HAQIQATGA YONDASHUV: Al-G‘AZZOLIY, IBN SINO VA ISLOM ILMIY MEROSI TO‘G‘RISIDA
📌 Huquqiy ogohlantirish (DISCLAIMER):
Ushbu yozuv faqat ilmiy-ma'rifiy maqsadlarda tayyorlangan. Unda bildirilgan barcha fikrlar muallifning shaxsiy izlanishlari va tarixiy manbalarga tayanadi. Hech bir shaxs, guruh, din yoki millatga qarshi kamsituvchi maqsad yo‘q.
Diniy mazmundagi mulohazalar — fatvo yoki da’vat emas, balki muallifning tafakkur va savollar shaklidagi ichki mulohazasidir.
Ushbu matn har qanday siyosiy, mafkuraviy yoki tashkilotlarga aloqador emas. Fikrlar o‘zgaruvchan, o‘quvchi bilan ochiq va odobli muloqotga tayyorman.
Matnlar O‘zbekiston qonunlariga va so‘z erkinligi tamoyillariga muvofiq yuritiladi.
(Aqldan yiroq da’volarga ilmiy-haqiqiy javob)
Bugungi kunda ayrim odamlar g‘azab yoki jaholat bilan shunday da’volarni tarqatmoqda: go‘yoki musulmonlar ilmni yo‘q qilgan, buyuk olimlarimizni biz emas, Yevropaliklar tanitgan, G‘azzoliy esa matematikaga qarshi chiqqan emish. Ushbu fikrlar yuzaki, xolislikdan yiroq va tarixiy haqiqatlarga mutlaqo ziddir.
*. Musulmonlar ilmni yoqib yuborgan deyilmoqda.
*. G‘azzoliy matematika va mantiqqa qarshi chiqibdi.
*. Ibn Sino umr bo‘yi qochib yuribdi.
*. Yevreylar - bizni Yevropaliklar tanitibdi.
Hammayoqda soxta iqtiboslar, yuzaki umumlashtirishlar. Endi dalil bilan gaplashamiz (men bilgan va o'qiganlar asosida - e'tirozlarni qabul qilaman).
*. G‘azzoliy: Matematikaga qarshi emas, uni farzi kifoya deb e’tirof etgan
Imom Abu Hamid al-G‘azzoliy (1058–1111) — islom ilm-fikr tarixining eng muhim siymolaridan biridir. Uning fikrlariga ko‘ra, ilmlar shar’iy va g‘ayrishar’iy, ya’ni dunyoviy deb bo‘linadi. Dunyo ishlari uchun zarur bo‘lgan ilm – farzi kifoya, ya’ni jamiyatda kamida bir kishi u bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan ilm turiga kiradi.
Hisob va tibbiyot – farzi kifoya. Bir shaharda bu ilm bilan shug‘ullanuvchi bo‘lmasa, butun xalq gunohkor bo‘ladi. (Ihyo ulum ad-din)
G‘azzoliy matematika, mantiq, tabiat ilmlarini ma’qullagan. Uning tanqidi – metafizika (ilohoiyot) sohasidagi ayrim faylasuflarning haqiqatdan yiroq fikrlariga qaratilgan xolos.
Bu ilmga bo‘lgan yuksak hurmatdir. G‘azzoliy matematikani “dinga daxli yo‘q, ammo aql va tajribaga asoslangan ravshan ilm” deya ta’riflaydi.
Mantiq va ilmiy tafakkurga munosabat
G‘azzoliy ilmni yoqlabgina qolmay, uning asosini tashkil etuvchi mantiq haqida shunday deydi:
Mantiqni bilmagan olimning ilmiga ishonch yo‘q.
U mantiqni soxta sofistikani emas, ilmiy bilish vositasi deb bilgan. Falsafaning ichki tarmoqlarini tahlil qilib, faqat metafizika qismini tanqid qilgan. Matematika, tabiatshunoslik, mantiq — bularni esa ilmlar ichidagi foydali va aniq sohalar deb bilgan.
G‘azzoliy tanqidi
Ko‘pchilik tushunmaydigan muhim farq bor: G‘azzoliy butun falsafani emas, faqat iloji yo‘q da’volar bilan to‘la metafizikani tanqid qilgan.
“Al-Munqiz mina’d-dalal” va “Tahofut al-Falasifa” sarlarida G‘azzoliy faylasuflar xususan, Farobiy va Ibn Sinoning ayrim fikrlarini quyidagicha baholaydi:
- Qayta tirilish faqat ruhiy bo‘ladi, jismoniy emas.
- Alloh faqat umumiy narsalarni biladi, tafsilotlarni bilmaydi.
- Olam qadim – ya'ni u Alloh tomonidan yaratilmagan.
📌 Qolgan 17 ta fikrni “bid’at” deya inkor qiladi.
Ammo u falsafa ichidagi boshqa fanlarga — matematika, mantiq, tabiat ilmi, axloq va siyosatga qarshi emas.
Bu yondashuv G‘azzoliyni mutaassib emas, aksincha tanqidiy va tafakkurli olim sifatida ko‘rsatadi.
