October 15

Global ochlik reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

"Samarqand yoshlari" gazetasi

Global Hunger Index 2024-yil uchun xalqaro miqyosdagi ochlik indeksini e’lon qildi. O‘zbekiston reytingda 5 dan past ball bilan 22-o‘rinni egalladi.

Joriy yilgi reytingda 127 ta davlat ishtirok etgan. Reytingda yakuniy ball qanchalik past bo‘lsa, mamlakatda to‘yib ovqatlanmaydigan fuqarolar soni shunchalik kam bo‘ladi. Tadqiqot to‘rtta mezon: 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ozib ketish holatlari, bo‘yi o‘sishdan to‘xtashi, o‘limi va aholining to‘yib ovqatlanmasligi inobatga olinadi.

Reytingda 5 balldan kam to‘plagan 22 ta davlat yetakchilik qildi. Ular qatorida O‘zbekiston ham bor. Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, O‘zbekistonda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 6,5 foizi to‘yib ovqatlanmaslik tufayli bo‘y o‘sishidan orqada qolmoqda, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 2,4 foizi ozg‘in, 1,3 foizi esa besh yoshga to‘lguncha vafot etmoqda.

Markaziy Osiyoning qolgan respublikalari quyidagi o‘rinlarni egalladi:

  • Qozog‘iston – 5,3 ball 25-o‘rin;
  • Qirg‘iziston – 6,8 ball 36-o‘rin;
  • Turkmaniston – 9,5 ball 50-o‘rin;
  • Tojikiston – 13,7 ball 65-o‘rin.

Ushbu mamlakatlarning deyarli barchasi ocharchilik darajasi “past” bo‘lganlar qatorida, faqat Tojikiston “o‘rtacha” toifada.

Ochlik muammosi bo‘lmagan top-10 mamlakat qatoriga Belarus, Bosniya va Gersegovina, Chili, Xitoy, Kosta-Rika, Xorvatiya, Estoniya, Gruziya, Vengriya, Quvayt kiradi. Ocharchilik yuqori davlatlarga Janubiy Sudan, Burundi, Somali, Yaman, Chad kiradi.