August 7

Libido

8 - episode

Kanal: 𝘾𝙤𝙨𝙢𝙞𝙘𝙘𝙤𝙧𝙚

Author: 𝙰𝚣𝚞𝚛𝚊

Aslida shu onga qadar hamma narsa mukammal reja asosida ketayotgandi, biroq Jungkook oʻsha qorongʻu portda aynan qayerda va qanday xatoga yoʻl qoʻygani nomaʼlumligicha qolayotgandi.

U omborxona eshigidan kirib kelganida, toʻsatdan qorongʻulikdan chiqib kelgan Yoongini koʻrib qoldi. Oʻsha soniyada Jungkook ich-ichidan Tamom boʻldi deb oʻylagandi, biroq vaziyat kutilmagan tomonga burildi.

— Jungkook, sen bu yerda nima qilyapsan? Yangi kelgan molni oʻzim kutib olaman degandim... Yo nima, seni bu yerga bossning oʻzi yubordimi? dedi Yoongi hayron qoldi

Yoongining bu savolidan keyin Jungkook ichida yengil, ammo ehtiyotkor nafas oldi.

— Aslida men ham sening yoninga kelgandim, ammo adashib erta kelib qoldim shekilli... deb endi tashqariga chiqmoqchi boʻlgandim, — dedi Jungkook oʻta xotirjam va ishonchli ohangda.

— aynan shu portda molni kutishimni qayerdan bilding? Men seni uyda dam olyapti deb oʻylagandim, — dedi Yoongi yana biroz ishonqiramay, shubha aralash ohangda.

— Gaplashayotganingda tasodifan eshitib qolgandim, — dedi Jungkook yuzidagi birorta ham mushagini qimirlatmay.

— Yaxshi... — deb qoʻya qoldi Yoongi.

Jungkook ortiqcha savollarga oʻrin qoldirmaslik uchun yonidagi odamga qarab koʻz qisdida, ortiga burilib tashqariga chiqib ketdi. Oʻzini fosh etib qoʻymaslik, shubhalarni butunlay yoʻq qilish uchun u tun boʻyi sovuq portda qolib, yangi kelgan kontrabanda yuklarini ulkan yuk mashinalariga joylashtirish jarayonini Yoongi bilan birga tong otguncha nazorat qildi.

Tongga yaqin qora dorilar va qutilar ortilib boʻlgach, Yoongi uning yoniga kelib yelkasiga urdi va oʻrtadagi ogʻir sukunatni buzdi

— Chekishdan bormi?

Jungkook ensasini qotirib, choʻntagidan bir dona sigaret chiqarib unga uzatdi.
Yoongi sigaretni lablari orasiga qistirib oʻt oldirar ekan, kinoyali va taklifomuz ohangda gap boshladi

— Ishdan keyin biroz koʻngilxushlik qilishga nima deysan, Jeon? Yangi kelgan jononlar bor, rosa kayf qilasan.

Jungkook boshini sal nari burib, sovuqqonlik bilan rad etdi

— Oʻzing qilaver, Yoongi. Mening hozir bunga aslo hushim yoʻq.

— Ey, Jeon! Hech boʻlmaganda bir marta borib koʻr, keyin oʻzing yoqib qolasan. Ancha humordan chiqasan, miyang tozalanadi! — Yoongi kulib, tutunni havoga purkadi. — Ochigʻi, kelganingdan beri biror marta bunday lazzatni his qilmagan boʻlsang kerak. Tayyor turgin, seni oʻzim oʻsha yerga olib boraman. Bossning oʻzi ham hozir oʻsha yerda, kazinoda kutib turibdi.

| W |

Aytganidek, Yoongi Jungkookni shahar markazidagi yashirin va dabdabali kazinolardan biriga boshlab keldi.

Jungkook bu yerda oʻzini tutib turish qanchalik qiyin ekanini, ichidagi gʻazab va nafratni qanday bosib turganini yolgʻiz oʻzi bilar edi. Kazinoning eng qoʻriqlanadigan VIP xonalaridan birida Kang Rubin oʻzining eng yaqin safdoshlari bilan oʻtirishgandi. Xonaning oʻrtasidagi qimmatbaho peshtaxta ustida aylana charxpalak charx urib, millionlab dollarlar kimning qoʻliga oʻtishini hal qilayotgan edi.

Jungkook va Yoongi eshikdan kirib kelishi bilan, Kang Rubin ularga qarab qoʻydi.

Oʻyin qizgʻin pallaga kirgach, Rubin yonida turgan afitsant yigitga ma’no bilan koʻz qisdi. Yigit darhol bosh irgʻab chiqib ketdi va atigi besh daqiqa oʻtar-oʻtmas, xonaga ustiga yupqa, qizil, juda kalta va ochiq libos kiygan yoshgina qiz kirib keldi.

