June 1, 2022

Hijob ibodatdir, urf-odat emas!

Bu kitobcha – hajmi kichkina bo‘lishiga qaramasdan – hijobning farzligi, fazilatlari va shartlari bilan bog‘liq bir qator masalalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda hijob masalasida e’tiborsizlik qilib, yasan-tusan kasaliga mukkasidan ketish qanday oqibatlarga olib borishi haqida so‘z boradi. Hamda bunday munkar amallardan ogohlantiruvchi bir necha oyat va hadislar ham zikr qilinadi. Alloh taolodan bu risolamizni muslima opaxonlarimiz va singillarimizga manfaatli qilishini so‘rab qolamiz. Zero, Alloh buning Egasi va bu narsaga Qodir bo‘lgan Zotdir.

Allohga hamdu sano, Payg‘ambarimiz Muhammadga Allohning salotu salomlari bo‘lsin!

Qo‘lingizdagi bu mo‘jazgina risola «hijob» hamda «yuzni to‘sib yurish» haqida bo‘lib, muslima opa-singillarimizga atab yozilgandir. Sir emaski, bugungi kunda ko‘pgina Islom diyorlarida ayollarning hijob masalasida sustkashliklarga yo‘l qo‘yib, yasan-tusan qilib yurishlari odat tusiga aylanib qoldi. Shubhasiz, bu ish katta gunohlardan sanaladi hamda Alloh taoloning g‘azabi va alamli azobiga sababchi bo‘ladi.

Shuningdek bu kitobcha – hajmi kichkina bo‘lishiga qaramasdan – hijobning farzligi, fazilatlari va shartlari bilan bog‘liq bir qator masalalarni o‘zida jamlagan bo‘lib, unda hijob masalasida e’tiborsizlik qilib, yasan-tusan kasaliga mukkasidan ketish qanday oqibatlarga olib borishi haqida so‘z boradi. Hamda bunday munkar amallardan ogohlantiruvchi bir necha oyat va hadislar ham zikr qilinadi. Alloh taolodan bu risolamizni muslima opaxonlarimiz va singillarimizga manfaatli qilishini so‘rab qolamiz. Zero, Alloh buning Egasi va bu narsaga Qodir bo‘lgan Zotdir.

Ey muslima ayol, unutmang, din dushmanlari doimo hijobni insonlarga buzib ko‘rsatishga urinib kelgan. Ularning da’volaricha, hijob ayollarning ijtimoiy qoloqligiga sabab bo‘larmish! Yana ular «hijob ayollarni oyoqosti qiladi, hurmatini poymol etadi», degan ahmoqona fikrlarni tarqata boshlashdi. Ular bu ishlari bilan ayollarga hijob o‘rab yurish o‘rniga ochilib-sochilib, yasanib, yuzlarini hammaga ko‘rsatib yurishlari kerakligini uqtirmoqchi bo‘lishadi. Ularning bu kabi harakatlari o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmayapti, albatta. Aslida ular – ba’zi soddadil ayollar o‘ylayotganlaridek – bunday tashviqotlarini ayollar foydasini ko‘zlaganlaridan kelib chiqib qilmaydilar. Aksincha, ularning maqsadlari ayol zotini buzish, uning hayoti va iffatini oyoq yo‘q qilishdan boshqa narsa emas. Afsuski, ular ko‘zlagan maqsadlariga ko‘zga ko‘rinarli darajada erishmoqdalar.

Shuning uchun – ey muslima singlim – bu kabi shaytoniy so‘zlarga aldanib qolishdan hazir bo‘ling! Doimo hijob farizasini mahkam ushlab, o‘z diningiz bilan aziz bo‘lib yuring.

«Holbuki, kuch-qudrat – azizlik Allohniki, Uning Payg‘ambariniki va mo‘minlarnikidir». (Munofiqun: 8)
Bunday chaqiriqlarga e’tibor bermasdan, hijob eng avvalo Allohga ibodat, Rasuliga itoat ekanini, xohlasa qilib, xohlamaganda tashlab qo‘y sa bo‘laveradigan muboh ish emas, balki bu ayol kishining iffati, hayosi va pokligidan nishona ekanini hamda hijob kofirlarning bu haqdagi ahmoqona da’volaridan ancha oliy bo‘lgan fazilat ekanini qat’iy ravishda qalbingizga tugib oling!

