Philanderer
Kanal: Cosmiccore
Author: Guli
Dengiz porti.
Kabina ichkarisida sukunat, Jungkook kompyuter ekranidan koʻz uzmay, soatlab tinimsiz ishladi. U ishga shu qadar berilib ketgandiki, hatto biror marta ham oʻrnidan turmadi, bitta joyda qimirlamay oʻtirgani sababli yelkalari va boʻyni qattiq ogʻriy boshlagandi. Nihoyat, u charchoqdan oʻzini kreslo suyanchigʻiga tashladi. Qoʻl soatiga koʻz yugurtirib, vaqt allaqachon tushlikdan oʻtib, kechki payt yaqinlashib qolganini payqadi.
U ishini yakunlab, uyi tomon yoʻl olar ekan, yoʻl-yoʻlakay xotini uchun gul sotib olishni koʻzladi. U gul doʻkoniga kirib, Artemis eng yaxshi koʻradigan toʻq qizil rangli pion gullaridan buket buyurma qildi. Doʻkon ichi rang-barang, gullar bilan toʻla edi. Sotuvchi u tanlagan buketni tayyorlaguncha, Jungkook doʻkon ichini aylanib, boshqa gullarni ham bir-bir koʻzdan kechira boshladi. Toʻsatdan uning nigohi oppoq moychechaklarga tushdi.
Moychechak... Ida ularni yaxshi koʻrardi. Hozir u shu yerda boʻlganda aniq quvonchdan baqirgan boʻlardi. Unga bergan gullarimni barchasini gerbariy qilib kitoblari orasiga solib qoʻyishi aniq.
Jungkook xayollari va xotiralariga choʻmilib turgan bir paytda, doʻkon xodimi tayyor boʻlgan buketni unga uzatdi. U gulni olib, pulini toʻladi va doʻkondan tashqariga chiqdi. Aynan shu payt uzoqroqdan qaysidir qizning chinqirigʻi qulogʻiga chalindi
— Yordam beringlar, iltimos!!!
Jungkook beixtiyor qiziqish ustun kelib, qadamlarini yoʻlning narigi chetidagi qorongʻu va kimsasiz koʻcha tomon burdi. Biroq tor koʻcha shu qadar zimiston ediki, ichkarida hech narsa koʻrinmadi. U hech kimni koʻrmay, ortga qaytish uchun birinchi qadamni tashlagan ham ediki, oʻsha qizning ovozi yana, bu safar ancha yaqinroqdan eshitildi
— Janob... janob, iltimos, yordam bering!!!
Ovoz aniq mana shu qorongʻu koʻcha ichkarisidan kelayotgandi. Jungkook ikkilanmay ichkariga qarab yurdi. Koʻcha nihoyatda tor, buning ustiga atrofga axlat qutilaridan toʻkilib ketgan chiqindilar sochilib yotardi. U bu manzaradan jirkanib, ehtiyotkorlik bilan qadam bosib oʻtdi. Gʻira-shira yorugʻlik tushib turgan burchakda, devor chetiga qisilib olgan bir qiz qoʻlida singan stul oyogʻini qurol oʻrnida mahkam ushlab, butun vujudi bilan qaltirab turardi. Nariroqdan esa bir erkakning gʻazab aralash boʻgʻiq ovozi yangradi. Jungkook ham, qiz ham darhol oʻsha tomonga qarashdi.
— Lanati tekinxoʻr! Uyimdan joy berib, seni boqsamu, sen meni ehtiyojimni qondirmaysanmi? Aa? Yaramas suyugʻoyoq, boshqa yigitlar bilan yuribsanmi? Kim bu tirrancha? — deya baqirardi u.
Erkakning haddan tashqari mastligi uning gandiraklab bosayotgan qadamlaridan va tili aylanmay aljirab gapirayotgan gaplaridan yaqqol koʻrinib turardi. U qiz tomon tezroq harakat qilib kela boshladi. Qiz esa goʻyo hayotidagi soʻnggi najotkorini koʻrgandek, Jungkookka moʻltirab, koʻzlarida qoʻrquv bilan tikilib turardi.
— Kel oʻzimga, qizalogʻim, birga bu yerdan ketamiz. Seni mendan boshqa hech kimga keraging yoʻq. Kel, kelsangchi, yaramas qiz! — deya erkak baqirib qizni quvlay ketdi. Qiz bor kuchi bilan Jungkook tomon qochib keldi va oʻzini uning ortiga yashirdi.
Jungkook dastlab ortidagi qizga, soʻngra ularga yaqinlashib kelayotgan erkakka sovuqqonlik bilan qaradi. Keyin esa ortidagi qizga yuzlanib gapirdi
Qiz vahima va qoʻrquvdan shunchalik qaltirardiki, aytmoqchi boʻlgan gaplarini ham unutib qoʻygandek edi. Uning ogʻzidan soʻzlar bazoʻr va uzuq-yuluq boʻlib chiqdi
— Oʻgay... oʻgay otam... Zoʻrlamoqchi...
