C̸U̸R̸S̸E̸
Ba’zi yuraklar yashash uchun emas, faqat chidash uchun uradi. Qon emas, sukunat aylanadi tomirlarda. Tashqaridan qaraganda u xotirjam ko‘rinadi — ammo ichkarida qiyomat har tun jim o‘tadi. Bu qiz — o‘zi ham bilmagancha, yo‘qotishdan yasalgan edi. Uning har qarashi — og‘riqni yashirish, har jilmayishi — ichki titroqni berkitish edi. U sevgini istamagan — uni tan olmaslik uchun emas, balki unga ishonmaslikni o‘rganib bo‘lgani uchun.
Yillar davomida u o‘zini o‘rganmagan. U faqat tirik qolgan. Har kuni o‘tmishdan qochib, har tun xotirasiga botib. Mehr — xavfga teng edi, yaqinlik — dushmanlikka. Uning yuragida joy bo‘sh edi, lekin hech kim sig‘masdi. Chunki u sevgi emas, jim cho‘kkan afsus bilan to‘lgan edi.
Ammo bir qarash... hamma narsani o‘zgartiradi. Na so‘z, na harakat — faqat bir qarash. Va birdan tanadagi sovuq tiniqlashadi, yurak cho‘kkan emas, cho‘kayotganini his qiladi. Bu sevgi emas — bu tan olinmagan intilish. Og‘riq bilan aralash quvonch. Ko‘z yoshi bilan chayilgan orzu. U bunga tayyor emas edi. Ammo yurak hech qachon tayyor bo‘lib sevmaydi.
Va endi u jim turadi. Gapirmaydi, murojaat qilmaydi. Chunki bu tuyg‘uni so‘zlar ifodalay olmaydi. Faqat qalb eshitadi. Qandaydir og‘ir, ammo shirin og‘riq bilan urayotgan yurakni.
Ba’zan ayriliq tanlanmaydi. U qadamlarimizda emas — taqdir izlarida yozilgan bo‘ladi. Va qachondir yuragingda joy olgan bir odam, asta-sekin, ohangsiz va sababsiz yo‘qoladi. Shunchaki bor edi… endi yo‘q. So‘zsiz ketadi. Jilmayib vidolashadi. Yoki umuman vidolashmaydi ham. Faqat bir kun uyg‘onasiz — va endi u yo‘qligini tan olishdan boshqa yo‘lingiz qolmaydi.
Bu — yo‘qotish emas, bu asta o‘chish. Qadamlar tovushsiz bo‘ladi, ovozlar xotirada sustlashadi, ammo yurak hali ham uni kutishda davom etadi. Bir ko‘zga ko‘rinmas "nega" yuragingizga osilib qoladi — nega ketdi, nega aytmadi, nega endi o‘zingizni to‘liq emasdek his qilasiz? Bu savollar javobsiz, ammo yuragingizni jim o‘rtib turadi.
Quyosh botgan. Osmonda hech qanday rang qolmagan, faqat nur so‘nggi bor osmon chekkalarini bo‘yagancha asta yo‘qolgan. Men esa u bilan baland tomda turardim. Oyoqlarimiz ostida — butun shahar jim, yoritilgan derazalar... ko‘zlar, guvohlar. Ammo biz hech kim yo‘qdek, boshqa bir olamda edik.
Jinning nigohlariga qarardim. Uning ko‘zlari... to‘g‘ridan to‘g‘ri menga tikilgan edi. Ko‘zlarimda ifoda yo‘q bo‘lishi mumkin, lekin ichkarida bir umr yashiringan sirlar borga o‘xshardi. Men jim edim.
U ham. Ammo jimlik bizni ajratmasdi. U bizni o‘rayotgan, yutayotgan narsa edi.
Shu payt tun shamoli... esib o‘tdi. Avvaliga muloyim, ohangsiz. Keyin biroz sovuqroq, yelkamni titratdi. Sochlarim uzun va qora — yelkamdan ko‘tarildi, shamol bilan o‘ynadi. Ular Jinning yuzlariga yengil tegib o‘tdi. U o‘zini chetga olmadi. U hatto... ko‘zlarini yumdi. Go‘yoki bu zarb emas, iltifotdek edi.
U bilan juda yaqin edik. So‘zsiz. Nafassiz. Faqat yurak urishlarining ovozi orasida. Va shunda... osmon ham jim tura olmadi. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Dastlab, nozik tomchilar. Sochlarimga, yelkama, Jinning bilagiga. Biz qimirlamadik. So‘ng — tomchilar og‘irlashdi. Qoramtir shahar osmonidan to‘kilib, gumbazdagi qattiq shiferni urardi. Ammo biz... u dunyoning mehmonlari kabi — bu jahonning sovug‘ini his qilmasdik.
