Toshkent davlat texnika universitetida «O‘ZLITINEFTGAZ» AJ ishtirokida xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-yil 20-may kuni Toshkent davlat texnika universitetida “Uglevodorodlarni qazib olishni ko‘paytirish, ularni qayta ishlash samaradorligini oshirish va neft-gaz sohasi uchun kadrlar tayyorlashda klasterlarning o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti hamda «O‘ZLITINEFTGAZ» AJ hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyaning ochilish marosimida “O‘ZLITINEFTGAZ” AJ Boshqaruv raisi, texnika fanlari doktori, professor Ulug‘bek Sultonovich Nazarov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida neft-gaz sanoatida barqaror rivojlanishni ta’minlashda ilm, ishlab chiqarish va ta’lim integratsiyasining ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi, shuningdek, kompaniya faoliyatining raqamlashtirish va innovatsiyalar yo‘nalishidagi ustuvorliklarini bayon etdi.
Plenar majlis va seksion yig‘ilishlar davomida ishtirokchilar uglevodorodlarni qazib olishni intensivlashtirish, raqamli texnologiyalar, neft va gazni qayta ishlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda malakali kadrlar tayyorlash kabi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Konferensiyada O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa davlatlardan yetakchi mutaxassislar va olimlar ishtirok etdi.
«O‘ZLITINEFTGAZ» AJ sohaga ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish va kadrlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etishda davom etmoqda.