December 16

DUNYO BO‘YLAB TA’LIM OLGAN YOSH YURIST

"Samarqand yoshlari" gazetasi

Insoniyat shiddat bilan o‘zgarayotgan, har kuni yangi g‘oya va yangi texnologiyalar paydo bo‘layotgan zamonda yashamoqda. Ana shunday tez sur’atli hayotda jamiyatning asosiy tayanchi va rivojlanish omili, albatta, bu o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, maqsad sari dadil intiladigan yoshlar hisoblanadi. Ana shunday yoshlardan biri endigina 22 yosh bo‘lishiga qaramasdan, tengdoshlaridan ancha ildamlab ketgan Damir Axrorovdir.

Past Darg‘om tumanida dunyoga kelgan qahramonimizning bolalik yillari Davkash qishlog‘ida o‘tdi. Ilk ta’limni esa 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabida olib, uni oltin medal bilan tamomlashga muvaffaq bo‘ldi. 2020-yilda Damir uchun muvaffaqiyat eshiklari ochildi, u Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga qabul qilindi. Ilm olishga bo‘lgan chanqoqligi sababli talabalik davrining dastlabki davridayoq eng ilg‘or “Top-50” talabalar ro‘yxatidan joy oldi.

— O‘sha vaqtdagi eng katta orzum yuqori malakali, jahon talabiga javob beradigan huquqshunos bo‘lish edi. Unga yetishish uchun o‘z oldimga qat’iy maqsadlar qo‘yganman, – deydi yosh huquqshunos Damir.

Albatta, orzular orzuligicha qolmaydi, harakat bo‘lsa hammasiga erishish mumkin. Damir ham izlanishlari va muntazam harakatlari ortidan dunyodagi nufuzli univeristetlarda tahsil olishga musharraf bo‘ldi. Xususan, Polshadagi Adam Mitskevich universiteti, Moskvadagi Oliy iqtisodiyot maktabi hamda Pensilvaniya davlat universitetining magistratura bosqichida ta’lim oldi. Hozirda esa AQSHning Nyu-York shtatida joylashgan yuridik firmada yurist yordamchisi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

— Odatda ish hajmi juda katta bo‘lgani uchun deyarli bo‘sh vaqtim bo‘lmaydi, ammo bo‘sh vaqt topishim bilan undan unumli foydalanishga harakat qilaman, – deydi u.

Samarali kun tartibi sabab uddaburon qahramonimiz hozirda ona tilidan tashqari rus, ingliz tilida erkin muloqot qila oladi, ispan tilini boshlang‘ich darajada biladi, fors-tojik tilida erkin suhbatlasha oladi. “Bir yigitga qirq hunar oz” deyishganidek, u Sambo va erkin kurash bo‘yicha ko‘p marotaba viloyat, respublika chempioni ham bo‘lgan. Ilmiy faoliyatda ham Damirning natijalari chakki emas, “MDH eng yaxshi talabasi”’ xalqaro tanlovi g‘olibi, “Ta’lim sohasidagi xizmatlari uchun” MDH medali sohibi va 50 dan ortiq sertifikat, diplom yana turli xalqaro va respublika konferensiya, forum va tanlovlarda ishtirok etdi.

— Yodimda, Polsha davlatida o‘qib yurgan vaqtlarimda, “Xalqaro jinoyat huquqi” fanidan darsga 5 daqiqa kech kelganim uchun ustozim Damir “See you next week” degan edilar, ya’ni darsga kiritmagandi. Bu mening intizomim ustida yanada jiddiy ishlashimga sabab bo‘lgan. AQSHni tanlashimdan asosiy sabab esa uning nufuzli universitetlari va xorijiy tajribasini o‘rganish bo‘ldi. Amerika “imkoniyatlar yurti”, lekin imkoniyatlar o‘zi sizni topmaydi, siz uni topishingiz kerak. Amerika judayam ko‘p mehnat qilishga majbur qiladi, chunki bu yerda raqobat juda kuchli. Men Pensilvaniya shtatida joylashgan Pensilvaniya davlat universitetining magstiratura bosqichiga 45 000 AQSH dollari miqdorida grant bilan o‘qishga kirganman, biroq bu yerda o‘qish hayotimdagi eng katta sinovlardan biri bo‘lgan. Darslar faqat ingliz tilida o‘tilganligi sababli biroz qiyin, lekin o‘qituvchilar ajoyib. Har kuni yangilik, har hafta muhokama. Menga eng yoqqani o‘qituvchilarning har bir talabani tinglashi edi.

Boshqa davlatlardagi ta’lim yoki huquqiy tizimdan O‘zbekiston uchun amaliy ta’limni olib kelishni maqsad qilgan Damir Axrorov mediatsiya tizimini kengaytirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetida mediatsiya kursini ham muvaffaqiyatli tamomlaydi. Hozirda u Adliya vazirligi reyestrida malakali mediator sifatida ro‘yxatda turadi.

— Kelajakda o‘zimni xalqaro tajribaga ega yurist sifatida ko‘raman. Shu sababdan qisqa muddatda AQSHda tajriba orttirib, keyin esa O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqchiman. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida huquqiy aloqalarni mustahkamlashga o‘z hissamni qo‘shishni niyat qilganman. Tengdoshlarimga ham maslahat berardimki, orzu qilishdan hech qachon uyalmang. Hech narsa imkonsiz emas. Til o‘rganing, xorijiy tillar fikr dunyongizni kengaytirishga yordam beradi. Eng muhimi, hech qachon taslim bo‘lmang, chunki orzular davomiy harakatingiz ortidan ro‘yobga chiqadi.

Damir kabi bilimli, qobiliyatli, izlanishdan to‘xtamaydigan yoshlarning yutuqlari sizni ham o‘qishga, izlanishga, bir nuqtada to‘xtab qolmaslikka undashi aniq.

Muxlisa KAMOLOVA suhbatlashdi.