Jungkook buni eshitgach, erkakka qarab sovuq va maʼnoli tabassum qildi. Soʻngra hech qanday ikkilanishsiz belidagi qurolini sugʻurib oldi-da, uni qizga uzatdi. Qiz hayronlik va qoʻrquv bilan goh oʻgay otasiga, goh qoʻlidagi toʻpponchani unga tutib turgan Jungkookka qaradi.
— Hayot senga bir marta berilgan, seniorita! Qani, uni ot va qutul! — dedi Jungkook ovozini pastlatib, qurolni qizning qoʻliga yaqinroq surar ekan.
Qizning butunlay muzlab qolgan va titrayotgan barmoqlari qurol dastasini zoʻrgʻa ushladi. Bu vaqtda uning oʻgay otasi oʻzicha nimalardir deb valdiraganicha ularga deyarli yaqin kelib qolgan edi.
— Hali tunda qiladigan ishimiz bor, qizalogʻim! Qani, kelsangchi...
Kutilmaganda butun tor koʻchani larzaga keltirib, quloqlarni bitiruvchi oʻq ovozi yangradi.
Qiz joyida qotib qoldi, quloqlari shangʻillab ketdi. Toʻpponcha ayni damda qizning qoʻlida edi, biroq uning ustidan qoʻli bilan mahkam qisib ushlab turgan Jungkook tepkini oʻzi bosgandi. Qiz yigʻlay ham olmadi, hatto nafas olishni ham unutib qoʻydi. Chunki ayni shu lahzada uning koʻz oʻngida peshonasidan oqayotgan qon bilan oʻgay otasi yerga qulab, oʻlgan edi.
Jungkook qizning qotib qolgan barmoqlari orasidan qurolni qaytarib oldi va uni yana beliga joylashtirdi.
— Endi erkinsan, seniorita! dedi u xotirjam ohangda.
Qiz hali ham haykaldek qotib turgan joyidan qimirlamasdi. Jungkook unga boshdan-oyoq razm soldi, qiz hamon ich-ichidan qaltirayotgan edi. Toʻsatdan qizning koʻzlari yumilib, hushidan ketdi va yerga yiqila boshladi. Bu kutilmagan harakatdan Jungkook uni ushlab qolishga ulgurdi, biroq qizni quchoqlab qolganida, qoʻlidagi qimmatbaho pion buketini qoʻyib yuborishga majbur boʻldi — gul yerga tushib ketdi.
Ayni shu lahzada bulutlar ortidan chiqqan oy yorugʻi qizning yuzini yaqqol yoritib yubordi. Jungkook bir muddat uning yuziga tikilib, qarab qoldi.
Jungkook asabiy holatda qizni asta yerga yotqizdi va oʻzini bosishga urinib, boshini qashlay boshladi. Ayni shu hayajonli lahzada uning surunkali kasalligi ham xuruj qilib, qoʻllari qattiq titray boshladi. U shoshilgancha choʻntagiga qoʻl suqib, kichik paketcha chiqardi va uning ichidan bir dona dori olib, shunchaki ogʻziga soldi.
Oʻzi ham hushsiz yerda yotgan qizning yoniga choʻkkalab oʻtirdi. Unga biroz vaqt kerak edi, chunki dori oʻz taʼsirini koʻrsatmaguncha vujudidagi bu qaltirash va asabiylik oʻtib ketmasligini yaxshi bilardi.
Oradan qariyb 10 daqiqa vaqt oʻtdi. Dorining kuchi bilan Jungkook ancha oʻziga keldi, nafasini rostlab, sekin oʻrnidan turdi. U yerda yotgan buketdagi gulni qoʻliga oldi va ortiga qaytib ketmoqchi boʻldi. Biroq ketishdan oldin yerda hamon hushsiz, harakatsiz yotgan qizga oxirgi marta qaradi.
U judayam chiroyli, goʻyo nozik nihol kabi edi, sochlari esa kalta qilib qirqilgandi. Jungkook bir qoʻlidagi gullariga, bir yerda yotgan qizga qarab, ikkilanib turardi.
Jungkookning uyi.
Artemis shinam oshxonada kechki ovqatni tayyorlab, intizorlik bilan erini kutayotgan edi. Chiroyli bezatilgan dasturxon ustida issiq taomlar tortilgan, hamma narsa risoladagidek, faqat Jungkookdan haligacha darak yoʻq edi.
Vaqt oʻtgani sayin Artemisning sabri tugab eriga qoʻngʻiroq qildi. Ammo goʻshakning u borganidan hech qanday javob boʻlmadi. Telefonini qoʻliga olib, ketma-ket xabarlar yuborishga tushdi
“Qayerdasan?”“Kechki ovqatga kelasanmi?”“Nega javob bermayapsan?”
