Ayzek Azimov: Hayot, jamiyat va ijod haqida hikmatlar.
Tarixiy jarayon shunday nuqtaga keldiki, endi insoniyatga dushmanlik qilish, yovlashish mumkin emas. Yerdagi odamlar bir-birlari bilan do‘stlashishlari lozim. Men, shu g‘oyani o‘z asarlarimda alohida ta’kidlab kelaman…
Ayzek Azimov 1920 yil 2 yanvarda Rossiyadagi Smolensk shahriga yaqin qishloqda tug‘ilgan. 1923 yili uning ota-onasi Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko‘chib, Nyu-York shahrining Bruklin tumanida yashay boshlaganlar. 1935 yilda o‘rta maktabni tugatgan Ayzek bir yil kollejda ta’lim oladi, so‘ng o‘z shahridagi Kolumbiya universitetining kimyo fakultetiga o‘qishga kiradi. U 1939 yilda biokimyo bakalavri, 1941 yilda biokimyo magistri darajalarini yoqlaydi. U o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bir qancha muddat ishlagach, 1945 yilda harbiy xizmatga chaqiriladi. 1946 yili uyiga qaytadi va aspiranturaga kiradi. 1948 yili uni tugatib, biokimyo doktori darajasini oladi. 1949 yildan Boston shahri universitetining meditsina fakultetida dars bera boshladi. 1951 yilda assistentlik, 1955 yilda dotsentlik unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu maskanda, u 1958 yildan maosh olmay faoliyat yurita boshladi, sababi adabiyot jabhasida yaxshigina pul topayotgan edi. 1979 yilda unga professor unvoni berilgan.
Azimovning birinchi ““Vest”da qolib ketganlar” fantastik hikoyasi 1939 yilda “Amazing Stories” (“Ajabtovur voqealar”) jurnalida chop etildi. Shundan so‘ng, u yana o‘ntacha kichik asarlarini e’lon qildi. Lekin, 1941 yilda bosilgan “Tunning boshlanishi” hikoyasi dovrug‘ qozondi va u mashhur yozuvchiga aylandi. Aytib o‘tish joizki, 1968 yilda Amerika fantast-yozuvchilari assotsiatsiyasi ushbu asarni butun tarixdagi eng zo‘r hikoya deb tanladi. U ikki marta ekranlashtirildi ham. Shu davrdan Ayzek Azimovning ijodi gullab-yashnay boshladi. U birin-ketin robotlar haqidagi nom qozongan asarlarini yoza boshladi. Robotexnikaning uch qonunini ishlab chiqdi. Turli mukofotlarga sazovor bo‘lgan “Asoslanish” nomli romanlar turkumini boshladi. U to 1958 yilga qadar juda sermahsul ijod qildi. Shu davrdan boshlab esa ilmiy-ommabop risolalar ham bita boshladi.
Ayzek Azimov 1992 yil 6 aprelda yurak va buyrak xastaligidan vafot etdi.
Tarixiy jarayon shunday nuqtaga keldiki, endi insoniyatga dushmanlik qilish, yovlashish mumkin emas. Yerdagi odamlar bir-birlari bilan do‘stlashishlari lozim. Men, shu g‘oyani o‘z asarlarimda alohida ta’kidlab kelaman…
Mayli, barcha kishilar bir-birlarini yaxshi ko‘rmasinlar, biroq ular orasidagi nafratni albatta yo‘qotish shart.
Ilmiy fantastika barcha odamlarning birlashishlariga yordam beruvchi soha deb qattiq ishonaman.
Bizning fantastik asarlarda ko‘tarayotgan muammolarimiz butun insoniyatning dolzarb muammolaridir…
Fantast-yozuvchi, fantastik asarlarni o‘quvchilar va fantastikaning o‘zi insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiladilar.
Har bir odam istagan narsasiga ishonaversin. Lekin, hammani bir narsaga ishontirishga qarshiman.
Ilm-fanda ifoda etiladigan eng hayajonli so‘z “Evrika!” emas, “Mana bu ajoyib-ku!”dir.
Bahslashmaydigan ayollarni kamchiliklardan xoli deb hisoblayman.
Agar ovqat shirin bo‘lsa, u zararlidir.
Mas’uliyatlilik – og‘ir ish emas.
Kelajakda ham kitobning o‘rnini hech narsa egallay olmaydi, xuddi o‘tmishda egallay olmaganidek.
Insoniyat tarixini anglash qiyin. Kichik o‘zgarishlar katta kutilmagan natijalarga olib kelgan.
Yaratgan Zot hammamizni sevadi, lekin hech birimizga qoyil emas.
