Juda yaxshi. Xush kelibsiz, Leora, dedi oʻqituvchi.
Keyingi fan jismoniy tarbiya edi.
Sport zaliga ketayotganida Leora ichida oʻylab qoldi.
"Bu yerda yolgʻiz yurishni xohlamayman. Hech boʻlmasa bitta yaqin doʻst topishim kerak."
Shu payt yonida ketayotgan bir qizga koʻzi tushdi.
— Salom. Men Leora. Birinchi kursmisan?
Ular yoʻl davomida suhbatlashib ketishdi.
— Sen nimaga qiziqasan? deb soʻradi Leora.
— Men koreys dramalari va k-popni juda yaxshi koʻraman. Ayniqsa, idollarni kuzatishni.
Leoraning koʻzlari chaqnab ketdi.
— Rostdanmi? Men ham! Men ham dramalarni juda yaxshi koʻraman.
Ikkalasi bir-biriga qarab kulib yuborishdi.
— Voy, oʻzimga oʻxshagan odamni topdim, dedi Leora xursand boʻlib.
— Men ham juda xursandman, dedi Sera.
Shu kundan boshlab Leora va Sera deyarli ajralmas dugonalarga aylanishdi. Ular hali bilishmasdi, bu universitetdagi tanishuv ularning hayotini butunlay oʻzgartirib yuborishini...
Jismoniy tarbiya darsi boshlandi.
Ularga biriktirilgan o‘qituvchi barcha talabalarni safga tizdi.
— Endi men sizlarning jismoniy tarbiya o‘qituvchingiz bo‘laman, dedi u. Hozir sport zali band. Shuning uchun bugun mashg‘ulotni tashqarida o‘tkazamiz.
U voleybol to‘pini qo‘liga oldi.
— Setka bo‘lmaydi. Dumaloq bo‘lib turib, to‘pni yerga tushirmasdan o‘ynaysizlar. Kim o‘yin oxirigacha maydonda qolsa, unga bugunoq "5" baho qo‘yaman.
Bu gapni eshitgan talabalar darrov dumaloq bo‘lib saf tortishdi. O‘yin boshlandi.
Leora avvaliga hayajonlangan bo‘lsa-da, asta-sekin o‘yinga kirishib ketdi.
Leoraning kursdoshlari orasida guruh sardori bo‘lgan bir yigit ham bor edi. O‘yin davomida u to‘pni ko‘proq Leoraga uzatar, ba'zan esa unga qarab kulimsirab qo‘yardi. Leora esa buni shunchaki tasodif deb o‘ylab, butun diqqatini o‘yinga qaratdi.
Vaqt o‘tgan sayin talabalar birin-ketin o‘yindan chiqib ketishdi.
Oxir-oqibat maydonda faqat Leora qoldi.
— Barakalla! Bugungi "5" baho seniki, dedi o‘qituvchi.
Leora xursand bo‘lib Seraga qaradi. Sera esa unga bosh barmog‘ini ko‘rsatib tabassum qildi.
Shu payt sport maydonchasi yonidan bir yigit o‘tib qoldi.
Leora beixtiyor unga qarab qoldi.
Yigitning egnida kulrang ko‘ylak, qora sport shim bor edi. Och jigarrang sochlari tartibli turmaklangan, qadamlari ishonchli edi. Yonidan o‘tayotganda yoqimli atir hidi taralib, bir lahza havoda saqlanib qolgandek tuyuldi.
"Voy... juda chiroyli ekan. Lekin bunday yigitlar bizga o‘xshagan oddiy talabalarga e'tibor berishmasa kerak."
"Bo‘ldi, Leora. Chalg‘ima. Sen bu yerga o‘qigani kelgansan."
Shunday deb u yana Seraning yoniga borib, darsni davom ettirdi. Ammo negadir haligi notanish yigitning qiyofasi xayolidan chiqmayotgandi...
