Tarmoqning barqaror rivojlanishi bo‘yicha muloqot: «O‘ZLITINEFTGAZ» AJning ENERGY FORUM 2025’dagi ishtiroki
2025-yil 13–15-may kunlari OGU 2025 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida ENERGY FORUM bo‘lib o‘tmoqda. Bu forum neft-gaz sohasidagi yetakchi ekspertlar va kompaniya vakillarini jamlab, sohaning dolzarb muammolari va innovatsion yechimlarini muhokama qilishga xizmat qiluvchi asosiy biznes maydoniga aylandi.
Mazkur forum doirasida o‘tkazilgan “Neft-gaz injiniringi: barqaror qazib olishdagi innovatsiyalar” mavzusidagi panel sessiyasida «O‘ZLITINEFTGAZ» AJ Boshqaruv Raisi Ulug‘bek Sultanovich Nazarov spiker sifatida ishtirok etdi. Sessiya davomida qazib olishni intensivlashtirish, qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarni o‘zlashtirish, ekologik xavfsiz burg‘ilash texnologiyalari va eski konlarni modernizatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
U.S. Nazarovning ushbu sessiyadagi ishtiroki xalqaro kompaniyalar vakillari bilan birgalikda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksining barqarorligi va texnologik yetukligini oshirishga qaratilgan professional muloqotni rivojlantirishda muhim hissa bo‘ldi.
«O‘ZLITINEFTGAZ» AJ xalqaro maydonlardagi ishtirokini bosqichma-bosqich kengaytirib, ilg‘or tajribalarga ochiqligini va zamonaviy soha talablariga javob beradigan innovatsion yechimlarni joriy etishga intilayotganini yana bir bor namoyon etdi.