MURDALAR GAPIRMAYDILAR yoxud tiriklarni “tiriltiradigan” asar
Kitobxonlar o‘qib tugatgan kitobi xususida biror fikr qoralay olsa yoki umumiy olgan taassurotlari haqida jo‘yali biror narsa yoza olsagina kitobni anglagan deb hisoblash mumkin, menimcha. Negaki, o‘zim ham shu vaqtgacha biror fikr yoza olmagan kitoblarimga tushunmaganman va qayta o‘qishga to‘g‘ri kelgan.
Navbat sevimli adibimiz, teran tafakkur, keng mushohada va yuksak aql sohibi Tohir Malikning “Murdalar gapirmaydilar” asariga. Boshqa ayrim asarlardan farqli ravishda eng boshidan e’tiborimni torta olgan (kunlik mutolaani tugatgan bo‘lsamda voqealar rivojiga qiziqib ketib, yana mutolaani davom ettirishga majbur qilgan) asar deya olaman.
E’tiborlisi, asardagi har bir personaj xoh kichik obraz bo‘lsin, xoh asosiy o‘z “vazifa”siga ega. Ya’ni har biri biror hayotiy mavzuda “ustoz”lik qilib ketadi. Qahramonlarda Tohir Malik uslubiga xos falsafiylik ufurib turadi. Asar aynan shunisi bilan ham sevimliyimga aylandi chog‘i.
Insonning eng katta dushmani sanalmish NAFSning qahramonlar boshiga solgan ofatlari, razolat botqog‘iga bo‘ynigacha botib ham tavba qilmagan gumroh bandalar hayoti, inson deyish u yoqda tursin, “hayvon” desangiz hayvonlar ham ranjiydigan kimsalar taqdirini aks ettirgan bu asar qayta-qayta o‘qishga arziydi.
Yozaman, desam ta’rif tugamaydi, har bir qahramon haqida uzundan uzun yozish (gapirish) mumkin. Sizga esa qadrligim, ALBATTA, O‘QIB CHIQING, deyman.