June 13, 2025

ᯏ𝖠𝖬𝖭𝖤𝖲𝖨𝖠

Bugun bizning munosabatimizga bir yil toʻladi . Bugun yana bir bor baxt hissini totib koʻraman . U menga muhim gapi borligini aytdi . Nima ekanligiga shunchalar qiziqib ketyapmanki . . . U menga Angelina kafesi yonida uchrashamiz dedi . U yerga tezroq borishga sabrim chidamayapti . Uni koʻrsam , ovozini yana eshitsam . . .

Ichayotgan qahvamni stol ustiga qoʻyib , oyna tomon yurdim . Bugun juda chiroyli boʻlish kerak , bugungi kun antiqa oʻtishi kerak . Chunki bu kun boshqa qaytib kelmaydi , keyin qachondir biz bir yillik sevgimizni nishonlay olmaymiz .

Luna

Mashinadan tushdim . Havo biroz bulutli boʻlib , mayda yomgʻir shivalab oʻtardi . Uydan soyobon olib chiqmadim , chunki uning soyabonida doim men uchun joy borligini bilardim . Agar unda ham yoʻq boʻlsa , yomgʻirda biroz aylanib , kinolardagi kabi romantik onlarni birga oʻtkazishimizni ham oʻylab qoʻydim .

Odamlar gavjum koʻchaga qaragan paytimda , quloqlarimda musiqa yangrar edi . Men uchun bu eng yoqimli hislardan biri boʻlib qolgan . Bu xuddi ertakga oʻxshab ketadi , xuddi sen reallikdan ajralib qolgandek . . .

Taehyung

Biroz yurishim bilan , uzoqdan men tomon kelayotgan Taehyungni koʻrdim . Uni koʻrgan zahotim oramizdagi masofa yoʻqolgandek boʻldi . U yuzida tabassum bilan , jadal qadam bosib kelardi . Men uning tabassumiga oshiqman , u kulganda doim lablari yurak shaklini eslatadi menga . Menga ortiq musiqa kerak emas , endi uning ovozini eshitishni istayman . Quloqchinlarimni yechish uchun toʻxtadim . Svetafor rangi yashildan qizilga oʻzgarganiga koʻzim tushdi - yu , ikkinchi marta qaragan paytim u yerda yotardi .

— Jin ursin , tushim ekan . . . — oʻzimga oʻzim , sekin pichirladim . Ammo hamon yuragim tez urar , tushdagi voqealar koʻz oldimdan ketmasdi . Nafas olishim qiyinlashgan , har bir ogʻir nafasda koʻkragim koʻtarilib tushardi . Koʻzimni yumdim . Biroz oʻzimga kelib olishim bilan koʻzlarim yoshlanishni boshladi . Bu oʻsha . . . Men uni yoʻqotgan kun edi . Men oʻzim istamasamda uni yoʻqotishga majbur boʻldim . U esa oʻz xohishiga qarshi bu dunyoni tark etishga . Birgina adashilgan soniya , va . . . U endi yoʻq . Uch yildan buyon mana shu birgina xato ketgan lahzaning tovonini toʻlab kelyapman . Baʼzan , men buning bariga oʻzimni aybdor deb bilaman . Balki , men unga toʻxta deganimda hammasi yaxshi boʻlgan boʻlarmidi . Balki , oʻsha kuni u bilan uchrashishni rad etganimda , u hozir yonimda boʻlarmidi . Bilmadim . . . Biz birovning qismatini oʻzgartira olmaymiz , biz ularni qanchalar sevsak ham , ajal kelgan vaqti qafasdagi qush singari sukut saqlashga mahkummiz .

Tong . Tong signali chalindi va men koʻzlarimni ochdim . Bu ish har kuni xuddi shunday davom etadi . Bu signal har tong soat beshda , doim bir xil tovush chiqarib meni uygʻotadi . Va aynan mana shu tovush , yillar oʻtgan sari , har qanday rasvolikning boshlanishidan darak beradi .

Yana biroz uyqu istayotgan koʻzlarimni ishqalab , tanamni uygʻoq holatga keltirishga harakat qildim . Yotoq joyimda oʻtirgancha , xonaga diqqat bilan nazar tashladim . Biroz qorongʻu , ammo daqiqa sayin yorishib kelayotganini his qilsa boʻladi . Xonadagi ikkinchi kravat boʻsh turardi . Onam kundan kunga operatsiyaga muhtoj boʻlib boryapti . Kechagi kun , ahvoli ogʻirlashib , mening qoʻlimdan hech narsa kelmagani uchun unga hozir kasalxonada gʻamxoʻrlik qilishyapti .

