𝔓𝔥𝔦𝔩𝔞𝔫𝔡𝔢𝔯𝔢𝔯
Inson aqlli boʻlish uchun baʼzan biroz ahmoqlik qilishi kerak, xuddi shuningdek, atrofidagilar nigohida mukammal bir ahmoqqa aylanish uchun ham insondan anchagina aql va ustamonlik talab etiladi. Bir vaqtning oʻzida ikki xil inson boʻlib yashash, har ikki qiyofaning ham haqqini berish ogʻir, albatta. Biroq nega inson zoti vaqtni bitta deb hisoblab, oʻz vujudiga, xohishlariga va ehtiroslariga chegaralar oʻrnatadi? Vaqt cheksizdir, uni shunchaki teng ikkiga boʻlish va ikki xil hayotda teng yashash kifoya.
Tungi osmon ostida gupillab turgan issiq havo va dengiz nafasi. Moʻjazgina, qadimiy uslubdagi mehmonxonaning shinam yotoqxonasi chiroqlar oʻchirilganidan soʻng yanada sirli tus olgandi. Kichik balkon eshiklaridan kirayotgan mayin shabada xonadagi ehtiros va shiddatli nafaslarni bosolmasdi. Ikki vujud bir-biriga qorishib, ter bosgan tanalar tez-tez va uzuq-uzuq nafas olardi.
Yigit oʻzini asta oʻnglab, qizning ipakdek silliq, yalangʻoch tanasini bagʻriga yaqinroq tortdi. Qorongʻulikda ularning koʻzlari bir-biriga tutashdi — biri tubsiz va oʻtkir, ikkinchisi esa sehrlangan va taslim boʻlgan nigohlar. Lablar yana bir bor qaynoq va shirin boʻsa bilan birlashdi, soʻng ular yana bir-birlariga jim tikilib qolishdi.
— Seni sevaman, Mr. Jeon, — dedi qiz nozlanib, barmoqlari bilan yigitning keng yelkalarini chizib chizarkan.
— Seni sevaman, Ms. Hardenberg! — deya javob qaytardi Jungkook va bu safar qizning qizargan yanogʻiga mayin oʻpich qoldirdi.
Biroq bu sehrli lahzalar uzoq davom etmadi. Qiz toʻsatdan yotoqdan turdi-da, yelkalariga shoyi tungi halatini tashlab, shoshib balkonga chiqdi. Uning nigohlarida toʻsatdan paydo boʻlgan gʻam va tushkunlik soya solgandi.
Jungkook yotgan joyidan qoʻllarini boshining ortiga qoʻygancha, uning ortidan qarab gapirdi
— Shu kunlarda biroz oʻychan koʻrinasan. Tinchlikmi?
Qiz tungi havoni ichiga yutib, chuqur nafas oldi va ortiga oʻgirilib Jungkookka qaradi. Uning koʻzlarida havotir bor edi
— Dadam... U sen bilan koʻrishmoqchi! Ammo...
Jungkookning yuzidagi mayinlik gʻoyib boʻldi. U sekin oʻrnidan turdi, qorongʻu xona boʻylab yurib, balkon chetida turgan qizning yoniga bordi. Uning ovozi endi jiddiy va sovuqroq jarangladi
— Dadang bilan uchrashsam, sen bilan ortiq koʻrisha olmayman. Buni oʻzing ham yaxshi bilasan!
— Aynan buni bilganim uchun ham ich-etimni yeb siqilyapman, — qizning ovozi titrab ketdi. — Jungkook, dadam bilan oʻrtangizdagi bu bitmas-tuganmas dushmanlikka nuqta qoʻy, men uchun! Shunda ikkimiz ham hech kimdan qochmay, ochiqchasiga birga boʻlamiz!
— Biz shundoq ham birgamiz, Ida, — dedi Jungkook uning yuziga tushgan sochlarini qulogʻining ortiga oʻtkazib.
— Men bunday yashirinishni emas, keyinchalik toʻyimiz boʻlishini, qonuniy turmush qurishimizni nazarda tutdim! — qiz uning koʻzlariga umid va ichki bir qoʻrquv bilan tikildi. — Turmush quramiz, shundaymi?
