INSONNI YAXSHILIKKA UNDOVCHI KITOB
“Hech bir uchrashuv tasodif emas” – nomini eshitishingiz bilan diqqatingizni tortadigan bu asar sizda bevosita kitobga qiziqish uygʻotadi. Qulay vaqt topib, uni mutolaa qilishga undaydi. Bu asar muallifi mashhur turk yozuvchisi Hakan Mengyuchdir. Asar hayotiy voqea asosida yozilgan. Bosh qahramon Hakan ismi bilan tanilgan so‘fiylik haqida turli xil mamlakat va shaharlarda doimiy ravishda ishlab, koʻplab seminarlar tashkillashtiruvchi notiq. Yana bir qahramon esa boy oilada tugʻilgan, hamma narsani pul bilan sotib olsa boʻladi, deb oʻylaydigan, oilasidan yiroqda erkinlikni xush koʻruvchi, sevgilisi tomonidan tashlab ketilgan qiz Azra. Bu ikki insonni hayot tasodifi bir-biri bilan uchrashtirdi.
Ular hech qanday pulsiz, oziq-ovqatsiz, kiyim-kechaksiz va rejalarsiz oʻzlarini Yaratganga omonat qilib, ertangi kunida qanday voqealar sodir boʻlishini bilmasdan 7 kunlik safarga otlanadi. Safar davomida ular turfa taqdir egalariga duch keladi. Ularning hayotdan olgan saboqlarini tinglaydi va oʻzlari uchun xulosalar chiqaradi. Shu bilan bir qatorda, Hakan safar mobaynida Mavlono Rumiy hamda Shams Tabriziylarning purmaʼno hikmatlarini va mavridi kelganda suhbatdoshlariga goʻzal hikoyalar soʻzlab berardi. Shubhasiz, bularning barchasi asar salohiyatini boyitib, oʻquvchilarning falsafiy fikrlashini oshiradi. Asar boshida tasvirlangan tanti, oʻz maqsadini bila olmagan qiz, yetti kun ichida oʻzligini qaytadan kashf etadi. Hakan va Azraga bu muddat koʻp narsalarni oʻrgatdi, baʼzilaridan esa voz kechirtirdi. Ular shuni angladiki, hayotda hech bir uchrashuv tasodif emas.
Men bu asardan parchani bir do‘stim oʻqiyotganida eshitgandim va o‘sha jumlalar menga bu kitobni oʻqishimga turtki boʻldi. Albatta, sizlarga ham ushbu asarni oʻqishni tavsiya qilaman. Sarflagan qimmatli vaqtingiz zoye ketmaydi, ishonavering! Asarning ilk satrlariyoq sizni yaxshilik qilishga undaydi. “Bir sham boshqa shamni yoqsa, oʻz nuridan hech narsa yoʻqotmaydi. Aksincha, zulmatni yoritishga yordam beradi”.