April 22, 2020

Doʻstlik

Ali ismli odam muhtoj boʻlib, bir savdogardan qarz soʻraydi. Savdogar baxs taklif qiladi: tunni togʻ choʻqqisida oʻtkaza olsang, koʻp pul olasan, eplolmasang, menga tekinga ishlab berasan.

Voqeaning davomi shunday:

U koʻchaga chiqqanda sovuq shamol esardi. Qaygʻuga botgan Ali doʻsti Oydinning yoniga yoʻl oldi va bu shartga koʻnib ahmoqlik qilganini aytdi.

Biroz oʻylab koʻrgach, Oydin dedi: "Xafa boʻlma, senga yordam beraman. Bugun oqshomda choʻqqiga chiqqaningda faqat toʻgʻriga qara. Men tun boʻyi roʻparadagi choʻqqida gulhan yoqib oʻtiraman. Olovga qarab doʻstligimiz haqida oʻyla; bu seni isitadi va sen, albatta, uddalaysan. Bu yaxshiligimni vaqti kelganda qaytarasan".

Ali bahsda yutib chiqdi. Pulni olib, Oydinning yoniga keldi: "Yaxshiligimni qaytarasan deganding".

- Ha, shunaqa degandim. Ammo menga pul kerakmas. Mening hayotimda sovuq shamol esganda sen ham doʻstlik gulhanini yoqishga vaʻda ber.

Siz hozirgina mashhur yozuvchi, "Alkimyogar" muallifi Paulo Koeloning yangi "Alif" asaridan barcha oʻqidingiz. Kecha kitobdagi shu satrlarni oʻqir ekanman hayolimda bundan bir necha kun oldin boʻlib oʻtgan ish vizillab aylana boshladi.

Ayni paytdagi yurtimizdagi karantin vaziyati hammaga maʻlum. Karantin boshlanishidan oldin rafiqam va farzandimni vodiyga chiqarib yubordim hamki yoʻllar taqa-taq yopildi. Oʻzim poytaxtda qolib ketdim. Oʻzingdan qolar gap yoʻq, poytaxtchilik. Aynan bunaqa vaziyatda Toshkentga yangi koʻchib kelib oʻzini qiyinchiliklar orasida sinayotgan inson uchun aynan ushbu vaziyat oson kechmaydi.

Odam yolgʻizlikka oʻrganib qolarkan. Talabalik yillarida tayyorlashni oʻrgangan ovqatlarimni uydagilardan soʻrab-soʻrab qayta tayyorlashni boshladim, oʻzim uchun salatlar va yaxshi ovqatlarni pishirib kunlarni oʻtkazib turibman.

Ana shunday kunlarning birida chortoqlik ikki doʻstimdan ketma-ket qoʻngʻriqolar boʻldi. Mazmun bir xil: Oshna, nima gap? Tuzukmisan? Ahvollaring qalay? Qiynalmayapsanmi, oʻzing? Gapning ochigʻi agar tirikchilikka qiynalayotgan boʻlsang tortinmay ayt, yordam beraman. Senga hozir qiyin va hokazo. Ikkalasining ham maqsadi bir: Toshkentda bir oʻzi ishsiz qolib ketgan doʻstiga mablagʻ tomondan yordam berish. Ishonchim komilki, gaplar shunchaki koʻngil koʻtarish uchun aytilmagan edi.

Yuragiim urishi tezlashib ketdi oʻsha payt. Qoyil, Bahodir. Sening shunday doʻstlaring bor. Bugungi kunda "oʻzing uchun oʻl yetim" maqoli avjida ekanligida doʻstlarimday ushbu ishni qilish mening hayolimga ikki dunyoda ham kelmagan boʻlardi. Aniq, ishim ham boʻlmas edi.

Ularga hammasi joyida ekanligini, ayni paytda qiyinchilik yoʻqligini aytdim. Agar zarur boʻlsa, bemalol, hijolat boʻlmay soʻrashim mumkinligini qayta-qayta uqtirdi ikkalasi ham. Bu yerda ham menga yelkadosh, yordamini ayamaydigan akalarim, doʻstlarim bor. Vaziyatimni tushungan holda hech qachon yordamini ayashmagan.