Bizga hech nima tegmadi. Hech nima bizni titratmadi. Yomg‘ir qanchalik ko‘p yog‘masin biz go‘yo bu manzaraga shaffof bir oynadan qarab turgandek edik. Yoki — bu tanamiz shu yerda, ammo ruhimiz boshqa bir olamda bo‘lib qolgandek edi. Asta... va bir lahzada... U meni quchdi.
Jin. U hech narsa demadi. Hech qanday izohsiz. Faqat belimdan quchdi. Qattiq emas. Nozik emas. Hissiyotli.
Men qarshilik qilmadim. Men na unga suyanib, na undan uzoqlashdim. Faqat — jim turgandim. Nigohim uning orqasida, shahar fonida. Ammo... nigohim shunchaki osmonda emas edi.
Men... bir narsa ko‘rdim. Yarq etgan manzarani. U yerda, tom chetida elektr simlari... Ular silkinardi. Namlik va shamol ularni qiynayotgandek edi. Yomg‘ir ularning vujudiga singar, qop-qora kabellar bir-biriga tegib, uchqun chiqarayotgandi. Avval... bu faqat silkinish edi. Keyin tutun. So‘ng yorqin bir chaqnash. Olovga aylanishi bir necha soniyani oladi. Men buni bilaman. Sezaman. Va yuragim — bu safar faqat o‘zim uchun emas, uning uchun ham qo‘rqmoqda.
Men hali hech narsa demadim. Hali bu holat — o‘sha la’natga tegishlimi yoki yo‘qmi, aniqlay olmaganman. Lekin bir narsa aniq, Tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘ir bizni yuvayotgandek — ammo ortimizdan kelayotgan bir xavf bor. Va men... bu safar faqat qarab tura olmayman.
Jin hali meni belimdan quchgancha turibdi. Ko‘zlarida sukut, ammo yuragida nimadir qimirlayotgan bo‘lishi mumkin. Men esa... uning quchog‘ida turib, la’nat qaytdimi? — degan savol bilan jim kurashyapman.
Yarq etgan uchqun ortida... yuragim endi chiday olmayotgandi. O‘sha elektr simlari qop-qora tutun, silkinayotgan kabellar bular endi menga tanish edi. Bu tasodif emas. Bu yana boshlanmoqda.
Men birdan Jinning bilagidan ushladim. Qattiq. Qaltiragan, lekin qat’iyatli qo‘lim bilan.
U hayron bo‘ldi. Ammo qarshilik qilmadi. Men uni orqamdan sudrab emas, ertalabki tinchlikni saqlab qolmoqchidek ichkariga tortdim.
U bilan eshik orqali yugurib o‘tdik.
Balki yuragim bizdan oldin yurib bordi men esa shunchaki unga yetib olishga harakat qildim.
Ichkariga kirganimizda, butun tanamiz... suv ichida edi. Eshikni yopdim. Tashqarida yomg‘ir to‘xtamadi. Ammo biz ichkarida edik.
Unga qaradim... U... ho‘l edi. Qora futbolkasi tanasi bilan birlashib ketgandek. Kuchli yelkalari, yengil namlikda ajralib turgan mushaklari, qornidagi presslar ular so‘zsiz gapirardi. Jismida hech qanday ortiqcha qadam yo‘q edi. Faqat... mukammal nazorat. Ammo hozir... u ham o‘zini yo‘qotayotgandek edi.
Men esa... o‘zimga qaradim.
Kiyimim yupqaligini endi sezdim.
Namlik... qomatimni oshkor qilgandek. Men hech qachon bunday holatda bo‘lmagandim.
Uyatli, ammo begona emas edi bu tuyg‘u. Faqat... insoniy.
Shoshilinch. To‘satdan.
Men yuzimni undan olib qochdim. Ammo u... jimgina menga yaqinlashdi.
Uning qo‘li iliq va yengil — iyagimni asta ko‘tardi. Men qarshilik qilmadim. Faqat... nafas ololmasdim.
Uning ko‘zlari ko‘zlarimga tikildi. Jilmaymadi. So‘z aytmadi. Faqat... yuragimni tinglayotgandek. Yuzlarimiz orasidagi masofa bir necha nafas. U menga yaqinlashdi.
Va... bir lahzada — vaqt to‘xtagandek.
U mendan bosa oldi. Tez, qisqa, ammo yurakda portlagandek. Boshimdan issiq to‘lqin o‘tdi.
