Rasmiy munosabat
January 27, 2022

RASMIY MUNOSABAT

Marhamat tuman hokimligi Matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan «Marhamatda xususiy mulkka chang solinmoqda. Hokimlikka sudlar «koʻmaklashyapti»», «Auksiondan olingan mulk tortib olinmoqda» hamda shu kabi sarlavhalar ostida chiqqan videolavha va maqolalar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:

Ijtimoiy tarmoqlarda «Marhamatda xususiy mulkka chang solinmoqda. Hokimlikka sudlar «koʻmaklashyapti»», «Auksiondan olingan mulk tortib olinmoqda», «Andijoncha mafiyami?-Sudlar ko‘z yummoqda» hamda shu kabi nomli videolavha va maqolalar eʼlon qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan videolavha hamda maqoladagi barcha maʼlumotlar aslida qanday ekanligi to‘g‘risida ma'lumot beramiz:

Asaka tuman hokimining 13.02.2012-yildagi 63-Q sonli qarori bilan «Asaka parranda» MCHJga Marhamat tumani Istiqlol massivida joylashgan «Suv saqlash inshooti» va Marhamat tumani Mirishkor MFY hududida joylashgan «Suv olish inshooti» mulklari tasarruf etish huquqisiz foydalanishga berilgan.

Bankrotlik taomili joriy qilingan «Asaka parranda» MCHJ tugatish boshqaruvchisi X.Teshaboyev Oʻzbekiston Respublikasi «Bankrotlik toʻgʻrisida»gi Qonunning 130-moddasiga asosan ushbu inshootlarni qoldiq qiymati boʻyicha Marhamat tuman hokimligi balansiga topshirishi lozim boʻlsada, qonunlarga zid ravishda auksion savdoga chiqarib yuborgan.

Yuqoridagilarga koʻra, Marhamat tuman hokimligi daʼvo arizasi boʻyicha javobgar «Asaka parranda» MCHJ tugatish boshqaruvchisi X.Teshaboyev va boshqalarga nisbatan yigʻilish bayonnomalarini va 26.11.2020-yilda oʻtkazilgan auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnomalarni haqiqiy emas deb topish, suv inshootlarini Marhamat tuman balansiga qaytarishni soʻrab fuqarolik ishlari boʻyicha Asaka tumanlararo sudiga murojaat qilingan hamda 28.06.2021-yildagi 2-1702-2102/30008-sonli hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi toʻliq qanoatlantirilgan.

Javobgarlarning apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlariga asosan ish qaytadan koʻrilib, Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 17.09.2021-yildagi ajrimi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 20.12.2021-yildagi ajrimi bilan avvalgi sud qarorlari oʻz kuchida qoldirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 2020-yil 26-noyabrda oʻtkazilgan onlayn auksionda Jasurbek Mamayunusov jami 1 mlrd 159 mln soʻmga «Asaka parranda» MCHJ balansidagi ob'ektlarni sotib olgan, deb notoʻgʻri maʼlumot berilgan. Vaholanki, J.Mamayunusov tomonidan nizoli suv inshootlari uchun faqatgina boshlangʻich bahosi 57.399.236 soʻm toʻlovni amalga oshirgan boʻlib, auksion oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan ob'ekt qiymatini toʻliq toʻlamagan. Sud qarorlarida boshlangʻich toʻlov 57.399.236 soʻmni «Asaka parranda» MCHJni hisobidan Mamayunusov Jasurbek Maxamathokimovichga qaytarish koʻrsatilgan.

Barcha sudlar tomonidan «Asaka parranda» MCHJning Marhamat tumanida joylashgan «Suv olish va suv saqlash» inshootlari va ular joylashgan 3,98 gektar yer maydoni mazkur suv inshootlari xalq manfaati uchun xizmat qiladigan infratuzilma ob'ektlari deb topilib, davlat mulki hisoblanadi, deyilgan.

Chunki, Marhamat tumani Mirishkor MFYda yashovchi 799 ta xonadon, yaʼni 3858 nafar fuqarolar, Oʻqchi MFYda 694 ta xonadan, yaʼni 3303 nafar fuqarolar, 4 ta yuridik isteʼmolchilar, Asaka tuman Mehnatobod MFYda yashovchi 453 ta xonadan, yaʼni 2516 nafar fuqarolar hamda 4 ta yuridik isteʼmolchilarni mazkur suv inshootlari orqali suv bilan taʼminlanib kelmoqda.

Bundan tashqari, topshiriqqa asosan, Andijon davlat ekspertizasi tomonidan 2018-yil 5-aprel kungi №E-2018/342/1(21)-sonli ekspertiza xulosalari olinib, pudratchi «JUST MOMENT» MCHJ tomonidan Marhamat tumani Istiqlol massivida joylashgan «Suv saqlash inshooti» va Marhamat tumani Mirishkor MFY hududida joylashgan «Suv olish inshooti» bino-inshootlarga 3,1 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga qurilish ishlari amalga oshirilib foydalanishga topshirilgan.

Ushbu taʼmirlash-qurilish ishlari «Obod qishloq» dasturi asosida davlat byudjet mablagʻlari hisobidan, taʼmirlash-qurilish ishlari esa qaror, farmoyishlarga koʻra, loyiha-smeta asosida amalga oshirilgan.
Marhamat tumani Mirishkor, Oʻqchi MFY hamda Asaka tumani Mehnatobod MFY aholisini boshqa joydan ichimlik suvi bilan taʼminlashni imkoni yoʻqligi hamda Asaka tumanida 20.000 nafar aholi uchun moʻljallangan yangi qurilayotgan «Asaka city» shaharchasida 70 ta koʻp qavatli uylarni Marhamat tumanidagi ushbu inshootlar orqali ichimlik suvi bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Mazkur bino-inshootlarni davlat mulki hamda infratuzilma obyekti sifatida saqlab qolishdan maqsad yuqorida koʻrsatilgan Marhamat va Asaka tumanlarida istiqomat qiluvchi 30.000 nafar aholisi va yuridik shaxslarini muntazam ravishda ichimlik suvi bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

Marhamat tumani hokimligi Matbuot xizmati.