*. Ibn Sino — sargardon emas
Ba’zilar “Ibn Sino umr bo‘yi qochgan” deyishadi. Bu — tarixni haqorat qilishdir. Aslida, u nafaqat ilm olgan, balki siyosiy-ijtimoiy faoliyatda ham ishtirok etgan. Tarixiy manbalarda uni ta'qib qilish, quvg‘in qilish haqida emas, balki davlatlararo ko‘chishlar haqida so‘z yuritiladi. Bu ko‘chishlar esa siyosiy vaziyatlar, ilmiy imkoniyatlar va yangi homiylar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Ibn Sino hech qachon quvib solinmagan, balki unga ko‘plab hukmdorlar tomonidan homiylik qilingan:
- Samanidlar kutubxonasida ilm olgan va u yerda mashhur olimlar bilan suhbat qilgan
- Xorazmda, Rayda, Hamadonda saroy tabibi va vazir bo‘lgan
- Qisqa muddat qamoqda ham bo‘lgan, lekin bu ilmiy faoliyatiga to‘sqinlik qilmagan — aksincha, u aynan shu yerda ba’zi muhim asarlarini yozgan
- 200 dan ortiq asar yozgan
- Tibbiy asarlari 17-asrgacha Yevropa universitetlarida asosiy darslik sifatida o‘qitilgan.
U nega qamalgan edi? Qisqa muddat Hamadon hukmdori Shams al-Davla bilan siyosiy va maʼmuriy kelishmovchilik sababli hibsga olingan. Ibn Sino saroyda vazirlik lavozimiga ko‘tarilgach, u va amaldagi bosh vazir o‘rtasida raqobat kuchayadi. Shams al-Davla unga ishonchini vaqtincha yo‘qotadi va uni hibsga oldiradi, ammo tez orada uning ilmiy obro‘si va zarurligi bois ozod etiladi
“Tibb qonuni” (Al-Qanun fi’t-Tibb) — Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhur bo‘lgan asardir.
*. Musulmonlar ilmni yo‘q qilgan emas
Akani "Biz" degan jumlasini millatchilikka yo'ymaslikka harakat qilgan holda bu jumlani "Musulmonlar" deb qabul qildim.
Aytishadiki, musulmonlar ilmni yoqib yuborgan. Ammo tarix boshqa narsa deydi:
- Baytul-Hikma (Bag‘dod) — bu ilmiy tarjima markazi edi, u yerda grek, hind, fors asarlari arab tiliga o‘girilgan
- Al-Xorazmiy — algebra asoschisi
- Al-Biruniy — Yer radiusini aniqlagan
- Ibn al-Haysam — optika asoschisi
- Al-Farg‘oniy — Yevropaga astronomiyani olib kirgan
Bu qanday qilib “ilmni yoqish” bo‘lishi mumkin? (Tarix bilan maqtanish emas!)
*. “Yevreylar bizni tanitdi” degan ibora — noto‘g‘ri umumlashtirishdir
Bu fikr bir qarashda ijobiy ma’lumotdek tuyulsa-da, u tarixiy murakkablikni soddalashtirib yuboradi va noto‘g‘ri umumlashtirishga olib keladi.
📌 Avvalo shuni aytish kerakki, bu e’tiroz millatchilik emas, balki ilmiy haqiqatni tiklashdir. Tarixdagi har bir xalq, jumladan yahudiylar ham, ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan. Ammo ularning roli boshqa xalq yoki madaniyatning borliqlarini “yaratdi” yoki “tanitdi” deyish darajasida bo‘lmasligi kerak.
Ha, Yevropada XII–XIII asrlarda yahudiy tarjimonlar (masalan, Ibn Tibbonlar oilasi) musulmon olimlarining asarlarini lotin tiliga o‘girishda ishtirok etgan. Ammo bu jarayon ko‘p millatli va ko‘p bosqichli bo‘lgan:
- Gerard of Cremona (Italiya), Adelard of Bath (Angliya), Michael Scot (Shotlandiya) kabi nasroniy tarjimonlar Avitsenna, Forobiy, Beruniy va boshqa musulmon olimlarning asarlarini lotin tiliga tarjima qilgan;
- Bu asarlar tarjima qilinishidan oldin musulmon kutubxonalarida yaratilgan, o‘qitilgan va asrlar davomida saqlangan;
- Yevropaliklar ilm-fan uyg‘onishini aynan shu musulmon ilm merosidan ilhomlanib boshlagan.
Musulmonlar ilm yaratdi, Yevropa tarjima qildi, o‘rgandi va undan foydalandi. Biz esa Ilmni tashladik va ...
Bu ilmiy aloqaning ikki tomonlama jarayon ekanini anglash kerak: biri ilm yaratgan, ikkinchisi undan ilhom olib rivojlangan.
Yahudiy tarjimonlar bu jarayonda vositachilardan biri bo‘lgan, lekin yagona emas. Bu fikrlarni to‘g‘rilash millatga emas, haqiqatga sadoqatdir.