“QULOQ"LIKMI YOKI ZAMONAVIYLIK?
Oʻgʻil bola oʻz haqqini berib qo‘ymaydi. Erkak qilib tarbiyalash kerak, bola deganni. Ertaga qariganingda suyanchiq bo‘ladi. Muloyim supurgi bo‘lsa, odam uyalasan, “falonchi mening o‘g‘lim” deyishga. Shuning uchun indama, bola narsa hozir urishib, ko‘z ochib yumguncha yarashadi…
Bu gaplarni kunlik turmushimizdan oldim. Ammo hech bolaligimda eshitmagan ekanman. Biri yaxshi, boshqasi ko‘ngilni biroz g‘ashlab qo‘yadigan voqealar juda ko‘p bo‘lgan. Sho‘xlik qilmagan, nasihat eshitmagan kunimiz bo‘lmagan. Kaminadan misol, otam ismimni biroz yo‘g‘onroq qilib chaqirsa, “bugun nima ayb ish qildim ekan” deb, o‘zimni taftish qilishga tushib ketardim. Otam esa “mollarga suv ber” yoki “muzday suv olib kel” kabi oddiy yumushlarni buyurib qolardi. Shundagina yuragim maromida ura boshlaganini his etardim. Yoki bunday holat sizda bo‘lmaganmi?
Qishlog‘imizda futbol maydoni bo‘lar, bo‘lib ham Zayniddin Zidanlar o‘ynaganmi, bilmadim xuddi uning boshiga o‘xshab kal bo‘lib qolgan, bir maysa yo‘q. To‘pimiz ham paypoq (naski) dan bo‘lardi. Rostakami boshqachada baribir. Haqiqiy koptok ham topilardi, lekin uning egasi yo kitob o‘qishi yoki biror ish qilishi kerak, chunki to‘p otasi tomonidan muayyan shartlar qo‘yilib, so‘ng olib berilgan. Shartni bajarsa, biz bilan o‘ynamas, o‘ynasa…
To‘p topilmagach, qo‘shni bolalar bilan ko‘p marta qilichbozlik o‘ynardik, ammo bu safar yangi qoida kiritildi, aniqrog‘i yangi qurol. O‘shanda kimdir Amir Temur urushlarda “granata”dan foydalangani haqida gapirdi. Biz ham “qo‘lbola granata" ya’ni mushtdek keladigan toshlardan foydalanardik. Kamina o‘yinchilar ichida eng kichigi edim. Odatda sinov kichik yoshli o‘yinchida amalga oshirilardi. Tajriba o‘tkazildi. Qarabsiz-ki, peshonamdan qon oqar, baqirib yig‘lar edim. Bolalarning bir qismi meni ovutish bilan, qolgani beziyon yordam berguvchi kishi axtarish bilan band edi. Beziyon deganim yordam bergan kishi “oʻraga sichqon tushdi guldur gup” qabilida ish qilishi kerak edi. Shifokor topdik. Yig‘lamay qo‘ydim. Yuzim qora bo‘ldi. “Bosh yorilsa yuz qora bo‘lar ekanmi”, deysizmi? Shifokor deganim, bu mahallamizdagi mol doktori edi. Bolalar “yarimta” evaziga yordam berishga ko‘ndirishgan ekan. U bo‘lsa, “xalq tabobati”, deya rosa qozonning qorasidan surkadi.
— Iltimos, uyingdagilarga “yiqilib tushdim” degin, yig‘lamsirab qaradi “kamandir”imiz.
— Akamga aytaman, ko‘rasan hali, – dedim xo‘rligim kelib. Uchta akam bor-da, axir.
— Anavi, katta quloqni taniysizlar-a?! – so‘radi shifokor.
— Ha, ha taniymiz! – dedi bolalar, bir ovozdan.
— O‘sha, ikkita bo‘ldi. Nega deysizmi? – davom etdi, shifokor menga qarab.
— U ham yoshligida do‘stlarini chaqib bergandan keyin qulog‘i soatiga o‘sadigan bo‘lib qolgan. Agar do‘stlaringni sotsang, sen ham katta quloq bo‘lasan.
— Yo‘q, yo‘q hech kimga aytmayman, – deya qulog‘imni ushladim.
Katta quloq bo‘lishdan or qildim, menimcha. Shundan keyin nimadir bo‘lsa yaqinlarimga “yiqilib tushdim”, derdim har safar. Akalarim nima boʻlganini darhol anglashar, soʻrab bilib olishardi. Axir qishloqda gap yotarmidi. Lekin temir sovib boʻlgan boʻlardi. Shu bois ikkinchi tomondan gina qilinmas edi. Qattiq tarbiyaviy ishlar olib borilardi. Ayb kimda boʻlishining ahamiyati yoʻq. Har kim oʻzinikini taftish qilardi. Munosabat, muomala haqida tushunchalar berilardi. Zamonaga yondashib aytsak, “diplomat”dek yondashuvni oʻrgatishar va amalda koʻrsatish talabi qoʻyilardi.
Oʻgʻil bola oʻz haqini berib qoʻymaydi, deyishdan oldin haqqini anglatib qoʻyish juda muhim. Haqqini anglaganida bugun ustoziga qoʻl koʻtarmagan boʻlardi. “Ustoz otangdan ulugʻ”, degan dono xalqimiz. Xuddi shunday otangdan ulugʻ, otangdek emas. Nega? Chunki ota oʻz qoni oqib turgani uchun ham bolasini moddiy va ma’naviy ta’min etishga majbur. Ustoz oʻz bolasidan koʻproq shogirdiga yaxshilik qiladi. Teran fikrlasak, ustozning darajasini anglab yetamiz.
Ustozga qoʻl koʻtarib turgan bir mavjudot ota-onaga suyanchiq boʻlarmidi?! Muloyimlik – halimlik degani. Imom Buxoriy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy buyuk allomalarimiz urushqoq boʻlishmagan. Ular beqiyos aql sohiblari edi-ku. Ular olim kishilar deysizmi? Amir Temur, Bobur va Mirzo Ulugʻbek shoh edi, ammo halim, tadbirkor boʻlishgan. Barchasiga muloyimlik va reja bilan erishgan. Bola-da urushadi, yarashadi. Albatta, bu hayot qonuniyati. Lekin bu unga tarbiya berish oʻrniga ragʻbat berish kerak degani emas.
Xulosa qilib aytganda, o‘g‘il bolani erkak qilib tarbiyalash kerak, degan gap to‘g‘ri, ammo bu erkaklik faqatgina jismoniy kuch va qo‘pollik bilan o‘lchanmasligi kerak. Haqiqiy erkak bu — aql-idrokli, adolatli, mehribon va mas’uliyatli inson.