— Albatta, dedi Jungkook qatʼiy ohangda, ammo koʻzlari sovuq edi.
— Ammo bu masalada dadang bilan boʻlgan dushmanlikni shunchaki doʻstlik bilan yakunlash mening qoʻlimda emas. Bu juda chuqur ildiz otgan.
Qiz ogʻir xoʻrsindi. Bu javob uni qoniqtirmagan boʻlsa-da, Jungkookning tarovati uni oʻziga tortardi. U oʻzini yigitning keng bagʻriga otdi va uni goʻyo yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqqandek mahkam quchoqladi. Jungkook ham qizning kichik, nozik jussasini bagʻriga bosib, sochlarni silar ekan, qulogʻiga pichirladi
Qiz goʻyo tok urgandek Jungkookni koʻkragidan turtib, oʻzini bir oz uzoqlashtirdi. Yuzida norozilik aks etgandi
— Iltimos, meni Merida dema! Bu ism dadamga yoqadi, menga emas. Men Idaman, faqatgina Ida!
Jungkook labining cheti bilan sirli kulib qoʻydi. Qizning jahli chiqishi unga yoqardi, u asab oʻynashni oʻrniga qoʻyardi
— Merida ham chiroyli ism. Ida esa shunchaki Meridaning qisqartma shakli, shunday emasmi?
Qiz norozi ohangda bosh chayqadi. Keyin nigohlarini yerga qaratib, pichirladi
— Qachon qaytasan? Seni yana qancha kutishim kerak?
Jungkook bilagidagi qimmatbaho soatiga koʻz tashladi, soʻng balkonning temir panjaralariga suyanib, uzoqlarga, tong yorishayotgan ufqqa qaradi
— 3-4 haftada... Ammo orada seni juda sogʻinsam, albatta kelaman.
Idaning yuziga qaytadan tabassum yugurdi. U yana yigitga yaqinlashib, uning lablaridan qayta-qayta boʻsa ola boshladi, bu ayriliq daqiqalarini ortga surmoqchi boʻlgandek.
Tong butunlay otdi. Quyosh nurlari Italiya koʻchalarini yoritar ekan, Jungkook allaqachon kiyinib, tayyor boʻlgandi. U Ida bilan xayrlashdi.
Kvartiradan chiqib, pastda kutib turgan qora rangli hashamatli mashinasi tomon yurdi. Eshik oldida uni shaxsiy haydovchisi va ishonchli odami Albert kutib oldi.
Ular ortiqcha gap-soʻzsiz aeroport tomon yoʻl olishdi. Maxsus tayyorlangan xususiy samolyot osmonga koʻtarildi. Bir necha soatlik sokin va zerikarli parvozdan soʻng, samolyot Koreya hududiga kirib keldi va shaxsiy yoʻlakka muvaffaqiyatli qoʻndi.
Jungkook yana Albert bilan birga oʻz uyi tomon ketib borardi. Mashina saloni sukunatga burkangan, faqatgina gʻildiraklarning tekis ovozi eshitilardi. Albert odatda ortiqcha savol bermas, chegarani yaxshi bilardi. Ammo bu safar uning yuzidagi jiddiylik boshqacha edi. U toʻsatdan oynadan Jungkookga qarab gap boshladi
— Artemis xonim katta qoʻrgʻonda ekanlar.
Jungkook buni eshitib qoshlarini chimirdi. Nigohini telefondan olib, haydovchiga qaradi
— Qprgʻonda? Tong sahardan u yerda nima qilyapti u?
— Menga ham hozirgina xabar yuborishdi, Jungkook. Anigʻini bilmayman. Agar ruxsat bersangiz, hozir qoʻngʻiroq qilib surishtiraman.
— Yoʻq, oʻzim qoʻngʻiroq qilaman,
dedi Jungkook ovozini pastlatib.
Jungkook avval xotini Artemisning raqamiga qoʻngʻiroq qildi, biroq goʻshak uzoq gudoklardan keyin ham koʻtarilmadi. Ichidagi shubha va gʻashlik ortib, u darhol onasi Jeon xonimga qoʻngʻiroq qildi. Onasining xavotirli ovozini va gaplarini eshitgach, Jungkookning yuzi oʻzgardi. U telefonni oʻchirib, Albertga qisqa buyruq berdi
— Tezroq hayda. Toʻgʻri qoʻrgʻonga.