Jahli chiqib turgan odamning haqoratlaridan xafa bo‘lmang. Agar, u tinchlanib, haqoratlarini yana qaytarsa, shundagina ranjishingiz mumkin.
Hayotda turli savollarga to‘g‘ri javob topishdan qiziqarliroq ish bormi?
Balog‘atga yetganimizdan so‘ng, biz o‘zgarmaymiz, faqat yoshimiz ulg‘ayadi va ajinlarimiz ko‘payadi. Ammo, bu tashvish chekishga arzimaydi.
Agar shifokor menga besh minut umrim qolganini aytsa, vahimaga tushmayman. Faqat tezroq nimadir yozib qolishga urinaman.
Kam degani, umuman yo‘q, degandan ko‘ra yaxshiroqdir.
Odamlar o‘zlarini qo‘shnilaridan yaxshiroq, madaniyatlari qadimiyroq va yuqoriroq, boshqa yerlarga tarqalgan jamiki yaxshi jihatlar ulardan olingan, yomonliklar esa o‘zga mamlakatlarda o‘ylab topilgan, deb hisoblashga o‘rganib qolganlar.
Qarishni ham bilish kerak. Siz qariganingiz sari muloyimroq, odamlarga mehribonroq bo‘lib boring. Asosiysi, atrofdagilar siz o‘z hayotingizdan qoniqayotganingizni va rohatlanib yashayotganingizni ko‘rishsin.
Sevgi bobida o‘zingizni qiynamang. Oddiy yo‘l tuting, ya’ni sevgili qizingizdan uning chin munosabatini so‘rang-qo‘ying. Sevish va sevilish qanday yaxshi.
Jamiyat boshida turuvchi robot yaratilganda, u eng yaxshi siyosatchi bo‘lgan bo‘lardi. Robotexnika qonuniga muvofiq, u odamlarga ziyon yetkaza olmasdi, zo‘ravonlik va poraxo‘rlik qilmasdi. U qarimas va o‘lmas ekanligini bilsa ham, vaqtida iste’foga chiqardi.
Avval o‘yla, keyin indama.
– Hech qachon odamlarni tushunmaganman, – xo‘rsindi Pilorat.
– Bu juda oson. Sen avval o‘zingga boq, o‘zingni angla. Shunda boshqalarni tushuna boshlaysan. Insonlar bir-birlaridan ko‘p ham farq qilmaydilar.
Seni kim deb hisoblashlari emas, sen o‘zingni kim deb his qilishing muhimdir.
Ishonch va matonat doimo mukofotlanadi. O‘simlik poyasini ushlab, shahd bilan hamla qiling, u dushmanga to‘qmoqdek tuyuladi.
Taraqqiyot faqat ixtirolar orqaligina amalga oshadi.
Hayot – yo‘qotishlar zanjiridir. Yoshligingni, ota-onangni, do‘stlaringni, sog‘lig‘ingni va oxirida hayotning o‘zini ham yo‘qotasan.
Fantast-yozuvchilar nima qilayotganliklarini o‘zlari ham aniq bilmaydilar. Ularning ko‘pchiligi o‘z ijodlarini tirikchilik manbai deb aytishlari mumkin. Ammo, men uchun, ular – noma’lum va xavfli kelajakka boqishga jazm etayotgan insoniyat ko‘zlaridir.
Tarixchilarning ma’lumotiga ko‘ra Makedoniya shohi Filipp qo‘shni Sparta davlatiga bunday maktub yuborgan: “Agar, men yurtingizga kirsam, Spartani yer bilan bitta qilib tashlayman!” Ular bitta so‘z bilan javob qaytarganlar:“Agar!” Bu insoniyat tarixidagi eng qisqa javob xati hisoblanadi.
Bir marta sotqinlik qilgan, yana qilaberadi. Bu – hayot qonunidir.
Qadimda Misr hududida yashagan shumerlar o‘zlarining ikki ming yillik hayot jarayonlarida g‘ildirakli transportni, astronomiyani, matematikani, tijorat tashkilotlarini, g‘ishtni, undan muhtasham binolar qurishni, yozuvni ixtiro qilganlar. Ular insoniyat taraqqiyotini ixtiro qilganlar desa ham bo‘ladi. Hozir ular yo‘qlar. Troya urushiga yetti yuz yil, Rim nomli qishloqning vujudga kelishiga bir ming bir yuz yil qolganda yo‘qolganlar. Ularning mavjudligi 19 asrning oxirlarida olib borilgan arxeologik qazish ishlariga qadar noma’lum edi.
Matematikadan boshqa hech vaqoni bilmasang, buyuk matematik deb hisoblanishing mumkinmi?