Kun yorishgani sari , mening qalbim qorongʻulashib borardi . Men bugun suhbatga borishim kerak . Agar yana biroz ishsiz yursam , operatsiyagacha ulgurmay qolishim mumkin . Men esa bunga yoʻl qoʻya olmayman . Men shundogʻam koʻp narsalarni yoʻqotdim ; tugʻilib oʻsgan uyimni , yoshligimda menga malikalardek munosabatda boʻlgan otamni , ikki yil mobaynida meni boqqan kasbim va . . . Hayotimning nurini , menga ilk marotaba "sof muhabbat " nima ekanini oʻrgatgan insonni . Men endi onamni ham yoʻqota olmayman , bu chinakamiga ortiqcha . Bunga chiday olmasam kerak . . .

Soat 7 dagi ish suhbati uchun bir soat oldin yoʻlga chiqdim . Nihoyat men yana Parij tomon yoʻl oldim . Ammo , endi Parij koʻchalari menga avvalgi baxtni qaytarib bera olishiga koʻzim yetmayapti .

Men hammasi boshlangan shaharga yana qaytyapman , ammo endi hech narsa qayta boshlanmaydi . Gullar iforsiz , qushlar ovozsiz , osmon rangsiz tuyulishni boshladi . Hali erta boʻlishiga qaramay , koʻchada koʻp insonlarni uchratish mumkin edi .

Men avvallari Taehyung bilan koʻp sayr qilgan koʻchadan oʻtarkanman , koʻzlarimdan yana yoshlar qalqib chiqardi . Men yigʻlamaslikka qancha harakat qilsam ham bu foydasiz edi . Bu yerda oʻtgan minglab xotiralar hayollarimda gavdalanardi . Ular xuddi " U endi yoʻq " deya qulogʻimga shivirlashayotganga oʻxshardi .

Mashina yana yarim soatcha yoʻl bosgandan keyin shahar chetida joylashgan bir qoʻrgʻon yoniga kelib toʻxtadi . Taklif qilingan summani koʻrgan zahotim ularning boy ekanini anglagandim . Adashmabman . Qoʻrgʻon juda chiroyli , keng va katta edi . Uy atrofini baland boʻyli , qurollangan qoʻriqchilar qurshab turishardi . Qoʻrgʻon qora panjara bilan oʻralgan boʻlib , kirish uchun xuddi shunday darvozadan oʻtish kerak edi .

Taksi haqini toʻlab , qoʻrgʻon tomon qadam bosdim . Qora panjaralik darvoza yoniga kelib toʻxtadim . Toʻgʻrisi nima qilishni bilmasdan hayajonlanardim . Esim ogʻib qolgandek edi .
— Bonjour , jolie mademoiselle . — Kim gapirganini bilish uchun qaradim . Bu shu yerda turgan qoʻriqchilardan biri edi .

— Bonjour , monsieur . Men . . . Haligi , bu yerga suhbatdan oʻtish uchun kelgandim .

Yigitlar boshini qimirlatib darvozani ochib berishdi . Qoʻrgʻon ichiga kirgan paytim , bogʻ gullari hidi ifori yaqindan taralib turardi . Hovli oʻrtasida katta favvora , ichidagi suv ham toza va tiniq edi . Agar men bu yerda ishlashni boshlasam , ruhiy sogʻligim ancha tiklanishi mumkin .

Bir ayol meni ichkari kiritdi . Xonadon ichi ham juda shohona bezatilgan edi . Kirish zalida bir xonim xuddi uyga mos tarzda , elegant libosda choy ichib oʻtirardi . Menimcha men gaplashishim kerak boʻlgan inson shu ayol boʻlsalar kerak . Yonimdagi ayol meni uning yoniga oʻtqazdi .

— Xush kelibsiz , Luna , men shu uyning bekasi boʻlaman . Marie Simon . — U menga choy uzatdi , choyni olarkanman qoʻlimdagi qaltirashni payqadim . Bu qattiq hayajonlanayotganim belgisi edi . — Tanishganimdan xursandman .

— Men . . Men ham tanishganimdan xursandman , madam .

