April 19, 2025

SPORTDAN MAHALLA YETAKCHILIGIGACHA…

"Samarqand yoshlari" gazetasi

Mahalla xalqning yuragi, jamiyatning ildizi. Mahalla kema bo‘lsa, mahallaning yoshlar yetakchilari esa yo‘l ko‘rsatuvchi mayoq vazifasini o‘taydi. Mizrobjon Rahmonov ham mana bir necha yildirki, Samarqand tumanidagi chekka tog‘li hududlardan biri Mironqul mahallasida yoshlar yetakchisi vazifasida faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, sport sohasida ham ancha-muncha dovonlardan oshib, yo‘lini topganlardan.

Ilm har bir insonning ziynati, ayniqsa, yoshlikda olingani toshga o‘yilgan naqshga qiyos. Mizrobjon avvaliga 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, so‘ngra boshlang‘ich tahsildan so‘ng, Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kollejida jismoniy madaniyat yo‘nalishda ta’lim oladi. Ustozlaridan bor bilim va ko‘nikmalarni olib, o‘rganganlarini boshqalarga ham yetkazish maqsadida 2016-yilda 2-son Bolalar va o‘smirlar sport maktabida sportning milliy kurash turidan murabbiylik qila boshlaydi.

Albatta, har bir insonning kamol topishida ota-onaning o‘rni beqiyos. Mizrobjon Rahmonov uchun ham erishgan samarali yutuqlari ortida ota-onasining duolari, tinimsiz harakatlar va berilgan tarbiya asos vazifasini o‘tadi. Qahramonimiz qilgan samarali mehnatlari, butun mahallasi tomonidan berilgan ishonch ortidan bugun yuqori marralarni zabt etmoqda. Bunday yutuqlardan biri Konstitutsiyamizning 30 yillik ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani bo‘ldi.

Bundan tashqari, sport sohasida ham quvonarli natijalarni qayd etgan, xususan, 2012-yil Buxoro viloyati Olot tumanida sportning dzyudo turi bo‘yicha Respublika chempionatida 3-o‘rinni egallaydi. Biroq qo‘lidan olgan jarohat sabab sport sohasidagi shaxsiy faoliayatini davom ettira olmaydi. Shu sabab o‘zi orzu qilgan natijalarni shogirdlari olib kelishini diliga tugib, bor diqqat-e’tiborini murabbiylikka qaratadi. Shundan buyon Mizrobjon Rahmonov tarbiyalagan yosh chempionlar jahon arenalarida yurt bayrog‘ini ko‘kka ko‘tarmoqda. Jumladan, 2022-yil “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning “Street workout” turi bo‘yicha Samarqand tumanidan yagona jamoa respublikada 3-o‘rinni oladi, ushbu jamoa Mizrobjon tarbiyalagan zavod ishchisi va ustalaridan tuzilgan yigitlar jamoasi edi. Shogirdlaridan biri Haydarbek O‘roqboyev esa Rossiyaning Yakustk shahrida Osiyo bolalari 2024-xalqaro musobaqasida O‘zbekiston jamoasidan qatnashib, sporting sambo turidan faxrli 1-o‘rini egallab qaytadi.

Hozirda Mizrobjon Rahmonov 50 dan ortiq sportchining murabbiyi. Tarbiyalagan shogirdlari ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinib, sanasa sanog‘i yo‘q natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Bir yigitga qirqta hunar ham oz deyishganidek, u mahalla yetakchisi hamda Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi Toshkent iqtisodiyot va pedagogika institutida 4-bosqich sirtqi ta’limda tahsil olmoqda.

Mizrobjonning yutuqlari bardavom bo‘lishini tilab qolamiz!