Yuborilgan bu xabarlar ham anchagacha oʻqilmay, javobsiz qolib ketdi. Artemis oxiri qorni qattiq ochganiga chidolmay, sekin dasturxondagi ovqatdan bir-ikki luqma yeb turdi. Shu payt kutilmaganda telefoni qisqa vibratsiya berib, kutilgan xabar keldi
“Ovqatlanib tur! Ishlarim koʻp. Balki uyga ham borolmasam kerak!”
Artemis ekran yuzidagi sovuqqonlik bilan yozilgan gaplarni oʻqigach, birdan kayfiyati tushib ketdi. Koʻngli xira tortgan boʻlsa-da, ichidagi tushkunlikni yashirib javob yozdi
“Xop, oʻzingni ehtiyot qil, seni sevaman.”
U buni haqiqatan ham chin dildan, bor mehri bilan yozgan edi, biroq erining ayni damda yonida boʻlmasligi baribir unga ogʻir botdi. Axir dasturxondagi hamma tansiq taomlarni u faqat Jungkook uchun, uni xursand qilish maqsadida tayyorlagan edi-da... Oxiri jahli chiqib, alamidan ovqatlarning hammasidan ketma-ket yeya boshladi. Oʻzi homilador ekanini bilganidan beri qorni judayam tez-tez och qoladigan odat chiqargandi.
Italiya
Koreya va Italiya oʻrtasidagi vaqt farqi 7 soat boʻlgani bois, ayni shu damda Italiyada endigina tushlik vaqti boʻlib turgandi. Merida hashamatli zalda otasi bilan birga stol atrofida tushlik qilayotgan edi.
Otasi har zamonda bir biznes uchrashuvlari yuzasidan telefonda gaplashib qoʻyar, ammo qarshisida oʻtirgan qiziga deyarli butun dasturxon davomida lom-mim deb gapirmasdi. Merida ham buni sezib, likopchasidagi taomni sanchqi bilan oʻynab, istamaygina sekin ogʻziga solib oʻtirardi. Bir oz vaqt oʻtgach, u tomogʻini qirib, sukunatni buzdi
— Dada, sizdan bir narsa soʻrasam boʻladimi? — dedi u qiziqish bilan.
Mr. Genrix Hardenberg gap nimaligini tushunish uchun qiziga sinovchan tikildi
— Siz... Jeonlarni taniysizmi? — dedi Merida bir oz oʻylanib, gapni toʻgʻridan-toʻgʻri maqsadga burab.
Mr. Genrix qoʻlidagi sanchiqni shartta stol ustiga qoʻydi-da, yuzi birdan jiddiylashib ketdi.
— Nega birdan soʻrab qolding? Yoki men bilmagan nimadir boʻldimi, qizalogʻim?
— Yoʻq, aslida men sizni doim ularning familiyasini eshitib qolganingizda jahlingiz chiqishining sababini bilmoqchi edim. Oʻzi ular bilan oʻrtangizda qanday toʻsiq bor? — Merida qoʻlini iyagi ustiga tirab, katta qiziqish bilan otasining ogʻziga tikildi.
— Juda uzun hikoya! Buni bilishing shart emas, — deb gapni qisqa qilmoqchi boʻldi otasi.
— Axir dada, qiziqayapman. Ayta qoling!
Genrix uzoq sukut saqlab soʻng gapirdi.
— Singlimni... — deb gap boshladi u ovozi oʻzgarib. — Jeon Hyunsuk! Oʻsha lanati singlimni oʻziga mashuqa qilib olgandi. Buni bilib qolganimda, singlimni undan butunlay uzoqroq tutmoqchi, qutqarmoqchi boʻldim, ammo...
Genrix gapini oxiriga yetkazolmay toʻxtab qoldi. Uning qoʻllari gʻazabdan shunday musht boʻlib tugüldiki, stol ustidagi suv solingan stakanni qattiq siqqanidan shisha parchalanib, sinib ketdi. Merida qoʻrqqanidan birdan choʻchib tushdi va darhol otasining qoʻli ostidagi shisha siniqlarini sarosimaga tushib tera boshladi
— Oʻsha yaramas singlimni oʻldirdi, — dedi Genrix, koʻzidan yuziga bir tomchi yosh dumalab tusharkan. — “Meniki boʻlmasa, hech kimniki boʻlmaydi” dedi-yu, singlimni oʻldirdi.
Merida eshitgan gaplaridan mutlaqo hayron boʻlib, qotib qolgandi. Chunki Jungkook unga bu qonli voqealar va oilaviy sirlar haqida ilgari hech qachon gapirmagan edi.
Eʼtiboringiz uchun rahmat! Keyingi qism uchun reaksiya bildirishni unutmang.