— Mening oʻgʻillarimdan biri nogiron boʻlib qolgan . Bu bir necha yil avval sodir boʻldi . Hammasi laʼnati avtohalokat tufayli yuz berdi . — U bu gaplarni aytarkan , Taehyung yodimga tushdi . Uni yerda qonga belangan , jonsiz tanasi tasavvurimda gavdalandi . Tomogʻimga quyuq bir hissiyot tiqilib qoldi . Men yigʻlashni istardim . Lekin oʻzimni bosib turishim kerak edi .

— Luna , yaxshimisiz ? — Xonim yana menga choy quyib , uzatdi . Tomogʻimda tiqilgan narsani pastga itarish maqsadida , choyning issiqligiga qaramasdan , tez- tez hoʻplab olardim .

— Va , avtohalokat tufayli Amneziya kasalligiga ham duchor boʻldi . — davom etdi u . — U oʻtmishda boʻlib oʻtgan hech narsani eslolmaydi , hushiga kelgan payti , hatto meni , otasini , aka va singlisini ham tanimasdi . Hozir , chidasa boladi , oilamizga ancha oʻrgangan . Ha-ya , maʼzur tutasiz , ismi Taehyung .

U oxirgi gapini aytguniga qadar men choydan hoʻplab , jimgina tinglab oʻtirardim . Ammo u bunday deyishi bilan ogʻzimdagi choyga tiqilib qoldim . Tiqilib yoʻtalganimdan dasturxonni ham rasvo qildim . Xonim nima boʻlganini tushunmasdi , u menga salfetka tutqazdi .

— Uzr , men . . . Haligi . . . Yomon boʻlgan ekan , maʼzur tutasiz , tiqilib qoldim . — Oʻzimni oqlashga harakat qilardim . Ammo uning gaplaridan nafasim ogʻirlashgan , nima boʻlayotganini fahmlay olmasdim . Tezroq suhbat tugab , uning oʻgʻlini koʻrishga oshiqardim . Men uning chindan ham Taehyung yoki boshqa ekaniga aniqlik kiritishim zarur edi .

Men joyimda muzlab qolgandim . Sababsiz tirnoqlarimni kaftimga botirardim . Xonimning gaplari ortiq menga eshitilmasdi . Koʻzlarim koʻrayotgan narsalariga etibor qarata olmasdi .

Bu Taehyung boʻlishi mumkinmi ? U tirikmi ? Hammasidan ham koʻra shu ikki savol ich- ichimdan yeb bitirardi meni .

— Luna ? Luna , yaxshimisiz ? Meni eshityapsizmi ? — U meni bir necha bor chaqirgandan keyingina unga qaradim . Ammo boshim aylanib ketayotganga oʻxshardi . Miyamni bulut qoplab olgan edi .

— Biz bugun turmush oʻrtogʻim bilan Amerikaga joʻnab ketamiz . Shuning uchun ham unga qarovchi yollashga qaror qildik . Uyda , siz bilan mening qizim , Naelora qoladi . Tanishib olasizlar . — Xonim , sumkasini olib ketishga hozirlandi . — Yuring , birinchi oʻgʻlimning xonasini koʻrsatay .

Men soʻzsiz edim . Muz haykalga oʻxshab qolgandim . U nima desa ongsizdek bajarayotgandek edim . Chunki hozir miyam ishlashdan toʻxtab qolganga oʻxshardi . Shunchaki uning ortidan yurishni davom ettirdim .

— Uning xonasi , ikkinchi qavat , beshinchi xona . — Biz zinadan koʻtarila boshladik .

— Marie , tayyor boʻl , kech qolamiz ! — Erkak kishining yoʻgʻon ovozi edi . Ovoz kelgan tomonga qaradim , ammo xonimni chaqirgan kishi pastda edi , shu sabab uni koʻra olmadim .

Marie xonim qoʻlimdan ushlaganda choʻchib birdan unga qaradim . Uning koʻzlari menga hijolat bilan boqardi .

— Iltimos , Luna , kechiring . Men hozir ketmasam samolyotga ulgurolmaymiz , anavi eshikka kirasiz . Yana bir bor kechiring . Omad !

Shunday deya u pastga shoshilib tushib ketdi . Men esa haliyam bu yerda qoqilgan qoziqdek qimir etmay turardim .

Nihoyat oyoqlarim yurishni boshladi . Uch marta chuqur nafas oldimda , eshik yoniga keldim . Yuragim juda tez urardi . Va men eshikni ochdim . . .