TOYLOQLIK DILSO‘Z – KUMUSH MEDAL SOHIBASI
Yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, har sohada yaratilayotgan imkoniyatlar kundan kun “meva berib”, o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatyapti. Sabr-matonat va irodada tengdoshlariga o‘rnak qilib ko‘rsatsak, shijoatda To‘marisga qiyoslasak arzigulik natijalarga erishgan toyloqlik Dilsoʻz Ziyodullayevaning muvaffaqiyatlari shu bog‘ning sarxil mevalariga kichik bir misol.
Ilk ta’limni Toyloq tumanidagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabida olganman. Yoshligimdan ona tili, adabiyot, ingliz tili fanlariga hamda sportga qiziqqanman, boʻsh vaqt topdim deguncha, doimiy kitob oʻqish bilan shugʻullanaman. Ayniqsa, sevimli yozuvchim O‘tkir Hoshimovning ijod namunalari menda adabiyotga katta qiziqish va mehr uyg‘otgan. Balki shu sababdan bo‘lsa kerak, sevimli yozuvchimning asarlarini qayta-qayta o‘qiyman. Sportga kirib kelishimda esa jismoniy tarbiya oʻqituvchimiz Shaxnoza Mamatqulovaning o‘rinlari beqiyos. O‘qituvchimiz mendagi qiziqish va shijoatni ko‘rib, qo‘limdan yetaklab sport maktabiga olib borgan edilar. U yerda esa murabbiyim Sunnat Boymurodov bilan tanishdim, balki shunda omad qushi yelkamga qo‘ngandir.
Uch marta nayza, ikki marta yadro hamda disk uloqtirishdan 1-o‘rinni olib, O‘zbekiston chempioni bo‘lganligim ustozlarim saboqlari, ota-onam daldasi va o‘zimning muntazam harakatlarim natijasi, deb ayta olaman. Hozirda Toshkent shahar Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida Ilhomjon Mirzarayimovning qo‘lida sportning para yengil atletika nayza uloqtirish turi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib kelyapman.
Joriy yil men uchun juda ham omadli keldi, negaki Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilgan Gran-pri musobaqasida ishtirok etib, sportning para yengil atletika nayza uloqtirish turidan kumush medal sohibasi boʻldim. Hozirda Osiyo chempionatiga tayyorgarlik koʻryapman. Murabbiyim Ilhomjon Mirzarayimov esa men bilan doimiy shug‘ullanib, soha sir-asrorlarini o‘rgatib kelyapti.
To‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa-da, harakatdan butkul to‘xtagan, hayotda o‘zi va o‘zgalarga manfaat keltirishga urinmaydiganlarni ko‘p uchratamiz. Allohning irodasi bilan jismoniy imkoniyati cheklangan Dilso‘z esa erishgan natijalari orqali ba’zi tengdoshlaridan ham jismoniy, ham aqliy jihatdan allaqachon, ildamlab ketganligini isbotlashga ulgurgan.