May 16, 2025

FORSAKEN

Insonlar oʻtmishda tinch totuv yashar ekan, ularni kuzatib, ta'qib qilib kelgan kuchlar ilk sivilizatsiyadan beri mavjuddir. Ezgulik va yovuzlik, adolat va xiyonat, ishonch-u shubha. Bularning barini nazoratda ushlab keladigan, tenglikni saqlaydigan qirollik bu Elarion edi. Elarion osmon qirolligi boʻlib, oddiy insonlar bu haqda bilishmasdilar. Bu qirollik yerda yashovchi insonlarning yaxshi yomon amallari-yu niyatlarini sarhisob qilib kelardi.

Elarionda ikki qism Luminar— Nur va ezgulik yurti, Noctyra— Zulmat va yovuzlik yurti mavjud edi.

Noctyra va Luminar

Yaxshilik va yomonlik orasida tinchlikni saqlab keluvchi hukmdor bu Samuel III edi. Bu yerda yashovchi farishtalarni faqat qanotlaridangina yoki Luminarga yoki Noctyraga tegishli ekanini bilsa boʻlardi. Yorugʻlik farishtalari qanotlari nafis oq patlar bilan qoplangan boʻlsa, Noctyra aholisining qanotlari qora tusda edi.

Ikki boʻlim orasida chegara boʻlib, uni bosib oʻtish katta jinoyat sanalardi. Bu Elarion qirolligi eng asosiy qonunlaridan biri edi. Elarion qoidalarini buzib boʻlmasdi. Buzgan farishtani jazolash uchun ba'zan ularni Yerga badargʻa qilishar, qanotlaridan judo qilishar, va hattoki qiynoqlab oʻldirishardi. Bunday shafqatsiz qoidalardan yana biri: Luminarlik farishta Noctyralikga koʻngil qoʻymasligi kerak edi. Har bir farishtaning oʻz jufti boʻlib, unga xiyonat qilgan farishta jazolanardi. Elarionda atalgan farishtasiga xiyonat qilganligi uchun qanotlari yoqilgan malak haqida afsonalar bor edi. Ammo u qaysi yurtdan ekanligini hech kim bilmas, hamma turlicha fikr yuritardi. Shuning uchun farishtalar qonunlarni buzishdan oʻlimdanda koʻproq qoʻrqishardi. Ular Elarion qonunlarini "Qon bilan yozilgan" deb hisoblashardi.

Qirol Samuel qattiqqoʻl, hamma narsani tartib bilan boshqaruvchi, mamlakatni intizomda ushlovchi hukmdor edi. Ammo hamma narsa ham koʻringani kabi boʻlavermaydi. Qirol Samuelning ham yuragida dardi bor edi. Uning vorisi yoʻq edi. Yoʻq, yoʻq, qirol ham bir zamonlar farzand koʻrgan. Lekin u tugʻilgan kechaning oʻzidayoq gʻoyib boʻlgandi. Qirol va qirolicha bu bolaning na oʻgʻil va na qizligini bila olishdi. Bu bola xalq tomonidan "tugʻildi-yu oʻldi" nomini oldi. Baʼzilar uni oʻlik tugʻilgan deb tahmin qilishardi. Boshqalar esa chaqaloqni tugʻdirgan tabibni ayblashardi.

Ammo Elarionda vaqt oʻtgan sari mish-mishlar koʻpaya bordi. Saroyda unib oʻsayotgan yosh avlod, shahzoda va malikalar ulgʻayar ekan, ularning orasida Cressa ismli qiz kundan kunga Samuelga oʻxshab ketar, qanotlari ham borgan sari gʻalatilashib borardi. Shuning uchun koʻplar uni yoʻqolgan Malika ekanligiga ishonardi. Agar u oʻsha voris malika boʻlgan taqdirda, nega Saroyning Luminar qanotida oʻsdi? Uni u yerga kim olib borgan? Bu oʻzi qanday sodir boʻldi? Hech kim aniq aytolmas, savollar javobsiz edi.

Cressa 18 yoshga kirgandan soʻng oppoq qanotlari oʻz rangini yoʻqota boshladi. Qanotlari oz-ozdan kulrang tusga kirib bormoqda edi. Bu rangni halicha kulrang deb boʻlmasdi, biroq, oʻzgarishlar sezilarli edi.

U hech narsa boʻlmagandek yashashga harakat qilar, ammo doim boshqa farishtalar bilan bir joyda boʻlgan vaqtlarida unga boqayotgan gʻalati nigohlardan qocha olmasdi. "Kimman men? Farishtami? Yoki Maʼbuda? Nega bu yerdaman?" derdi oʻziga.
Balki u chindan ham qirol qizidir? Lekin qanday qilib Luminarda paydo boʻldi-yu, buni hech kim bilmay qoldi? U shunchaki oʻzining kimligini bilishni xohlar, shubhali qarashlardan qutulishni istardi.

Agar u voris boʻlgan taqdirda ham yashirinib yura olmaydimi? Bularning barisi shunchalar uni charchatgandiki.

Qolaversa shu kunlarda Cressa gʻalati tushlar koʻra boshlagan, rutubatli tunlar, qilichlar, qora qanotlilar-u, qon haqida. Doim tunda uygʻonib ketar, tungi koʻylagi qoʻrquv sabab paydo boʻlgan qora terga botgan boʻlardi. Shunday paytlarda ba'zan jar solgisi, yo qanotlarini kesib tashlab, ulardan halos boʻlgisi kelardi. Lekin yoʻq, yoʻq, u oʻz-oʻziga ziyon yetkazish uchun juda yaxshilik qilardi. Bu uning qoʻlidan kelmaydi.

Boz ustiga, bu mish-mishlar qirol va qirolichaning qulogʻiga ham yetib bordi. Shundan soʻng ular yanada bezovta boʻlib qolishgan. Cressani shubha ostiga olishgan. Ularning ham oʻz qizlari borligini, u haliyam tirikligini bilish judayam yoqimli ediku, lekin bu farishta chindan ham kichik maʼbuda ekanini hech kim aniq aytolmasdi.

Oxiri qirol Samuel aygʻoqchilar yollashga muvaffaq boʻldi. Aygʻoqchi deb Cressaning judayam "yaqin bir kishisi" tanlandi. Bechora qiz bu haqida bilmas, u hamon ichidagi kurashda jang qilar edi. Ammo aygʻoqchi Cressaning shaxsiy hayoti haqida koʻp narsa bilganligi qirol va qirolichaga ancha qoʻl kelgan edi. Ular har bir vaziyat, uning feʼl atvori-yu, kayfiyatlarini tarozida oʻlchab koʻrar, koʻrinishida boʻlayotgan oʻzgarishlardan xabardor boʻlib turishardi. Uning har qadami maxfiy nazorat ostida edi.

Elning ogʻziga elak tutib boʻlmasdi. Mish-mishlar borib borib Noctyraga ham yetdi. Noctyra masʼullari ham shubhaga botgan, bir ilojini qilib buning tagiga yetmoqchi edilar. Uzoq yillik yoʻqotilishdan soʻng paydo boʻlgan "malika" hech kimni shunchaki tinch-hotirjam boʻlishiga yoʻq qoʻymayotgan edi.