October 7

QIMMATGA TUSHAYOTGAN “KASHFIYOTLAR”

"Samarqand yoshlari" gazetasi

Yaqinda to‘y qilmoqchimisiz? Sizni chiroyli kelin ko‘ylak, foto va video qilib beradigan studiya, ko‘chalarimizga sig‘maydigan allambalo mashinalar, karnay-surnay, to‘yxona, taklifnoma savdolari kutmoqda.

Odatga ko‘ra, to‘y harakatlari taklifnoma tayyorlashdan boshlanadi. Bir-birini takrorlamas bejirim muqovali bu qog‘ozga ham haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflanayotgani bor gap. Qanchalik chiroyli va qimmatbaho bo‘lmasin, vaqti kelib, chiqindi qutisidan joy oladi. To‘y egalari esa bu haqida o‘ylab ham ko‘rmay, bir parcha qog‘oz ortidan obro‘ orttirish ilinjida.

To‘yni tarixga muhrlash qismiga kelsak, bir vaqtlar qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘larni tasvir orqali yodga olish, unutilmas lahzalardan esdalik sifatida qilingan bu ish bugun sarf-xarajat va dabdabada gollivud va bollivud filmlarini ham ortda qoldiryapti. Eng kamida 10 ta foto-kamera, 8 ta “operator”, “dron”, “kran” va shu kabilarsiz o‘tmayotgan to‘ylarimizning birgina “badiiy qismi” uchun minglab dollar sarflaydigan hotamtoyga aylanyapmiz.

Ana endi kuyov bolaga kelsak. To‘y qahramoni o‘zini Po‘lat Alamdar(mashhur turk seriali qahramoni)dek his qilishi uchun 10 dan ortiq mashina shay turishi kerak.

Yo‘lni butunlay egallab, ilon izi harakatlar bilan boshqalarning yo‘lini to‘sishlariga nima deysiz? Nima uchun kimningdir shodligi boshqa birovga aziyat yetkazishi kerak? Shu holatga bog‘liq ayanchli voqealar ham yo‘q emas. Oqibatda necha-necha to‘ylar azaga aylanib ketyapti. Kuyov navkarga otlangan yigitlar kanaldagi suvga tushib ketgani tasvirlangan lavha ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokamalarga sabab bo‘lgani esingizdadir. Orzu-havaslarga, albatta, qarshi emasmiz. Biroq ko‘ngilsiz yakun topayotgan ko‘pgina holatlar har ishda chegaradan chiqmaslik lozimligini ochiq-oydin isbotlab turibdi.

Oqshom qirolichasi sanalmish kelinning ko‘ylak va pardoz-andozi haqida gapirmasak ham bo‘ladi. “Umrda bir marotaba bo‘ladigan” to‘y havaslari kelin va kuyovning cho‘ntagidan millionlarni qurtday sanab olayotgani, bu esa oilalarning parvoyiga ham kelmayotgani, achinarli. Ular uchun muhimi bir kunlik to‘y tillarda doston, aytganlaridek, “yetti mahallada duv-duv gap bo‘lsin” qabilida ish tutishadi. Bu ishlar ikki yoshning keyingi hayotidagi baxtini ta’minlaydimi? Tinch va farovon yashashadimi, bu hech kimga qiziq emas!

Allaqachon urfga kirgan, qilinmasa, janjal-to‘palon bilan, juftliklar ajralib ketishigacha borayotgan “Love story” ham og‘riqli mavzulardan biri. Sovchilar orqali tanishganiga bir oy bo‘lmagan turmush qurish arafasidagilar ham eldan qolmay, deya shunday sevgi hikoyalari tayyorlatishadiki, ularning buncha ishga qachon ulgurganiga mehmonlar hayron, ba’zilari esa uyat-u andishadan yer chizishadi. Aslida, juftlikning qanday tanishgani, birgalikda bosib o‘tgan yo‘li, uchragan qiyinchiliklari yoritilishi kerak bo‘lgan bu sevgi qissasini takrorlanmas qilamiz, deya tabiat qo‘ynida tepalikdan yiqilgan-u, suvda cho‘kib ketishiga bir bahya qolganlar ham anchagina.

Navkarga boradigan yigitlar esa xuddi ocharchilikda qolgandek, dasturxondagi noz-u ne’matlarni supurib olib ketishi udum bo‘lgan. Haqli savol tug‘iladi, kelinning xonadoniga oyoq kiyimlar bilan, eshikni tepib, madaniyatsizlarcha kirish qachondan beri o‘zbek millatining odati bo‘lib qoldi?

Ma’naviyatimiz, milliyligimizga mos kelmaydigan urf-odatlarni “kashf qilib”, butun millatning nomiga dog‘ tushirayotgan, ularning ortidan ko‘r-ko‘rona ergashib, qilayotgan ishlarining to‘g‘ri-noto‘g‘riligi haqida mulohaza ham qilib ko‘rmayotgan oila boshilariga aytar so‘zimiz bor: dilbandingizning baxtini bir kunlik dabdaba-yu hasham, to‘yga kelganlarning maqtovlari ta’minlab berolmaydi. Yuqorida ta’kidlangan bema’ni odatlarni qanday qilib urfga aylantirgan bo‘lsak, xuddi shunday shaklda voz kechmasak, tez fursatlarda yanada afsuslanarli oqibatlarga olib kelishi muqarrar. Xulosa o‘zingizdan.

Maftuna UBAYDULLAYEVA.