Onasining aytishicha, kecha tunda Artemis kutilmaganda zinalardan yiqilib tushgan va oyogʻi qattiq jarohatlangan edi. Buning ustiga, yana bir gap borligini, lekin buni telefonda aytib boʻlmasligini urgulagandi. Jungkookning ichiga gʻulgʻula tushdi, miyasida ming xil fikr aylana boshladi.
Mashina katta tezlikda oʻz manziliga yetib keldi.
Jeonlar qoʻrgʻoni.
Jungkook mashina toʻxtashi bilan ichkariga shoshib kirib bordi. Katta zalga qadam qoʻyishi bilanoq, uning ogʻzidan chiqqan birinchi soʻz shu boʻldi
— Xotinim qayerda? Nima boʻldi?
Uni birinchi boʻlib kutib olgan onasi Jeon xonim boʻldi. U oʻgʻlining yelkasidan tutib, tinchlantirishga urindi
— Tinchlan, oʻgʻlim. Hammasi yaxshi, xavotirlanma.
Shunchaki oyogʻi biroz lat yegan, xolos. U xonasida.
Jungkook onasining gapini oxirigacha eshitmay, Artemis yotgan yotoqxonaga kirdi. Artemis divanda oyoqlarini choʻzib yotar, uning yuzida biroz charchoq boʻlsa-da, Jungkookni koʻrishi bilan koʻzlari quvonchdan porlab ketdi.
— Jungkoooook! deya qiz ovozi titrab, qoʻllarini erini quchoqlash uchun keng ochdi.
Jungkook uning yoniga oʻtirib, xotinini sekin va mayinlik bilan bagʻriga bosdi. Uning ovozida chinakam xavotir bor edi
— Oyogʻing yaxshimi? Nega menga darhol xabar bermading? Juda ham ogʻrimayaptimi?
Jungkook birin-ketin ham tanbeh, ham cheksiz xavotir aralash savollarni yogʻdirar ekan, Artemis jilmaydi. U erining savollariga javob berish oʻrniga, Jungkookning issiq kaftini sekin ushladi va uni oʻzining qorni ustiga qoʻydi. Qizning koʻzlarida yosh qalqidi, lekin bu baxt yoshlari edi.
— Jungkook... Biz... biz yaqinrada ota-ona boʻlar ekanmiz... — Artemis shu gapni pichirlab aytdi-da, erining yuzidagi reaksiyani koʻrish uchun unga umid va cheksiz intizorlik bilan tikilib qoldi.
Jungkook bu gapni eshitib, qotib qoldi. U xotinini har qachongidagidan ham qattiqroq bagʻriga bosdi. Soʻngra sekin undan uzoqlashib, qizning koylagini biroz koʻtardi va uning hali tekis boʻlgan qornini ohista, mehr bilan siladi. Keyin esa oʻsha yerga chuqur, uzoq va muqaddas bir oʻpich qoldirdi.
Jungkook POV
Ota boʻlish haqidagi xabar vujudimni qandaydir gupirgan va gʻalati tuygʻu bilan toʻldirdi. Bu zavqli edi, tan olishim kerak. Erkak kishi uchun oʻz qonidan boʻlgan zurriyotni kutish dunyodagi eng ulugʻvor hislardan biri boʻlsa kerak. Ammo bu quvonchning ortida kundan-kunga zimmamga tushayotgan yuklar va bajarishim shart boʻlgan majburiyatlar koʻlamini ham juda yaxshi his qilib turardim. Endi men shunchaki bir guruhni boshqarayotgan erkak emasman. Men boʻlajak otaman. Va bu maqom oʻyin qoidalarini yanada murakkablashtiradi.
Artemisning homiladorligi, oiladagi yangi muhit va Koreyadagi ishlar sababli endi Italiyaga, Idaning yoniga borib-kelish tobora qiyinlashib boryapti. Chegaralar va vaqt meni har tomondan qisib kelyapti. Ammo uni koʻrmaslikning, undan voz kechishning iloji yoʻq. Shuningdek, Koreyada koʻzlarining ichi quvonchdan porlab, mening yoʻlimga koʻz tikib oʻtirgan xotinimni ham tashlab ketolmayman.
