O'qish va yozish uchun vaqt topish
Parkinson qonuni aytadi: Ish o'ziga ajratilgan resursga qarab bajariladi.
Vazifani bajarishga bir hafta ajratsangiz, bir haftada. Ikki kun ajratsangiz ikki kunda bitirasiz.
Bozorga bir million bilan tushsangiz ham, uch yuz ming bilan tushsangiz ham hammasini ishlatib chiqasiz.
Qilgan loyihalarimda buni o'z ko'zim bilan ko'rdim. Bitta maktabni 50 000$ bilan, boshqasini 400 ming dollar bilan ochdik. Farq nimada? Ajratilgan pulda.
2 xonalik uyda yashaydigan odam ham, 5 xonaligida yashaydigan ham uyiga sig'maydi. Qancha xonada yashasa, hammasini to'ldiradi.
Parkinson qonunidan kelib chiqib, o'qish va yozish uchun vaqt topishga ikkita usul ishlatish mumkin:
Mashhur jurnalist Andy Rooney uyi to'lib ketganida bir ish qilgan. Uyini kvadratini hisoblab, ijara uchun har kvadratga ketayotgan pulini aniqlagan. Uyida turgan har bir jihoz uchun egallab turgan kvadratiga yarasha pul to'layabman deb tasavvur qilgan. Muzlatgich - bir kvadrat. Oyiga 20$. Arziydi. Qoldiraman. Shunday qilib har bir jihozni tahlil qilgan.
Tekinga kelgan jihozlar ham tekin emasligini tushunib, uyini oson bo'shatib tashlagan.
Siz ham uyingizni shunday bo'shatsangiz bo'ladi. Toshkentda o'rtacha uyning ijara narxi kvadratiga - 6$.
Endi vaqt bo'shatishga qo'llasak. 10 million so'm oylik olayotgan bo'lsangiz bir soatingiz narxi 60 000 so'm. Bu ish vaqti 40 soat deb hisoblaganda. Aslida esa hech kim kuniga to'liq 8 soat ishlamaydi. O'rtacha 4 soat. Demak bir soatingiz narxi 120 000 so'm.
Ishlaringizni shunga qarab tahlil qilsangiz bo'ladi. Bepul ishlar uchun ham, soatiga shu pulni sarflayotgan bo'lasiz.
Serial ko'rish, blogerlarni kuzatish, 40 000 so'm arzon narx uchun 2 soatlik yo'l bosish - hech qaysi biri tekin emas.
Sog'lom aql bilan qaror berilganda quyidagi vaqt taqsimoti to'g'ri bo'ladi:
Soatiga 120 000 kam pulga bitadigan ishlar -> outsource qilinadi (mashina yuvish, ovqat qilish, haydash emas taksida borish)
Ortib qolgan vaqtda ko'proq o'qiymiz, ko'proq yozamiz. Bu ko'proq daromad olib keladi -> outsourcega o'tadigan ishlar ko'payadi.
Agar daromadimiz outsourcega yetmasa, daromadimiz oshirish yo'llarini izlaymiz. Qizig'i bu ham o'qish orqali bo'ladi)
Inson tabiatiga majbur bo'lmagan yoki odat bo'lmagan ishini qilish oson emas. Vaqtingiz yetmay qolsa birinchi bo'lib majbur bo'lmagan ishlar qolib ketadi. O'qish va yozishga esa sizni hech kim majburlamaydi.
Uyg'onishingiz bilan yozishni odat qiling. Ertalabni o'zida kitob o'qing. Shu ishlarni qilmaguncha boshqa ishlarni boshlamay turing.
Asosiy ishingiz, uchrashuv, qo'ng'iroqlar hammasi shu ikkita ish bitganidan keyin bo'lsin. Chunki ular baribir bitadi. Majbursiz.
Bugunga shu. O'qing va yozing do'stlar. Men hali odamni o'stiradigan bundan kuchliroq usul ko'rmadim.