Ey muslima ayol, Alloh taolo sizni badan va a’zolaringizni begona erkaklardan to‘sib pok bo‘lishingiz uchun hijob o‘rashga buyurgan. Bu bilan (ya’ni, hijob o‘rash bilan) siz boshqalar tarafidan sizning izzat-nafsingizga tegadigan gaplarning aytilishini oldini olgan bo‘lasiz.

Alloh taolo siz uchun oliylik va ulug‘vorlikni xohlab sizni hijob o‘rashga buyurgandir. Hijob o‘rash siz uchun mashaqqat emas, sharaf bo‘lishi kerak. Chunki siz bu ishingiz bilan Olamlar Robbiga bo‘ysunyapsiz. Hijob siz uchun mukammal sifat va chiroyli ziynat bo‘libgina qolmay, komil iymonli, hushxulqli, odobli, iffatli hamda hayoli ekaningizdan dalolat hamdir. Bu bilan siz axloqsiz va buzuq ayollardan ajralib turasiz.
Ey muslima ayol, hijobga e’tiborsizlik qilishdan va unga salbiy munosabatda bo‘lishdan ehtiyot bo‘ling! Sizni ishontirib aytamanki, qaysi bir ayol Allohning g‘azabi va azobiga duchor bo‘lgan bo‘lsa, buning yagona sababi Allohning hukmlarini pisand qilmasligi va uni yomon ko‘rishi bo‘lgan. Zero, hijobga e’tiborsizlik qilish Allohning buyruqlarini pisand qilmaslikdan boshqa narsa emas. Shuningdek, Alloh taoloning buyrug‘iga «labbay», deb javob berib, hijob o‘rab, mana shu narsada mustahkam turgan ayol borki, Alloh taoloning roziligiga, U Zot huzuridagi buyuk ajr-mukofotlarga erishmay qolmaydi.

Shar’iy hijob qanday bo‘ladi?

Shar’iy hijob ichi ko‘rinmaydigan, qalin matodan tikilgan bo‘lishi kerak. Hijobning ko‘rinishi ziynat bo‘lmasligi shart. Ya’ni, bichimi tor, rangi e’tiborni jalb qiladigan bo‘lmasligi. Hushbo‘y atirlar sepilmagan va mashhur (modadagi) kiyim bo‘lmasligi lozim. Mazkur sifatlar ga xilof bo‘lgan «HIJOB»lar noshar’iydir. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam atir sepgan holda begona erkaklar oldiga chiqishni ayollarga harom qilganlar.

«Qaysi bir ayol hushbo‘y atirlarni sepib, (erkaklar) uning hidini tuyishlari uchun biror qavmning oldidan o‘tar ekan, u ayol zinokordir».

Bundan tashqari, hijob erkaklarning kiyimlariga o‘xshamasligi va butun badanlarini – ayniqsa yuzlarini – to‘liq to‘sib turishi lozim. Ba’zi ayollar «Yuz avrat emas», degan da’vo bilan yuzlarini ochib yuraveradilar. Natijada erkaklarni o‘zlariga qaratadilar. Qanday qilib yuz avrat bo‘lmasin?! Axir ayollardagi eng jozibali, kishilarni o‘ziga jalb qiladigan va uning go‘zallik nuqtasi bo‘lgan a’zo yuzlari emasmi?! Agar erkaklar ayolning yuziga mahliyo bo‘lishmasa, boshqa uning qaysi a’zosi bilan fitnalanishlari mumkin?!
Qur’oni Karim va sahih sunnatda ayol hamma joylarini to‘sib yurishga buyuruvchi hujjatlar vorid bo‘lgan. Chunki ayolning butun badani avrat!! Begona erkaklarga biror joyini ko‘rsatishi halol emas. Quyida hijobning farzligiga dalolat qiluvchi dalillarni keltirib o‘tamiz:

«…hamda ko‘rinib turgandan boshqa zeb-ziynatlarini (ya’ni, ustlaridagi liboslaridan boshqa zeb-ziynatlarini nomahramlarga) ko‘rsatmasinlar va ko‘kraklarini ro‘mol bilan to‘ssinlar!». (Nur: 31)

Oisha roziyallohu anho aytadi:

– Mana shu oyat nozil bo‘lganda Ansorlarning ayollari izorlarining bir chetidan yirtib olib, o‘sha narsani ro‘mol qilib boshlariga tashlab oldilar».

