April 19

Final o‘z nomi bilan final, oldimizda mas’uliyatli vazifa turibdi – Ismoilov

"Samarqand yoshlari" gazetasi

O‘zbekiston U-17 terma jamoasi murabbiyi Islom Ismoilov Osiyo kubogi finali doirasida Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

“Finalda o‘ynash ajoyib, jamoamiz bilan bu uchun uzoq mehnat qildik. Saudiya Arabistoni kuchli terma jamoalardan biri. Ularga qarshi ko‘p marta o‘yin o‘tkazdik. Lekin final o‘z nomi bilan final, oldimizda mas’uliyatli vazifa turibdi. Har ikki jamoa ham g‘oliblikni qo‘lga kiritishni maqsad qiladi. Asosiy maqsadimiz ertangi o‘yinda g‘alaba qozonib, xalqimizni xursand qilish”, deydi Ismoilov.

Shuningdek, murabbiy finalga tayyorgarlik haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rganmiz. Turnirda oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Final ham qiyin o‘tadi, sababi ruhiyat birinchi o‘ringa chiqadi. Biz futbolchilarni har tomonlama o‘yinga ideal holatda tayyorlash uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilyapmiz. Barcha futbolchilarimiz uchrashuvga tayyor holatda, baxtimizga hech bir o‘yinchimiz jarohat olmadi. Umid qilamizki, ertaga jamoamiz eng yaxshi o‘yinlaridan birini ko‘rsatib, g‘alaba qozonadi”, deydi murabbiy.

Islom Ismoilov futbolchilarning ruhiyatiga ham alohida to‘xtaldi.

“Biz raqiblarimizni hurmat qilamiz, lekin hech bir jamoadan qo‘rqmaymiz. O‘z uslubimizga egamiz, ishonch bilan, chiroyli futbol bilan g‘alaba qozonmoqchimiz. Buni futbolchilarga ham ta’kidlab kelmoqdamiz. KXDRga qarshi bahsga ham ruhiy jihatdan ko‘proq e’tibor qaratdik. Bu yoshdagi futbolchilarda ruhiyat o‘zgaruvchan bo‘ladi. Futbolda bir holat ikkinchi bor takrorlanmaydi. Biz o‘tgan o‘yindagi natijani unutib, eng asosiy uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz” deydi Ismoilov.

Ma’lumot o‘rnida, ertaga, 20 aprel kuni 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasi musobaqa mezbonlari Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 20:00 da start oladi.