October 15

BOG‘BONSIZ “GULLAR”

"Samarqand yoshlari" gazetasi

Insonlar tabiatning go‘zalligiga yetishmoqchi bo‘lsalar uni atrofdan qidirishadi, masalan, chiroyli gullardan, quyoshning zarrin nurlaridan, manzaralardan va hokazo. Bu go‘zallik ko‘p holatlarda alohida uchrasa-da, ularning barchasi birgina mavjudodda, u ham bo‘lsa, ayolda mujassamdir.

Gullar tabiatan nafis va nozikdir. Ehtiyotkorona va mehr berib parvarishlamasak, nobud bo‘ladi. Oilaning nozik nav-niholiga ham xuddi shunday, xushmuomalalik bilan bir qatorda mehr berib, tarbiyalamoq lozim.

Ishxonamizga yangi kelgan hamkasb qiz doim g‘amgin va atrofidagi insonlarga nisbatan nafratda yurar, o‘ta qo‘pol va jizzaki edi. Yosh qizning nega bundayligi meni o‘yga toldirardi. Chunki uning yoshidagilar beg‘ubor va quvnoq, sho‘x-shodon yurishadi odatda. Kunlar o‘tib, o‘sha qiz bilan birga tushlik qiladigan bo‘ldik. Suhbatimiz ham qizigandan qizidi. Ich-etimni yeyayotgan savollarga javob olish payida, uni gapga soldim. To‘g‘risi, uning hikoyasini eshitib, taajjublanishimni ham, jahlim chiqishini ham bilmay qoldim.

So‘zlariga qaraganda, kichikligidan otasi uni yoqtirmas, shirin so‘zlar bilan erkalamas, voyaga yetgach esa juda ham qo‘pol ohangda gapirar, hatto kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kar, biror chiroyli libos olsa, “Senga umuman yarashmaydi, sen xunuksan!” der ekan.

Oliy o‘quv yurtiga bilimi bilan kirib, ota-onasidan suyunchi olgani uyga shoshibdi. Ammo otasining pinagi ham buzilmagan, qizning qalbi esa yana jarohatlanibdi. Tavba, axir otalar qizlarini yaxshi ko‘rib, “malikam” deya, barcha istaklarini muhayyo qilishadilar-ku, deya o‘yga toldim. Besh qo‘l barobar emas ekan-da. Otalik nomiga nomunosib bunday kimsalar!

Shu tobda dadam qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Dadamning menga bo‘lgan iliq muomalasi eshitildi chog‘i qizning ko‘zlariga yosh keldi…

Afsuski, so‘nggi vaqtlarda bunday hollarga ko‘p guvoh bo‘lyapmiz. Mehrsiz ota, e’tiborsiz ona tarbiyasini olib, qahri qattiq, jamiyatdan uzilib qolgan farzandlar voyaga yetyapti va bu zanjir xuddi shu tarzda avloddan avlodga o‘tib, davom etishi, ayanchlidir. O‘g‘il bolalar-ku qizlardek e’tibor va mehrtalab emas, ularning fitratida ko‘ngilchanlik qizlarga qaraganda kamroq. Buni inobatga olmaydigan “ota-onalar” esa farzandi mehrni ko‘chadan izlab, bir og‘iz shirin so‘zga uchib, aldanib qolgach boshini qay devorga urishni bilmay sarson bo‘lishadi. Pushaymondan esa foyda yo‘q!

Bolalarning axloq-odobi haqida so‘z borganda “Hozirgi yoshlar “buzilib” ketyapti”, qabilidagi gaplarni aytib, nolishadi. Aslida esa, yosh avlodning “buzilmasligi”, jamiyatda munosib o‘rin egallashi-yu, ota-onasiga rahmat olib kelishi ularning o‘zlariga bog‘liq emasmi?! Kun kelib, “Farzandim menga bemehr, hech qayg‘urmaydi!”, deya nadomat chekishni istamasangiz, avvalo, o‘zingizni tarbiyalang, xatolaringizni tuzatib, farzandingiz bilan do‘st bo‘ling, yoshligidan qalbiga muhabbat va ezgu insoniy fazilatlarni singdiring.

Zero, ota-onaning asosiy burchi farzandini moddiy ta’minlab qo‘yishgina emas, uning orzu-istaklari amalga oshishiga ko‘maklashish, eng yaqin do‘sti o‘laroq hayot yo‘llarida yo‘ldosh bo‘lishdir.

Maftuna UBAYDULLAYEVA.