Stay alive
2 QISM | Noctaivelle saroyida bezovtalik
Saroy osmonida hali ham Eternis yulduzi xira miltillardi. Bu odatiy hol emasdi. Noctaivelle tarixi davomida hech qachon bu yulduz bunday zaif tus olmagan. Saroy ahli vahima ichida edi. Ulamolar tunda ham yulduz harakatlarini kuzatib, undan kelayotgan o‘zgarishlarni tushunishga harakat qilishardi.
Saroy zalida qirol Aldric Elion va boshqa yulduz bilimdonlarini diqqat bilan tinglardi. Qirolicha Laura ham malikasi Luna bilan yonida o‘tirardi. Saroy devorlariga osilgan mash’allar ularning yuzida g‘alati soyalar hosil qilardi.
— Qirolim, biz Eternis xiralashishiga sabab topish uchun astoydil harakat qildik, — dedi Elion, ovozi sal qaltirab. — Lekin hech qanday tabiiy tushuntirish yo‘q… bu hodisa yulduzning o‘zgarishi emas, balki tashqi ta’sir natijasida yuz bergan bo‘lishi mumkin.
Qirol Aldric qoshlarini chimirdi.
— Tashqi ta’sir? Demak, bu hodisaning ortida kimdir turibdi, shundaymi?
— Ha, shunday bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, — davom etdi Elion. — Bizning odamlardan biri saroy tashqarisida bir necha noma’lum shaxsni kuzatdi. Ular oddiy savdogarlarga o‘xshardi, lekin harakatlari shubhali edi. Ularning so‘zlaridan shuni angladikki, qo‘shni qirollik bizga qarshi fitna uyushtirmoqda.
Zalda shovqin ko‘tarildi. Ulamolar shivirlasha boshlashdi. Qirolicha Laura xotirjamligini saqlashga harakat qilardi, lekin uning ko‘zlarida ham xavotir ko‘rinardi.
— Qo‘shni qirollik… — Qirol Aldric chuqur o‘ylanib qoldi. — Ular ancha vaqtdan beri sokin edilar. Lekin bu fitnaning Eternisga nima aloqasi bor?
— Bizning odamlarimiz yollangan josuslarni tutishdi. Ular qirollikning ichida noxushlik yaratish uchun yuborilgan. Yana bir narsa… — U ovozini pasaytirdi. — Ularning aytishicha, qo‘shni qirollikning yangi qiroli bizga ochiqchasiga urush e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Qirol Aldricning yuzi o‘zgarib ketdi. Saroy zali mutlaq sukunatga cho‘mdi. Noctaivelle urush ko‘rmaganiga ancha bo‘lgan edi. Qirollik yillar davomida tinch va mustahkam edi. Ammo endi bu osoyishtalik yo‘q bo‘lishi mumkin edi.
Qirolicha Laura jimgina qiziga — malika Lunaga qaradi. U hali yosh edi, lekin bu kabi voqealar unga ham ta’sir qilishi aniq edi. Luna esa o‘zini yo‘qotmagan edi. Uning ko‘zlarida hayrat va tashvish zohir bo‘lsa-da, ichki qat’iyligi sezilib turardi.
— Biz tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak, — dedi nihoyat Qirol Aldric. — Agar ular bizga qarshi urush ochayotgan bo‘lsa, biz bunga qarshi turamiz. Elion, sening odamlaring buni aniq isbotlay oladilarmi?
— Ha, qirolim, — dedi ulamolar sardori. — Bizda aniq dalillar bor. Josuslar qo‘limizda, va ular harakatlarning barchasini tan olishdi.
— Unday bo‘lsa, bu sir saqlanmasin, — dedi qirol qat’iy ovozda. — Butun Noctaivelle buni bilishi kerak. Biz urushga tayyorlanamiz!
Bu so‘zlar saroy devorlarida aks-sado berdi. Noctaivelle tinch qirollik edi, lekin hech qachon yovuzlik oldida egilmagan. Agar urush taqdirning yo‘li bo‘lsa, unda ular bunga munosib javob berishardi.
Tong endigina otdi. Noctaivelle osmoni hali ham biroz xira, lekin saroy ichida harakat allaqachon boshlangan edi. Kechagi dahshatli xabar butun qirollikka tarqalgan, xalq orasida vahima yuzaga kelayotgan edi. Shuning uchun ham bugun qirol Aldric ertaroq uyg‘ondi. U taxtiga o‘tirib, Elion va sodiq maslahatchilar bilan maslahatlashishni rejalashtirayotgan edi.