Buni kimdir telbalik deb atashi mumkin, ammo mening qalbim shu ikki ayolni birdek, telbalarcha sevadi. Ikki xil vaqt oraligʻida, dunyoning ikki chekkasida men ikki xil erkakman va har ikkala hayotimda ham vujudim olov boʻlib yonadi.
Eng qizigʻi — ularning ikkisi ham men yaxshi tanigan va meni ham, mening imperiyamni ham besh qoʻlidek biladigan qudratli mafiozlarning qizlari. Har ikkisi ham xavfli dunyoning ichida ulgʻaygan goʻzallar. Biroq eng katta toʻsiq — qonli oʻtmishimiz. Janob Hardenberg bilan oʻrtamizdagi dushmanlik shunchalik chuqur ildiz otganki, shu sababli ham men Idani ochiqchasiga oʻz yonimga, Seulga olib kelolmayman. Uni bu yerga keltirish — oʻz qoʻllarim bilan urush oloviga otish degani.
Aslida, bitta buyruq bilan oʻsha qariya Hardenbergni butunlay yoʻq qilib yuborish mening qoʻlimdan keladi. Buning uchun kuchim ham, odamlarim ham yetarli. Agar men Hardenberg klanini qonga belasam, oʻz qoʻllarim bilan yillar davomida qurgan, oʻzim hukmronlik qilayotgan mana shu muvozanatli dunyoimga zarar yetadi. Bu shunchaki janjal boʻlmaydi, bu yer osti dunyosini ostin-ustun qilib yuboradigan, koʻplab qurbonlar evaziga keladigan katta qirgʻinbarot urushga aylanib ketadi. Men esa hali bunday yoʻqotishlarga tayyor emasman.
Mening xohishim juda oddiy, ammo amalga oshishi imkonsiz darajada murakkab men oʻzim telbalarcha sevadigan har ikki suyukli yorlarim ham bir vaqtning oʻzida mening yonimda, mening issiq bagʻrimda boʻlishini istayman.
Italiya.
Merida shinam xonasida skripkasini iyaklariga tirab, kamonchani torlar ustida asta yurita boshladi. Soniyalar ichida xonani, soʻngra butun hashamatli uyni sehrli va mayin kuy sadosi qopladi. Balkon eshiklari lang ochiq boʻlganidan, bu hazin navo tashqariga — sokin Italiya koʻchalariga sizib chiqib, qoʻshnilarga qadar yetib borardi.
Idaning eng katta orzusi — mashhur orkestr tarkibida ulugʻvor sahnalarga chiqish, xuddi Motsart kabi minglab insonlar qarshisida yuraklarni larzaga keltiruvchi kuylar ijro etish edi. Uning ruhiyatiga eng yaqin va sevimli asari ham aynan Motsartning mashhur “Lacrimosa” kompozitsiyasi edi.
Afsuski, bu goʻzal orzularning roʻyobga chiqishi uchun u notoʻgʻri oilada tugʻilgandi. Sanʼat olamida emas, balki qon va shafqatsizlik qonunlari hukmron boʻlgan mafiya dunyosida, janob Genrix Hardenbergning yolgʻiz va asrab-avaylanadigan qizi boʻlib dunyoga kelgan edi. U dushmanlardan yashiriladigan, toʻrt devor ichiga mahkum qilingan, hatto koʻchaga ham faqatgina qurollangan sovuqqon qoʻriqchilar qurshovida chiqadigan asira edi. Shunday boʻlsa-da, qattiqqol otasi Genrix qizining yagona ovonchi boʻlgan skripka chalishiga hech qachon qarshilik qilmagandi.
Ida soʻnggi notani chalib, kamonchani tushirgach, xonadagi sokinlikni samimiy qarsaklar ovozi buzdi. Bu uning shaxsiy xizmatchisi Lilya xonim edi.
— Judayam goʻzal ijro boʻldi, miss Hardenberg, — dedi u hayratini yashirolmay.
— Rahmat, Lilya xonim, — deya Ida mayin jilmaydi.