Ko‘zlarim ochiq edi, ammo... ongim boshqa joyda. U lablarini ajratganda, nafasim endi menga tegishli emasdek tuyuldi. Bu na oddiy quvonch, na oddiy ehtiros.
Bu — tan olish.
Bu — bir necha oy, balki butun umr davomida qalbda yig‘ilgan hissiyotlarning bir lahzalik tutqini edi. Va men hech nimani anglay olmadim. Faqat... yuragim juda sokin urar edi. U ilk bor og‘rimay urayotgandi.
Yomg‘ir hali ham yog‘ardi. Ammo yuragim — undan ham kuchliroq shovqin solardi. Men qaray olmadim. Uning ko‘zlariga emas, hatto o‘z ko‘zgumga ham.
O‘sha bo‘sa... O‘sha to‘satdan, shoshilmasdan, ammo yuragimni larzaga solgan lablar... Ular menga begona emasdek tuyuldi. Ammo... men bunga tayyor emas edim.
Yuzimni tutdim. Ko‘zimni yashirdim. Keyin... yugurdim. Hech narsa demasdan. Hech narsa ko‘rsatmasdan.
Men o‘zimni uydagi zinapoyalardan oshib, xonamgacha olib bordim. Eshikni qattiq yopdim. Nafasim qisilardi. Hatto yuragim ham qanday urayotganini anglay olmayotgandek edim — u men bilmagan ohangda urardi.
Tez-tez kiyimlarimni yechdim. Yomg‘irda ho‘l bo‘lgan tanamdan suv yerga tomchilab tushardi. Men esa... muzdek suvni ochdim. Tana issiqligimni o‘g‘irlab, meni o‘zimga qaytarish uchun. Balki... hislarimni sovitish uchun. Suv tomchilari yuzimga urildi. Ammo... hech biri yuragimdagi issiqlikni o‘chirolmadi. Men jim edim. Faqat suv ovozi va yuragim...
U... juda notanish ohangda urardi.
Sochlarimdan suv oqardi. Ko‘zlarim yumilgan. Ammo tasvirlar — u, uning ko‘zlari, qo‘llari, lablari... Hammasi hanuz ko‘z o‘ngimda.
Ilk bo‘sa. Ilk beg‘ubor titroq. Ilk — yurakdan chiqqan sevgi nurlari. Yuragim... hozir menga tegishli emasdek tuyuldi.
Men uyingizda emasdim — men nimadadir... yengilgan, nimadadir yutgan edim.
Yuvinib bo‘lgach, asta yotoqqa kirdim. Sochlarim hali ho‘l. Tana sovuqlikni asta sezmoqda. Ammo yurak... u isitardi. U uxlamasdi.
Men u lablarni unutolmayotgandim. Bu oddiy his emas edi. Bu — chin sevgi edi. Men bilmagan, men kutmagan. Lekin yuragim ich-ichidan allaqachon tan olib bo‘lgan his.
O‘zimni adyolga o‘radim. Ko‘zlarim shiftga tikildi. U yerda hech nima yo‘q edi. Ammo yuragimda... U bor edi. Va men nihoyat shuni tushundim:
Men kimnidir sevib qoldim. To‘g‘ri, u oson odam emas. U — sirli, xavfli, og‘riqli. Ammo... yurak baribir tanladi. Men buni orzuga yo‘yib uxlamoqchiman. Ammo yuragim — bu haqiqat, deya urmoqda.
Tun jimjit. Faqat yurak jim emas.
U hali ham o‘sha notanish ohangda urmoqda. Lablarimdan yuragimgacha cho‘zilgan bir og‘ush bor u hali ham meni bo‘shatmagan. Yumshoq yostiqqa bosh qo‘yganimda, ko‘zlarim Jin’ni qidirgandek shiftga termuldi. Yig‘lamadim.
Ammo yuragimda qandaydir savollar aylanib yurdi.
“Men uni nima uchun tomga chaqirgan edim?”
“Nega aynan u?”
“Qachondan boshlab men unga bu darajada bog‘lanib qoldim?”
Hech biriga aniq javob yo‘q edi.
Faqat yurakda — nimadir bor. Tushunarsiz, ammo haqiqatdan ham chuqurroq nimadir. Oradan ko‘p o‘tmay ko‘zlarim hiralashti. Nafasim sekinlashdi. Qorong‘ilik meni asta bag‘riga oldi. Birdan... qandaydir yorug‘lik. Ko‘zlarimni ochdimmi? Yoki hanuz tushdamanmi — farqi yo‘qdek edi. Hammasi g‘ayrioddiy edi.