Yaxshi ilmiy-fantastik asar o‘quvchini hayajonlantiradi, lekin bundan tashqari, u kelajak haqida o‘ylashga ham majbur qiladi.
Olg‘a qadam tashlash uchun doimo sabab bor. Faqat uni o‘z vaqtida topib turish lozim.
Odamlarga bir o‘yin o‘ynashga ruxsat berilgan: “Men sendan yaxshiroqman”, degan. Uni miyadan chiqarib tashlash juda mushkul.
1976 yildagi kelajak bashorati: “Televizor uydagi markaziy joyni egallaydi. Telefonlarda suhbatlashayotgan odamni ko‘rib turish uchun teleekranlar o‘rnatiladi.”
Ko‘pchilik hozir xuddi asalari inining uyalarida yashayotgan va ishlayotgandeklar. Yoritqichlar sun’iy, havo konditsioner orqali keladi. Bu odamlarni yer ostidagi shunday uyalarga ko‘chiring, farqini deyarli sezmaydilar. Bundan tashqari, yer tagining ijobiy jihatlari bor: u yerda havo issiqligi keskin o‘zgarmaydi, qishda isitish, yozda sovutish muammolari yo‘q. Transport yo‘lini yomg‘ir-u qorlar to‘sib qo‘ymaydi. Ishlab chiqarish ko‘lami ham kattalashadi, sababi kun va tunning farqi bo‘lmaganligi uchun, uni uzluksiz uyushtirish mumkin.
Odamzotni biologik tahlil qilsak, ayollarda qirq oltita xromosoma, erkaklarda esa qirq besh-u va yarimta (Y-xromosoma) mavjud. Xromosomalar nuqtai nazaridan qaraganda, erkak chala, yarim xromosomasi kam ayoldir. Balki, shuning uchun ayollar erkaklarga nisbatan chidamliroqlar va umrlari ham olti-yetti yilga uzoqroq.
Yerning og‘irligi qancha? Javob oddiy. Yer erkin tushish holatidadir. Bunday holatdagi har bir jismga atrofdagi gravitatsiya maydonlari to‘liq ta’sir ko‘rsatadi. Lekin, Yerga bunday ta’sirlarning natijasi yo‘q. Shuning uchun, Yerning og‘irligi yo‘q, u nolga teng.
Hayot, umuman olganda, antiqadir. Antiqalik unga to‘liq mos keluvchi yagona sifatdir.
Men hech narsaga ko‘r-ko‘rona ishonmayman. Har bir g‘oya, fikr, ma’lumot mantiqqa asoslanishi lozim. Aks holda, uning qiymati bir pul.
Inson shunday tuzilganki, u ma’lum bir yoshga yetganda, o‘limga befarq bo‘lib qoladi. U biron maqsad sari intilmaydi, o‘z ustida ishlamay qo‘yadi. Bunday holat yaxshimi yo yomonmi, lekin u hayotini yashab bo‘lganligini, o‘zi va dunyo uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni qilib ulgurganligini anglaydi va bunga ko‘nikadi.
Plastmassani hayotga tatbiq qilish bilyardxonalardan boshlangan. O‘sha paytda bilyard sharlari fil suyaklaridan tayyorlangan, bu esa ularni juda qimmatlashtirgan. XIX asrning 60 — yillarida, kimki fil suyagi o‘rniga ishlatish mumkin bo‘lgan qattiq, elastik, sinib ketmaydigan, suvga chidamli va tekislasa bo‘ladigan mahsulot kashf qilsa, 10 000 dollar mukofot berilishi e’lon qilingan. Va ko‘p olimlar harakatga tushib ketganlar.
Saljuqiylarning buyuk hukmdori Malikshoh uzoqroq yashaganda yoki iste’dodli taxt vorisiga ega bo‘lganda, salb yurishlari avval boshdanoq halokatga uchrardi. Umuman olganda, salbchilarning ayrim muvaffaqiyatlari musulmonlar orasidagi kelishmovchiliklar tufayli yuz bergan.
Fransiyada, qirol Lyudovik VII davrida, shamol tegirmonlari qurilishi boshlangan. Bu g‘oya o‘sha paytlarda texnologiya sohasida ancha ilg‘or bo‘lgan Sharq mamlakatlaridan ortga qaytayotgan salbchilar tomonidan olib kelingan. Salb yurishlari natijasida, u yerlarda o‘rganilgan yangicha tafakkur va yetuk g‘oyalarning qimmati, yutqizilgan yoki yutilgan janglar ahamiyatidan ancha yuqori bo‘lgan.
“Ish mana bunday bo‘lishi mumkin edi!”, deb afsuslanishdan foyda yo‘q. Mavjud holatlar bilangina hisoblashish kerak.