Yuqoridagi oyat va hadislarga ortiqcha izoh shart bo‘lmasa kerak. Boshqa bir sahih hadisda Oisha roziyallohu anhoning mashhur «Ifk» hodisasi (Munofiqlar tarafidan Oisha onamiz shanlariga uyushtirilgan tuxmat voqeasi) haqidagi qissalari zikr qilingan. Unda aytilishicha Oisha roziyallohu anho bir joyda uxlab qoladilar. Uyqudan tursalar Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam va sahobalar (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) ketib qolishgan bo‘ladi. Uzoqdan Safvon ibn Muattal roziyallohu anhuni ko‘rishlari bilan yuzlarini to‘sib oladilar.

Yana bir rivoyatda Oisha roziyallohu anho aytadi:

«Jilbobim bilan yuzimni to‘sib oldim».

Shuning uchun har bir muslima ayolga Allohdan qo‘rqishi, hijobini komil suratda o‘rashi va hijob sha’nini to‘kadigan, hayosiga putur yetkazadigan har qanday to‘siq-sabablardan voz kechishi vojibdir. Shunday qilsa, ba’zi bir fosiq kimsalarning hayosiz-buzuq ayollarga qiladigan muomalalaridan hamda Alloh taoloning g‘azabi va jazosidan o‘zini salomat saqlagan bo‘ladi.

Kaft va bilaklarni ochib yurish, ko‘zlari va yuzning bir qismini ko‘rsatib turadigan, er kishini maftun qiladigan niqoblar taqish yohud ostidan yuzi g‘ira shira ko‘rinib turadigan yupqa mato bilan yuzini o‘rash kabi hijob masalasida sustkashlik qilish mumkin emas. Bu kabi holat xunuk yuzni ham jozibador qilib qo‘yadi.

Ba’zi ayollar yuqorida sanab o‘tilgan nojoiz amallarni qilib yurgan bo‘lsalar ham, o‘zlarini mukammal hijob o‘rovchi ayol deb hisoblaydilar. «Badanlaridan ba’zi joylarini ochib yurishlari, fitnaga sabab bo‘lmaydi, bunday yurish man etilgan yasanib yurishga kirmaydi», deb biladilar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar:

«Ikki toifa kishilar borki ular jahannam ahlidandir. Men hali ularni ko‘rmadim: Birinchisi qo‘llarida sigir dumiga o‘xshash qamchilari bilan odamlarni urib yuradigan kimsalar. Ikkinchisi kiyinib olgan, (lekin) yalang‘och, (boshqalarni ham) yo‘ldan ozdiruvchi, o‘zlari ham (haqdan) og‘gan hamda boshlari (dagi sochlari)ni tuyaning (bir tarafga) moyil bo‘lgan o‘rkachlari singari do‘ppaytirib olgan ayollardir. Ular jannatga kirmaydilar, uning hidini ham topmaydilar. Zero, Jannatning hidi faloncha masofadan kelib turadi». Muslim rivoyati

Ahli ilmlar hadisdagi «kiyinib olgan, (lekin) yalang‘och» degan so‘zni «ular kiyim kiyishadi, lekin tor, yupqa yoki badanining hamma joyini to‘smaydigan kiyimlar bo‘ladi», deya ta’riflashgan.

Shayx Muhammad ibn Solih Usaymin rahimahulloh shar’iy hijob haqida shunday deydi:

«Eng rojih-kuchli gapga ko‘ra shar’iy hijob – ayol erkaklar nazarini jalb qiladigan barcha a’zolarini, xususan yuzini to‘sish bilan bo‘ladi. Shuning uchun ayol kishiga yuzini nomahram erkaklardan to‘sishi vojibdir. Ammo mahramlariga yuzini ko‘rsatishi mumkin».

«Sochni to‘sib, yuzni ochib yurish shar’iy hijob bo‘ladi», deydigan kimsaga kelsak, unga bitta savolimiz bor:

– Aytingchi, kishini ko‘proq ayollarning sochi o‘ziga tortadimi yoki yuzimi? Sovchi qo‘yayotgan kishi avval ayollarning sochi haqida so‘raydimi yo yuzi (chiroyi) haqidami?

