July 29, 2020

Qanday qilib sifatli rezyume to'ldirish mumkin ?

Ish qidirish vaqtida duch keladigan eng birinchi ishingiz - bu sifatli rezyume tayyorlash. Ko'rinishidan oson tuyulgan bu vazifaning ham o'z nozik nuqtalari mavjud. Qanday deysizmi ? Unda ushbu maqolani oxirigacha o'qing va fikrlaringizni izohlar bo'limida qoldiring!

Ish beruvchilar umumiy hisobda rezyumi ko'rib chiqish uchun 1 daqiqadan kamroq vaqt sarflashadi. Shu sababli rezyumega faqat aniq va kerakli ma'lumotlarni yozish kerak. Rezyume uchun ma'lumotlarni quyidagi tartibda joylashtirgan ma'qul:

  1. Ism, familiya
  2. Surat
  3. Maqsad
  4. Qobiliyatlaringiz
  5. Ta'lim
  6. Tajribangiz
  7. Bog'lanish uchun telefon raqam yoki elektron manzil

Endi har bo'lim haqida alohida to'xtalib o'tamiz.

1. Ism, familiya

Rezyume to'ldirishda iloji boricha o'z ismingizni yozganingiz ma'qul. To'g'ri nikneym yozsangiz ham bo'ladiyu, ammo bu ish beruvchida shubha uyg'otishi va bo'lajak ishingizdan ayrilib qolishingiz mumkin

2.Surat

Rezyume -ish hujjati hisoblanadi. Shu sababli do'stlaringiz bilan tushgan yoki Instagram uchun tushgan suratingizni yuklamaganingiz ma'qul.

3.Maqsad

Bu bo'limda siz kompaniyada aynan qaysi lavozimda ishlashni istayotganingiz va kelajakdagi maqsadlaringiz haqida qisqacha yozasiz. Yana bir muhim jihat: "Karyera qilishni istayman", "Oldingi ish o'rnimga o'xshash ishni izlayapman", "Ijodiy va qiziqarli ish izlayapman" kabi frazalarni ishlatmang. Hali ishga kirmasdan talab qo'yish - yaxshi odat emas.

4.Qobiliyatlaringiz

Bu bo'limda siz o'z tajribangizdan kelib chiqqan holda shakllangan va siz maksimal darajada yaxshi bajara oladigan ishlarni yozasiz. Masalan "sotuvlar uchun matn yozish" yoki "hamkorlar bilan tez aloqaga kirishish"ga o'xshash. Shuningdek qobiliyatlaringizni 10 tadan oshirmaslikka harakat qiling, garchi juda yaxshi kadr va 1 000 000 dan ortiq xususiyatlaringiz bo'lsa ham. Harholda qobiliyatni qog'ozda emas, ishda ko'rsatish zarur.

5.Ta'lim

Ushbu bo'limda siz qaysi kollej yoki oliygohni tamomlaganingiz va mutaxassisligingizni yozib qoldirasiz.

6.Tajriba

Bu yerda siz shu vaqtgacha ishlagan kompaniya yoki tashkilotlaringiz, ishga kirish va ketish vaqtlarini, shuningdek,egallagan lavozimingizni ham ko'rsatib o'tishingiz zarur.

7.Bog'lanish uchun raqam yoki elektron manzil

Bu yerda hech qanday izohlarga hojat yo'q. Faqat elektron manzilingiz nomiga sal e'tiborliroq bo'lsangiz bo'ldi. Ya'ni [email protected] yoki [email protected] kabi jiddiy bo'lmagan elektron manzillarni yubormaganingiz ma'qul.

Rezyume tayyor bo'lgach uni kamida 3 marta qayta o'qing yoki do'stlaringizga o'qiting. Imloviy xatoliklar yo'qligiga ishonch hosil qilganingizdan so'nggina uni so'ralgan manzilga yuborishingiz mumkin.

O'zingiz istagan joyda faoliyat yuriting. TezTop.net bilan qoling!