O‘rnimdan sekin turdim. Atrofda hech kim yo‘q, lekin yuragim meni bir yo‘nalishga boshlayotgandek edi. Qorong‘ulik ichida oppoq nur yaltirab turardi. Go‘yo u meni chaqirayotgandek, ohangdor jimjitlik bilan o‘ziga tortardi. Men yurdim. Hech kim bilan emas — yuragim bilan birga.
Qadamlarim tovushsiz, yuragim esa ohangli. Shu yorug‘lik tomon borar ekanman, asta-sekin atrof ochilib bordi. Qorong‘ulik orqasida yashiringan bir manzara. U yerda men turardim. Va... Jin ham bor edi. Lekin bu men emas edim. Bu — baxtli bir Sera. Yuzida tabassum, ko‘zlarida nur, yuragida og‘riq yo‘q.
U esa... Jinni ushlagan. Qo‘llari bir-biriga chirmashgan. Ular yonma-yon, ammo yurak bilan bir tan. Kulgilari osmonni yoritardi.
Lablarida so‘z yo‘q ammo hamma narsa aytilgan edi.
Men bularni uzoqdan tomosha qilardim. Go‘yo boshqa bir dunyodan qarayotgandek.
Ko‘zlarim to‘xtamaydi, yuragim esa urishni to‘xtatmaydi. Men bu manzaraga qarab yuragimda bir gapni his qildim:
“Agar bu tush bo‘lsa... u hech qachon tugamasin.”
Men o‘zimni ko‘rdim… oppoq kelinlik libosida. Yuzimda qandaydir beg‘ubor tabassum, yuragimda esa sukutli osoyishtalik. Garchi atrofda hech kim menga "baxtli ekansan" demagan bo‘lsa-da, men bilardim. Men baxtli edim. Yonimda u bor edi. Jin. Yuzida bolalarcha soddalik, ko‘zlarida esa faqat men uchun yashayotgan odamning nigohi. Qo‘llarimiz bir-birini topganda vaqt to‘xtagandek tuyuldi. So‘ng... hayot davom etdi.
O‘zimni yana ko‘rdim — bu safar ona sifatida. Bag‘rimda go‘dak, yuragimda titroq. Jin qo‘limni ushlab, ko‘zlarimga tikilgancha: “Biz oilamiz,” deganday bo‘ldi. Va yana bir nurli sahna — men yana homilador edim. Uyimiz kulgiga to‘lgan, yuragim esa yana bir bor muhabbat bilan bo‘yalgan edi.
Ammo…
Birdaniga... barchasi o‘zgardi.
Yorug‘lik so‘ndi. Qorong‘ulik asta-sekin kirib keldi. Osmon rangsizlandi, yer tagidan qora va qizil tutun o‘rmaladi.
O‘sha yorqin manzara xuddi suvga chizilgan chiziqdek yo‘qoldi. Ko‘z oldimda faqat tuman. Men... yolg‘iz edim.
Atrofimda daraxtlar — qop-qora, bukilgan, sovuq. Ularning orasidan shamol shivirlardi, lekin men hech narsani eshitmasdim.
Yuragim tez ura boshladi. Qadamlarim noaniq, oyog‘im ostida shivirlab ezilayotgan barglar menga begona tuyulardi. So‘ng…
Bu ovoz... Quloqlarimda emas, yuragimning chuqur qatlamida yangradi. Huddiki har bir daraxt shoxidan, har bir tutun ichidan, har bir nafasimdan kelayotgandek edi.
Yana. O‘sha ovoz. Jarangdor, nafis. Unutib bo‘lmas, ammo eslab bo‘lmaydigan bir tanishlik bilan…
Men uygonmadim. Men tirik edim. Men ko‘z ochiq edim. Lekin… bu uyqu ham emas, haqiqat ham emas edi.
Faqat bir savol yangradi ichimda:
Kim chaqiryapti meni?
Nega men bu yerda yolg‘izman?
Va yuragim asta-sekin bu savolga javob izlay boshladi...
Bu sevgi hech qachon yarim yo‘lda qolmadi. U ketmadi, u unutilmadi. U hech qachon og‘izdan to‘liq chiqmagan, ammo yurakdan hech chiqmagan holatda qoldi. U ortda emas, u har doim ichkarida edi — sukutda, nigohda, yurak urishida yashirin. Bu — tashlab ketilgan tuyg‘u emas, balki yashab qolishga majbur bo‘lgan tuyg‘u edi. La’nat emas, najot ham emas. Bu — abadiy yongan, lekin hech kim ko‘rmagan olov edi.