October 9

Meni “uyg‘otgan” “UYG‘ONISH”

“Anor books” nashriyoti tomonidan nashr qilingan, 7 ta kitobdan iborat “Uyg‘onish” to‘plamini o‘qib chiqdim. To‘plamda Muhammad al-Buxoriy, Abu Ali Ibn Sino, Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Mansur al-Moturidiy hamda Ahmad al-Farg‘oniy hayoti, ijodi va ilmiy, adabiy merosi to‘g‘risidagi qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.

To‘g‘risini aytsam, ilgari tarixga, ajdodlarimiz hayot yo‘liga va ijodiy merosiga qiziqmas, bu boradagi manbalar bilan faqat kirish imtihonlari uchun ishlaganman, undan ortiq bilim olishga harakat qilmaganman. To‘plamni o‘qib chiqqach esa uyaldim… Dunyo tan olgan ajdodlarimni bilmasligimdan, ularning avlodi bo‘la turib, shu vaqtgacha izlanmaganligimdan…

Siz ham men kabi g‘aflatda qolmang, deya mutolaam yuzasidan to‘plamdagi har bir kitob uchun alohida taqriz yozishga ahd qildim.

IBN SINONI O‘ZIM UCHUN QAYTADAN KASHF QILDIM

Abu Ali Ibn Sino siz-u bizga tibbiyotdagi dastlabki olamshumul kashfiyotlarni amalga oshirgan olim, “Tib qonunlari” asari muallifi va tabobatda butun dunyo tan olgan inson sifatida tanish.

Albatta, Ibn Sino tibbiyotda o‘z davridayoq ma’lum va mashhur bo‘lgan, minglab insonlarning hayoti saqlab qolinishiga sababchi bo‘lgan va bugungi kunga qadar tahsinlarga sazovor bo‘lib kelayotgan asarlar meros qoldirgan. Bular men kitobni o‘qigunimga qadar bilgan ma’lumotlarim. Xo‘sh, siz Ibn Sinoning qissa va she’rlar yozgan adib ekanligini, bu borada ham adabiy meros qoldirganligini bilarmidingiz? Oila, jamiyat va bola tarbiyasidagi muammolarga yechimlar keltirilgan asarlar yozganini-chi?

Ibn Sino merosi, dunyoqarashi, falsafiy ta’limotining eng kam o‘rganilgan qismi - bu uning inson, shaxs, oila, davlat, jamiyat, ta’lim-tarbiya haqidagi ta’limotlaridir. Ana shu ma’noda ijtimoiy falsafa, ijtimoiy madaniyat taraqqiyoti nuqtayi nazaridan ta’kidlash lozimki, Ibn Sinoning boy, ulug‘vor ilmiy-falsafiy merosining muhim qismini ijtimoiy-siyosiy va badiiy-estetik, axloqiy masalalarga, xususan, oila qurish, nikoh, oila siyosatini olib borish, er-xotinlik munosabatlari, ening xotinga, uning o'z eriga, ota-onalarning bolalar, oila oldidagi, bolalarning ota-ona, oila oldidagi burch-vazifalari haqidagi nazariya, qarashlari tashkil etadi.

“UYG‘ONISH”, Abu Ali Ibn Sino, 118-BET.

Abu Ali Ibn Sino ulug‘ olim bo‘lishi bilan birga iste’dodli adib ham edi. U birmuncha adabiy janrlarda ijod qilgan. Ibn Sino arab adabiyotini yaxshi o‘rgangan, arab klassik adabiyoti namunalaridan yod olgan, hatto dastlab mayda lirik she'rlar bitgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay lirik-falsafiy mazmunda she’rlar, mantiqni egallagach esa, mantiqqa oid va uni targ‘ib qiluvchi doston yozgan, tabobatni o‘rgangach, bu yo‘lda she’r va dostonlar yaratishga kirishgan. U she’riyatning barcha janrlarida ijod qilgan, u doston, qasida, g‘azal, ruboiy, fardlar yozgan. U forsiyda ham, arabiyda ham she'riy ijod qilishga qodir edi. Forsiydan ko‘ra arabiyda yozilgan she’riy asarlari bizgacha ko‘proq yetib kelgan. Shu asarlariga asoslanib mulohaza yuritsak, Ibn Sino ma’rifatparvar sifatida ko‘zga tashlanadi.

Bundan tashqari, Ibn Sino shaxsiyati, uning ilmga, ma’rifatga oshuftaligi ham kitobda shunday ochib berilganki, beixtiyor buyuklar o‘z-o‘zidan buyuk bo‘lib qolmasligini anglaysiz. Ayniqsa, uning kitobga bo‘lgan muhabbati tasvirlangan qism menga juda yoqdi:

Abu Alining kitobsevarligi, kitobdonligi kitobfurushlarga ko'pdan ma'lum bo'lgan va undagi zakovatni payqagan edilar. Abu Ali qachon kitob do'koni yonidan o'tsa, uning sohibi o'zida paydo bo'lgan yangi asarlardan uni ogoh qilib turar, boshqa o'lkalardan keltirilgan kitoblarni unga ko'rsatar edi.

“UYG‘ONISH”, Abu Ali Ibn Sino, 36-BET.

Xullas, aziz kitobxon, avvalo, menga o‘xshab shunday qimmatli ma’lumotlarni bilmasdan umringizni o‘tkazmang. Bundan tashqari, to‘plamdagi har bir alloma hayoti yo‘li va ijodini o‘zini o‘zbek va, albatta, ilm-ma’rifatli inson sanagan har bir kishi bilishi zarur!

Ming marta gapirgandan, bir marta (yoqib qolsa, qayta-qayta) o‘qigan afzal-a? Nima dedingiz? O‘qimoqchi bo‘lganlarga yoqimli mutolaa tilayman!

Munisa Nizomova.