Ammo kutilmaganda saroy eshiklari ochildi va posbonlar bir kishini ichkariga olib kirdi. Bu odam g‘ayrioddiy kiyingan bo‘lib, uning liboslari Noctaivelle odamlari kiyimiga o‘xshamasdi. U uzun to‘q qizil rido kiyib olgan, yelkasida yengil zirh porlab turardi. U saroy zali bo‘ylab ohista yurib, taxt oldida tiz cho‘kdi.
— Qirolim, — deya bosh egdi posbon. — Bu odam qo‘shni qirollikdan elchi sifatida keldi.
Zalda yengil shovqin ko‘tarildi. Qirolicha Laura va malika Luna ham unga qiziqib qarashdi. Aldric esa ko‘zlarini toraytirib, elchining yuziga tikildi.
— Kim yubordi seni? — deya so‘radi qirol, ovozida shubha bilan.
Elchi boshini ko‘tarib, qat’iyat bilan gapira boshladi:
— Buyuk Aldric, men sizning sharafli hukmingizni hurmat qilgan holda bu yerga yuborildim. Mening nomim Kael, va men qo‘shni qirollik – Ravendale nomidan keldim. Mening qirolim siz bilan murosaga kelishni istaydi.
Zalda biroz sukunat cho‘kdi. Bu gap ko‘pchilikni hayratga soldi. Kecha ularning niyati urush bo‘lgani ma’lum bo‘ldi, bugun esa… kelishish? Bu nimani anglatardi?
— Murosa? — Qirol Aldric qoshlarini chimirdi. — Sizning qirolingiz bizga qarshi fitna tayyorlayotgani aniq bo‘lsa, qanday qilib bu haqda murosaga kelish mumkin?
— Qirolim, men sizga aniq so‘zlarni yetkazish uchun bu yerga keldim. Agar Noctaivelle tinchlikni tanlasa, unda hech qanday qon to‘kilmaydi. Lekin agar urush boshlansa, bu nafaqat Noctaivelle, balki Eternis yulduzi uchun ham yomon oqibatlarga olib keladi.
Bu so‘zlar hammani gangitdi. Elion hayrat bilan oldinga chiqdi:
— Eternis haqida… siz qanday ma’lumotga egasiz?
Elchi Kael unga qarab, jilmayib qo‘ydi.
— Siz Noctaivelle siri faqat sizlarga tegishli deb o‘ylaysizmi? Biz ham barchasini bilamiz. Agar bu yulduz butunlay o‘chsa, Noctaivelle zaiflashadi… va kelajagi yo‘qoladi. Bizning qirolimiz sizning hukmronligingizni to‘g‘ri tushunadi, ammo u kuchsiz qirollikka qarshi urush qilishni istamaydi. Shuning uchun sizga tanlov berilmoqda.
Qirol Aldric taxt suyanchig‘iga suyanib, og‘ir nafas oldi. Bu vaziyat ancha nozik edi. Qirolicha Laura ham chuqur o‘yga cho‘mgan holda, elchini kuzatardi.
— Xo‘sh, — dedi qirol nihoyat, — sizning qirolingiz qanday kelishuvni taklif qilmoqda?
— Juda oddiy. Agar siz biz bilan tinchlik sulhiga imzo qo‘ysangiz, bizga yetarlicha hudud bersangiz, hamda Ravendale shahzodasi Kim Taehyung bilan muhtarama Malika Luna unashtirilsa unda urush bo‘lmaydi. Agar bu taklif rad etilsa… unda biz o‘z yo‘limizni tanlashga majbur bo‘lamiz.
Bu gaplar saroy ichini yanada og‘ir sukunatga to‘ldirdi. Noctaivelle bu kabi shartlarga rozi bo‘lishi mumkinmi? Agar urush boshlansa, kim g‘olib chiqadi?
Qirol Aldricning ko‘zlari qattiqlashdi. U kechayu kunduz bu qirollik uchun jonini fido qilgan edi. Hech qanday shart uni yeridan voz kechishga majbur qila olmasdi. Hamda asrab avaylab guldek oʻstirgan qizi Lunani ham bunday yosh holicha turmushga berolmasdi.
Lekin Eternis… agar yulduz chindan ham xavf ostida bo‘lsa, unda barchasi yanada murakkablashardi.