Tashrif
February 25, 2022

RESPUBLIKA ISHCHI GURUHI MARHAMAT TUMANIDAGI ISLOHOTLAR BILAN TANISHDI

Bosh prokuror oʻrinbosari Sh.Uzoqov 25-fevral kuni Marhamat tumaniga tashrif buyurib, tashrif davomida sektor rahbarlari bilan birgalikda tumanda ogʻir hudud sifatida qayd etilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar va tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan tanishdi.

Dastlab, Bosh prokuror oʻrinbosari tumandagi «Andijon tajriba koʻrgazma maydoni»da boʻlib oʻtayotgan inovatsion ishlanmalarning 2-yarmarkasiga tashrif buyurib, u yerda yosh ixtirochilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Shundan soʻng, ogʻir hudud sifatida qayd etilgan Uvaysiy, Birlik, Chilon va Polvontosh MFYlarda boʻlib, u yerda sektor rahbarlari tomonidan hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmasini yaxshilash va aholini daromad manbaiga ega boʻlishlari maqsadida olib borayotgan ishlari bilan tanishib, sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilot rahbarlariga oʻzining koʻrsatma va topshiriqlarini berdi.

Bundan tashqari, Sh.Uzoqov Uvaysiy MFYda ish faoliyatini boshlagan «ZAMON TEXTILE AND» korxonasi qoshida ochilgan yangi tikuvchilik korxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi va shu kabi ishlab chiqarish korxonalarini koʻpaytirib, aholini band qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Soʻngra, Bosh prokurori oʻrinbosari Bozorboshi MFY hududida joylashgan «AFGHAN BAZAR SILK CARPETS ANDIJAN» MChJda boʻlib, u yerda korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan gilam mahsulotlari bilan tanishdi va korxona ishchi xodimlarining mehnat faoliyatini oʻrganib, tadbirkorga faoliyatida koʻrsatilishi lozim boʻlgan yordamlar boʻyicha tushuntirishlar berdi.

Marhamat tumani hokimligi Matbuot xizmati.