Skripkasini ehtiyotkorlik bilan gʻalofiga joylar ekan, u stolda turgan finjondan moychechak choyini olib, sekin hoʻpladi. Mana shu musiqiylik va issiq choy ifori uni hamisha mafiya olamining qora soyalaridan uzoqlashtirib, qalbiga xotirjamlik bagʻishlardi.
Ida POV
Ketganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq, ammo men uni hozirdanoq telbalarcha sogʻina boshladim. Hayotimda Jungkook paydo boʻlganidan beri hamma narsa butunlay oʻzgargan — u bor boʻlsa, bu zerikarli va qoʻrqinchli dunyo men uchun qiziqarli va jozibali tus oladi. Hozir ayni daqiqalarda u nima qilayotgani menga juda qiziq. Koreyaga eson-omon yetib oldimikan? Mening yonimga yana qachon qaytadi? Ichimni tirnayotgan bu savollarga javob topolmayapman.
Unga oʻzim mustaqil ravishda qoʻngʻiroq qilay desam, menda uning shaxsiy raqami yoʻq. Aslida, buni oʻz xavfsizligimiz uchun oʻzim istamaganman. Chunki dadam mening har bir qadamimni, telefonim va barcha aloqalarimni qattiq nazorat qiladi. Biz topgan yagona yoʻl — Lilya xonimning yashirin telefoni orqali Jungkookning ishonchli yordamchisi Albertga bogʻlanish. Faqatgina u orqali Jungkook bilan qisqagina gaplasha olaman. Ammo Albert ham har doim uning yonida boʻlavermaydi, shu sababli koʻp hollarda mening qoʻngʻiroqlarim javobsiz qolib ketadi.
Yuragim gʻalati siqilib boryapti, uni koʻrish, ovozini eshitish istagi vujudimni kuydirmoqda. Baʼzan oʻtmish haqida oʻylab, xoʻrligim keladi. Qaniydi dadam va oʻsha Jeon Dmitriy oʻrtasida bu qonli, bitmas-tuganmas urush boshlanmaganida edi, biz hozir Jungkook bilan hech kimdan yashirinmay, dunyoning eng baxtli juftligi boʻlib yashayotgan boʻlardik. Ichimda hamma narsadan voz kechib, bu uydan, Italiyadan butunlay qochib ketish fikri ham aylanadi. Ammo bilsam, bu toʻgʻri yoʻl emas. Agar qochib ketsam, dadam buni Jeonlar klanining ishi deb biladi va ularga qarshi qayta tiklab boʻlmas darajada katta va qonli urush olovini yoqadi. Buning ustiga, Jungkook ham bunday qochqinlikni istamaydi. Uning oʻtkir nigohlaridan sezaman — u allaqachon nimanidir rejalashtirib, katta bir maqsadni koʻzlab qoʻygan.
Oxirgi paytlarda u men bilan juda koʻp vaqt oʻtkazadigan boʻldi. Menga boʻlgan ehtirosi, jinsiy xohishlari va intilishlari kundan-kunga mislsiz darajada ortib boryapti. Uning bagʻrida olov boʻlib yonish, uning har bir tegishi va telbalarcha ehtirosi menga cheksiz yoqimli, ammo shu bilan birga bir oz qoʻrqinchli hamdir. Men Jungkookga soʻzsiz ishonaman, uning sevgisiga shubham yoʻq. Shunday boʻlsa-da, ich-ichimdan yuragim nimagadir gʻash tortaveradi. Goʻyoki biz yoʻl qoʻyayotgan bu taqiqlangan munosabatlar, bu sirli oʻyinlarimizning oxiri yaxshilik bilan tugamaydigandek, qandaydir qora qismat bizni kutayotgandek xavotir ruhimni tark etmayapti.
Albert eshitgan gapini Jungkookdan bir muddat yashirishni oʻyladi biroq Jungkook Idani yoniga kutilmaganda boradi...
— Genrix Hardenberg yaqinda bobo boʻlishini eshitgach bunga koʻnikadi!
— men sevganlar va meniki boʻlganlar mendan ketmaydi men bunga yoʻl qoʻymayman!
— toʻgʻri ish qilmayapman ammo men bunga shunday qarab turolmayman! Kechirasiz miss Hardenberg lekin Artemisga sizdan koʻproq achinaman!
Mashinaning orqa bagaji eshigi yopildi...