Och jigarrang sochli o‘sha ko‘rkam yigit shu qadar chiroyli ediki, sport maydonchasidan o‘tishi bilan deyarli barcha qizlarning nigohi beixtiyor unga qadaldi. Kimdir dugonasining qulog‘iga nimadir pichirlardi, kimdir esa uning ortidan hayrat bilan qarab qolardi. Ammo yigit bularning hech biriga e'tibor bermay, xotirjam qadamlar bilan yo‘lida davom etdi.
Universitetdagi birinchi kun ham nihoyasiga yetdi.
Leora charchagan holda kvartirasiga qaytdi. Eshikni ochishi bilan xonadoshi uni tabassum bilan kutib oldi.
— Keldingmi? Men ovqat tayyorlab qo‘ydim, dedi u.
Bu kvartirada to‘rtta xona bor edi. Boshqa xonalarda besh-oltitadan qiz yashardi. Ammo Leora bilan uning dugonasi shovqinni yoqtirmagani uchun ataylab ikki kishilik xonani tanlashgandi.
Lekin bu qulaylik uzoqqa cho‘zilmasdi.
Xona ularga faqat bir oyga berilgandi. Dugonasi masofaviy ta'lim sabab uyiga qaytgach, Leora boshqa qizlar bilan bir xonaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lardi.
Bu fikr Leorani biroz o‘ylantirdi.
"Yangi qizlar bilan chiqishib keta olarmikanman?" deb o‘yladi u ichida.
Xonadoshi sumkasini yelkasiga ilib oldi.
— Men onlayn darsimga kirishim kerak. Ovqat tayyorlab qo‘ydim, issiqligida yeb ol, xo‘pmi?
— Xo‘p, rahmat, dedi Leora tabassum qilib.
Shunday deb dugonasi darsiga kirish uchun chiqib ketdi.
Xonada yolg‘iz qolgan Leora ovqatini yeb bo‘lgach, deraza yoniga borib tashqariga qaradi. Universitetdagi birinchi kuni ko‘z oldidan o‘ta boshladi.
— Birinchi kunim yomon o‘tmadi... dedi u sekin.
Ammo u hali oldinda uni qanday uchrashuvlar va kutilmagan voqealar kutayotganini bilmas edi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, Leoraning dugonasining ham darsi tugadi.
— Qornim juda ochib ketdi, yur, ovqat qilamiz, dedi u.
— Mayli, ketdik, deya javob berdi Leora.
Ikkalasi birga kvartiraning tashqarisida joylashgan umumiy oshxonaga yo‘l olishdi. Oshxonada qizg‘in hayot davom etardi. Kimdir ovqat tayyorlayotgan, kimdir esa pishirgan ovqatini idishlarga solib, xonasiga olib ketayotgan edi. Atrofni yangi pishayotgan taomlarning hidi tutib ketgandi.
Leora bilan dugonasi ham bir burchakdan joy olib, ovqat tayyorlashni boshlashdi.
Shu payt ularning yoniga uch nafar qiz keldi.
— Salom, tanishsak bo‘ladimi? dedi ulardan biri tabassum bilan.
Ular bir-birlari bilan tanishib, suhbatlashib ketishdi.
Qizlardan biri atrofga alanglab, so‘radi:
— Sizlar ikki kishilik xonada turarkansizlarmi?
— Ha, dedi Leoraning dugonasi.
— Biz esa sakkiz kishi bitta xonadamiz. Rostini aytsam, juda qiyin. Ba'zilar umuman ozoda emas, xona hamisha tartibsiz bo‘ladi.
Ikkinchi qiz ham xo‘rsinib qo‘ydi.
— Shuning uchun sizlardan bir iltimosimiz bor edi...
Leora bilan dugonasi bir-biriga qarab olishdi.
— Nima ekan? deb so‘radi Leora.
— Iloji bo‘lsa, biz sizlarning xonangizga ko‘chib o‘tsak bo‘ladimi?
Bu gapni eshitishi bilan Leora va dugonasi bir-biriga norozi nigoh tashlashdi. Ular ataylab tinch va ikki kishilik xonani tanlagan edi. Shu sabab bu taklif ikkalasini ham biroz noqulay ahvolga solib qo‘ydi.
Birinchi qismni o‘qiganingiz uchun katta rahmat!
Fanfic by: Leora
@thvfxl