«O‘ZLITINEFTGAZ» AJ Konstitutsiya kuni va huquqiy hamda moliyaviy madaniyat masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi
2025-yil 5-dekabr kuni “O‘ZLITINEFTGAZ” AJ konferensiya zalida bir qator muhim sanalar va dolzarb yo‘nalishlarga bag‘ishlangan ma’lumot-tushuntirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Boshqaruv raisi U.S. Nazarov ochib berdi hamda barcha xodimlarni 8 dekabr kuni kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan tabriklab, mazkur hujjatning inson huquq va erkinliklarini ta’minlovchi muhim kafolat ekanini ta’kidladi.
Kun tartibida quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlandi.
Ma’ruzada Konstitutsiyaning inson qadr-qimmati, erkinligi, teng huquqliligi va adolatni ta’minlovchi hujjat sifatidagi mohiyati ochib berildi. «Adolat» odil sudlov masalalari bo‘yicha milliy axborot markazi mutaxassislari konstitutsiyaviy qadriyatlarning jamiyatni barqaror rivojlantirish va huquqiy tizimni mustahkamlashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdilar.
2. Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni doirasida ma’ruza.
Korrupsiyaga qarshi kurashish markazi eksperti korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni yorituvchi materiallarni taqdim etdi. Amaldagi nazorat mexanizmlari, shaffoflik va korporativ mas’uliyat tamoyillariga baho berildi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish muhitini shakllantirishda har bir xodimning o‘rni muhim ekanligi ta’kidlandi.
3. SQB bankining “Bank at Work” dasturi haqida ma’lumot.
SQB banki vakillari tinglovchilarni ish haqi kreditlarini taqdim etishning o‘ziga xos xususiyatlari, ularni rasmiylashtirish shartlari va korporativ mijozlar uchun imkoniyatlari bilan tanishtirdilar. Dasturning afzalliklari va xodimlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan xizmat ko‘rsatish vositalari qayd etildi.
Tadbir axborot almashish, xodimlarning huquqiy ongini yuksaltirish va korporativ madaniyatni mustahkamlash uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qildi. Ko‘rib chiqilgan mavzular ijtimoiy va kasbiy faoliyatning asosiy jihatlarini qamrab oldi, bu esa ishga mas’uliyatli, malakali va ongli yondashuvni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.