Suhbatdan keyin uzoq oʻylab qoldim. Hayolim bolalik yillariga ketdi. Ravshan bilan-ku Xudoga shukur hali biror marta xafagarchilik ishlari boʻlib oʻtmagan oramizda. Lekin Bahodir doʻstim bilan boʻlib oʻtgan bir ishni eslasam, hali xanuz uyalaman oʻsha ishimdan, nega unday qilganman oʻsha payt?

Bahodir yettinchi sinfligimizda bizga yangi kelgan. Oʻzi aʻlochi edi. Oʻzimga nisbatan yangi raqobatchi paydo boʻlganidan asta kuyuna boshlaganman. Bilasiz, maktabda har kimning eng yaqin doʻsti boʻladi. Kamining eng yaqin doʻsti Jasur ismli bola edi. Yoshligimda shu doʻstim bilan to oʻlgunimcha birga abadiy doʻst boʻlaman, ajralmaymiz deb oʻylardim.

Kunlardan bir kuni kimdir sinfga yangi fotoapparatini koʻtarib keldi-yu, sinfdoshlar birgalikda rasmga tushish ishlari boshlanib ketdi. Hamma oʻziga yaqin inson bilan rasmga tushar, rasmlarni chiqartirib kelish uchun pul berardi.

Qoidaga muvofiq eng yaqin doʻstim - Jasur bilan rasmga tushdim. Men bilan yaqin doʻst boʻlishga tinmay harakat qilib kelayotgan Bahodir ham ikkita Bahodir birga rasmga tushishimizni soʻradi. Tabiiyki, men koʻnmadim. Goʻyoki, u bilan rasmga tushsam eng yaqin doʻstim Jasurdan ajrab qoladiganday tuyulgandi oʻsha payt men kallavaramga. Doʻstimning oʻsha paytdagi vaziyatini hozirgacha oʻzim oʻylab boʻgʻzimga bir narsa tiqiladi. Oʻzimni oʻzim ahmoqqa chiqaraman. Nega unday qilganman oʻsha payt?

Doʻstim, balki oʻsha vaziyatni eslolmassan. Lekin men hozirgacha eslab turaman. Oʻsha 13-14 yoshli Bahodirdan 28 yoshli Bahodir sifatida kechirim soʻrayman.

Keyinchalik Jasur boshqa maktabga oʻtib ketdi. Kamina esa sinfda mungʻayib qoldi. Sinfdoshlarning koʻpini menga nisbatan achinayotganini his qilib turar edim.

Keyinchalik, Bahodir bilan yaqinlashib ketdik. Birgalikda uzoqdan uning boqishga berilgan 15-20 ta qoʻyini olib tushishga qarashganlarim, birgalikda maktab tugagandan keyin Javlon aka kompyuterxonasiga kirib "Counter" oʻynaganlarimiz hali ham esimda.

Oradan shuncha vaqt oʻtdi. Bolalik ortda qoldi. Bu ikki doʻstimning menga qilgan katta yordamlarini bir Xudo biladi, bir men. Lekin ana shu yordamlarini men hali qaytara olganim yoʻq.

Aslida Ravshan va Bahodirga oʻxshagan doʻstlarim koʻp. Ular mening yutugʻimdan quvonadi. Xursandchiligimga sherik boʻlishni istaydi. Barchasi meni va firklarimni xurmat qiladi. Zarur boʻlsa maslahatlar olib turadi.

Doʻstlarim, sizlarning ham yaxshi-yomon kuningizda yoningizda boʻlish nasib qilsin. Alloh oʻzi himoyasida asrab eng yaxshi jufti halol va farzandlar bilan siylasin. Doʻstingiz sizga oʻxshan tez-tez eslab turmasa-da sizlarni yaxshi koʻradi.