Men amaldorlarning ko‘pini ko‘rdim, ammo ularning orasida baxtlilarini uchratmadim. Amal – polga qoqib qo‘yilgan kursi emas. Shuning uchun, amaldor doimo kursini kimdir siljitmasligidan ogoh bo‘lib, hamisha xavotirda ishlaydi.
Muammoni hal qilishning eng oson yo‘li – uni yo‘q deb faraz qilishdan iborat.
Olti – “a’lo sonlar”ning birinchisidir. Uning bo‘linuvchilarining yig‘indisi o‘ziga teng. Ya’ni, 6 da ular uchta: 1, 2 va 3. Ularning yig‘indisi 6 ga teng. Bunday sonlar ko‘p emas. Undan so‘ng, 28 keladi: 1+2+3+7+14=28. Keyingilari, 496 va 8128 sonlaridir. Bu narsani qadimgi matematiklar yaxshi bilishgan.
Ilmiy haqiqat qonuniy yoki noqonuniy kabi tushunchalardan tashqaridadir.
Nasroniylik qator asrlarda ilm-fanning rivojlanishiga yo‘l bermagan. Ushbu din Ioniya faylasuflari g‘oyalaridan chuqur farq qilgan. Nasroniylarning fikricha, inson uchun o‘zi ko‘rayotgan, his qilayotgan dunyo emas, “Ilohiy dunyo” muhimdir. U joyga borish uchun yo‘l ko‘rsatuvchilar cherkov namoyandalari tomonidan bitilgan “Injil” kitobidir va cherkovning o‘zining ruhiy tashviqoti ta’siridir.
Faylasuf bo‘lish uchun oliygohda o‘qish shart emas. O‘tkir aql va hayotiy tajriba kerak.
Ozod bo‘lishni istagan odamgina ozod bo‘la oladi.
Istamay olingan bilim – foydasi yo‘q bilimdir.
Hech qachon – bu juda uzoq vaqtdir.
Qo‘rquv – insonga kerak. U ehtiyotkor bo‘lishni o‘rgatadi va hayotni asraydi.
Biz qanday usulda rizq-nasiba topayotganimiz, qay holatlardan zavqlanayotganimiz, qanday g‘oyaga ishonayotganligimiz, nimalarni yaxshi, nimalarni yomon, deyayotganimiz – madaniyatdir.
Bu sayyorada birgina ishlab chiqarish rivojlangan edi, ya’ni davlat tomonidan birgina mahsulot – qonun chiqarilardi. Butun hayot jarayoni betinim boshqarilardi. Sayyorada odamlar, uy hayvonlari va parazit-tekinxo‘rlar yashardilar. Trantorda boshqacha hayot yo‘q edi.
Yomon xabarlar burgut qanotida keladi, yaxshilari esa toshbaqa oyoqlarida.
Ayni hayotdan qoniqmaslik insoniyatni taraqqiyotga va madaniyat rivojlanishiga undagan. Holatidan qoniqib o‘tiraberish – ortga ketishdir.
Pulning jozibasi – juda kuchli. Lekin, hayotga jiddiy qaragan odam uchun pulning o‘zi yetarli emas.
Kimnidir sevsang, uning ko‘zlarida hamisha quvonch chaqnayotganligini ko‘rging keladi.
Atirgul – loy va iflos tuproqda o‘sadi.
Kuch maydoni nima? Bu juda oddiy narsa. Masalan, jism atomlardan tashkil topadi. Atomlar esa bir-birlari bilan o‘zaro ta’sir kuchlari orqali bog‘langanlar. Endi, ana shu atomlarni olib tashlang! Nima qoladi? Kuch maydoni.
O‘tgan zamonni butunlay unitish mumkin emas, chunki u bugunni keltirib chiqargan.
Mish-mishlarni barcha zamonlarda to‘xtata olishmagan.
Sen ko‘phujayralik organizm sifatida taxminan ellik trillion hujayradan iboratsan. Lekin, shaxs sifatida, aytilgan barcha hujayralar ahamiyati yig‘indisidan muhimroqsan.
Ishlarni rivojlantirish uchun rejalar tuzishning o‘zi kamlik qiladi. Ularni vaqt kelganda o‘zgartirishni ham bilish kerak.
Men to‘satdan, odamlar ahmoqdir, degan fikrga kelib qoldim. O‘ylab ko‘ring, insonlar xatti-harakatlarini tartibga soluvchi qonun-qoidalar yo‘q edi, ularni o‘ylab topishdi. Ammo, odamlar, shu, o‘zlari o‘rnatgan qoidalarga rioya qilishmaydi. Ajab!..