Bu savolga faqat bitta javob bor. U ham bo‘lsa: «Albatta ayollarning yuzi boshqa a’zolariga nisbatan jozibaliroq bo‘ladi. Erkak kishi ham albatta avval ayol kishining chiroyi haqida so‘raydi» deb javob berishdir. Bundan boshqacha javob berish qaysarlik va befoyda tortishish bo‘ladi. Bunda shak-shubha yo‘q. Chunki inson tabiatan – garchi sochi unchalik chiroyli bo‘lmasa ham – yuzi go‘zal bo‘lgan ayolga ko‘proq moyillik bildiradi. Aksincha, agar uning yuzi unchalik chiroyli bo‘lmasa – sochi har qancha chiroyli bo‘lmasin – baribir unga rag‘bat qilmaydi.

Shar’iy hijob haqida xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ayol kishi hijob o‘rasin, toki u sababli fitna sodir bo‘lmasin va unga nisbatan ham fitna sodir etilmasin. Albatta bu yerda fitnaning bo‘lish-bo‘lmasligi yuzning ochiq yoki yopiqligiga ko‘proq bog‘liq. Shunday ekan, ayollarga yuzlarini nomahram erkaklardan to‘sib yurishlari vojibligida shubha va tortishishga o‘rin yo‘q.

Yasan tusan qilish va yuzni ochib yurish fahsh va fasodga undovchi asosiy omildir

Agar ayol kishi begona erkaklar oldida yasanib, ziynatlarini ko‘rsatib yuradigan bo‘lsa, uning yuzidan ayollik tarovati ketadi, hayosi yo‘qoladi va insonlar nazdida uning zarracha ham qadr-qimmati qolmaydi. Bu qilmishi uning johilligiga, iymoni zaifligiga va himmatining past ekaniga dalolat qiladi. Bunday ayol ochilib, yasan-tusan qilib yurishi bilan Alloh taolo ne’mat qilib bergan o‘ranib yurish va hayoni yaxshi ko‘rish tabiatidan va mukarram qilib qo‘ygan insoniylik martabasidan ham pastroq darajaga tushib ketgan bo‘ladi.

Umuman olganda, ochilib, ko‘chalarda yasanib yurish – Islom dushmanlari da’vo qilayotganlaridek – madaniyat ham, hurriyat ham emas. Bu narsa ijtimoiy-ruhiy qulash va buzilish hamda fahsh va fasod ishlarga bo‘lgan chaqiriqning bir ko‘rinishi, xolos.

Ayollarning ochilib-sochilib yurishlari sog‘lom odob-axloq me’yorlariga ham zid amaldir. Hatto sog‘lom fitrat-tabiat ham bunga rozi bo‘lmaydi. Bunday tuban ishlar (ya’ni, ochilib-sochilib yurish) faqatgina xulq-atvori buzuq, hayosiz, johil ayollarga xos bo‘lgan «fazilat»dir. Chunki aqlli, iffatli va o‘zini hurmat qiladigan ayolning ko‘cha-ko‘yda, bozorlarda va har-xil jamoat joylarida o‘zining fitnali va ziynat bo‘lgan avrat joylarini uyalmasdan begona erkaklarga ko‘z-ko‘z qilib yurishi tasavvurga ham sig‘maydigan holatdir.
Aksariyat ayollar mana shunday tuban holatda ko‘chaga chiqish bilan kishilarning olqishiga sazovor bo‘laman deb o‘ylaydilar. Bu ham shubhasiz noto‘g‘ri e’tiqoddir. Bu turdagi ayollarga ham bitta savolimiz bor:

– Siz «olqishlariga sazovor bo‘laman» deb qanday kishilarni nazarda tutyapsiz?

Agar benamoz, dinsiz, fosiq va iflos odamlarni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, gapingiz qisman to‘g‘ri. Siz ularning olqishiga erishasiz. Lekin shu bilan birga «ana u joyini qara», «falon joyi undoq ekanmi» kabi izzat nafsingizga tegadigan gaplaridan ham benasib qolmaysiz. Agar shunga rozi bo‘lsangiz, marhamat!
Endi, agar taqvoli mo‘min kishilarning hurmatiga erishish maqsadida bu ishlarga qo‘l urayotgan bo‘lsangiz, bilingki, qattiq adashibsiz. Chunki Allohdan qo‘rqadigan musulmon erkaklar yasanib-ochilib yuradigan ayollarga nisbatan mutlaqo boshqacha mavqeda turadilar.

Yaxshi insonlar hech qachon bunday ayollarga nisbatan xayrixohlik bildirmaganlar. Aksincha, unga nafrat ko‘zi bilan qarab, ulardan jirkanadilar. Bunday ayollar ularning nazarida ulug‘vorlik sifatlari va xulq-atvorlarini yo‘qotgan buzuq ayol ramzi o‘laroq gavdalanib qolaveradi.

Qaysi bir oqila, o‘z qadriga yetadigan ayol o‘zi uchun bularning hammasiga rozi bo‘ladi?! Bunday past darajaga tushib qolishga uni nima majbur qilayapti?! Axir mo‘mina ayol boshqalardan aqli va hayosi bilan ajralib turishi kerak-ku!

Ey shayton gapiga kirib, yasan-tusan quliga aylangan ayol! Allohdan qo‘rqing, gunohlaringizni kechirishini
so‘rab Allohga chin dildan tavba qiling. Hali fursat bor, uni g‘animat biling. Bunday qabih ishlardan to‘xtab, o‘zingiz uchun foydali bo‘lgan ishlarga haris bo‘ling, ertaga qaytib boradigan joyingiz haqida tafakkur qiling. Bir kun kelib zulmatli, dahshatli qabrda yolg‘iz o‘zingiz yotasiz. Undan keyin esa Alloh azza va jalla huzurida hisob-kitob uchun yolg‘iz o‘zingiz turasiz.

«Ularning barchasi Qiyomat Kunida yolg‘iz holda U Zotning huzuriga kelguvchidir». (Maryam: 95)
Qiyomatda bo‘ladigan holatlarni; hisob-kitob, amallarning taroziga qo‘yilishi, Alloh taologa osiy bo‘lgan kimsalarga hozirlab qo‘yilgan jahannam azoblarini eslang. Ko‘cha-ko‘yda yasanib, begona erkaklar oldida yuzingizni ochib, qomatingizni ko‘rsatib yurishdek qabix ishlarga qo‘l urishdan oldin mana shu narsalar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Men sizni yana bir bor ishontirib aytamanki, qarshingizda turgan Qiyomat dahshatlarining birontasiga toqatingiz yetmaydi. Jahannam azobi haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. O’zingizga rahmingiz kelsin. Bunday ishlarga endi qayta qo‘l ura ko‘rmang. Yuizngizda tavba eshiklari yopilib qolmasdan va jasadingiz uzra tuproq tortilmasdan oldin Allohga haqiqiy tavba qilishga shoshiling! Zero, Alloh taolo tavbalarni qabul qilguvchi, Mehribondir.

Ba’zi erkaklarga bir og‘iz so‘z

Ko‘pchilik muslima ayollarning yasan-tusan bobida hatto dinsiz ayollar xavas qiladigan darajada ilgarilab ketishida erkaklarning ham hissalari kam emas. Chunki, ayollarning bu darajada o‘zgarib ketishlariga yagona sabab erkaklarning o‘z ayollariga nisbatan e’tiborsizligi, sovuqqonligi, ularni begona erkaklardan qizg‘anish kerak degan narsani allaqachon unutib, muqaddas dinlarini pisand qilmay, erkaklik g‘ururlarini yo‘qotib qo‘yganlari hamda bilib turib ularni bunday hayosizliklardan qaytarmayotganlaridir.

Afsuski, ba’zi erkaklarda faqat «erkak» degan nom qolgan, xolos. O’z qadrlarini bilmaydigan, qo‘l ostidagilarni muhofaza qila olmaydigan va Allohning omonati bo‘lgan ayollarni chiroyli boshqara olmaydigan bunday erkaklarning holiga voy bo‘lsin!

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar:

«Alloh taolo biror ra’iyyat ustiga bosh qilib qo‘ygan qaysi bir boshliq o‘z qo‘l ostidagilarga nisbatan e’tiborsiz bo‘lgan holda vafot etar ekan, Alloh unga jannatni harom qilur».

Ey, erkaklar, sizlar o‘z ra’iyyatingizga yetarlicha e’tibor bermadingiz, omonatni zoe qildingiz, xatarli ishga qo‘l urdingiz. Sizlar faqat o‘zlaringizni halok qilmoqdasizlar. Lekin buni sira sezmayapsizlar. To‘g‘rirog‘i tushunishni xohlamayapsizlar. Axir aqllaringizni ishlatmaysizlarmi?! Shoyad shunda Robbingizga tavba qilib, ustingizda omonat bo‘lgan ayollaringizni muhofaza qilsangiz!