Qizning tanasini toʻla ochib turuvchi oʻta kalta koʻylagi oyoqlarining nafis chiziqlarini, old qismi esa koʻkrak qafasini yaqqol namoyon qilib turgandi. Qiz oʻzining shahvoniy va nozik qadamlarini tashlab ichkariga kirib kelishi bilan, xonadagi barcha erkaklarning koʻzi unga qadaldi, faqat Jungkookgina unga aslo qaramadi, nigohini boshqa tomonga burdi.

Qiz toʻgʻridan-toʻgʻri yurib kelib, hech kim kutmaganda Jungkookning quchogʻiga — oyoqlari ustiga oʻtirib oldi va nozlanib, qoʻllari bilan uning boʻynidan mahkam quchdi.

Yoongi, Rubin va xonadagi boshqa sheriklar birdaniga baqirib, qadah koʻtarishib, kulishib yuborishdi.

— Ana, bu jononni qara, Jeon! Bugun portda ancha charchagansan, qani, ichki xonaga kirib, barcha charchoqlaringni chiqarib kel, boʻla qol! — dedi Rubin ichkilikdan koʻzlari qizarib, mast holda qahqaha otib.

Jungkook oʻzini yoʻqotib qoʻymaslik uchun tishlarini qattiq qisdi va qizni oʻzidan itarib tashlashga urindi. Biroq qiz battar unga yopishib, boʻynidan quchgancha oʻpishga intildi.

— Qani, Jeon, boʻla qol, yo nima... kuching yetmaydimi?! — dedi Yoongi kinoya va mazax aralash ovozda hammaga eshittirib.

Bu gap shunchaki hazil emas, balki Jungkookning erkakligiga ochiqdan-ochiq haqorat edi. Chunki Yoongi bu gapi bilan nimaga ishora qilgani xonadagi hamma uchun tushunarli edi.

Xonadagi shovqin va qahqahalar bir zumda toʻxtadi.
Toʻsatdan xona ichida quloqni qomatga keltiruvchi oʻq ovozi yangradi!

💥

Barcha choʻchib tushdi. Jungkookning oppoq yuziga esa qizning issiq qoni sachrab ketdi.

Xonadagilar jimib qolishdi.

— Jungkook... biz shunchaki hazillashib... — Yoongining ogʻzidan chiqqan soʻnggi gap ogʻzida chala qoldi,

Jungkook qizning jonsiz tanasini boʻynidan itarib, yerga qulatib yubordi. Soʻng oʻrnidan shiddat bilan turdi-da, bir ogʻiz ham ortiqcha gapirmasdan, qonga belangan yuzi bilan xonadan chiqib ketdi.

Kang Rubin orqasidan qarab turgach, labida ma’noli tabassum bilan pichirladi

— U haqiqiy egarsiz otga oʻxshaydi... Hech qachon jilovlab boʻlmaydi.

— Jilovlab bo‘ladi, ammo bu biroz qiyinroq kechadi, boss. — dedi Yoongi o‘zini jiddiy tutib, xonadagi sukunatni buzib.

Kang Rubin o‘rnidan sekin qo‘zg‘aldi, uning yuzida esa tabassum qotib qolgandi. U deraza tomon yurib, shahar chiroqlariga tikilgancha past va xotirjam ovozda gap boshladi

— Bizning barcha sirlarimiz, qilgan qora ishlarimiz allaqachon politsiya qo‘lida bo‘lsa kerak... Ishonamanki, o‘sha o‘jar komissar xonim tez orada eshigimizni qoqib kelishi aniq. Jungkookga ortiqcha gap gapirib o‘tirma, Yoongi. U shundoq ham yaqinda bu yorugʻ dunyoni qayta koʻra olmaydi. Uning vaqti oz qoldi.

Yoongi xo‘jayinining bu so‘zlaridan biroz hayron qoldi, uning ko‘zlarida savol belgisi paydo bo‘ldi

— Lekin bu ish silliq kechmasachi boss?

Rubin istehzoli kulib, boshini o‘girdi va Yoongiga qarab javob qildi

— Hech kim undan bu ishga rozi bo‘lishini so‘rayotgani yo‘q! Eslashga harakat qil... Bundan roppa-rosa 5 yil avval ham men aynan shunday vaziyatni muvaffaqiyatli uddalaganman, hozir ham xuddi shuni takrorlash hech gap emas. Nega oxirgi paytlarda hamma qora ishlar va xavfli topshiriqlarga ataylab faqat Jungkookni yuborayapman — Rubin biroz to‘xtatib, Yoongining ko‘zlariga tikildi.

— Jungkook o‘zi sezmagan holda har bir qadamni biz xohlagandek tashlab kelmoqda.

| W |

Ari Jungkook bilan oxirgi marta telefon orqali gaplashib, uning ovozini eshitgach, ichidagi og‘riq va sog‘inchga chiday olmay, ko‘z yoshlari qurib uxlab qolgandi.

Tun qo‘ynida xonadon jimjitligini buzib, eshik sekin ochildi va uyga Namjoon kirib keldi. U mehmonxona divaniga boshini qo‘yib, yig‘idan qovoqlari shishib ketgancha uxlab qolgan Ariga ko‘zi tushdi. Uning bu achinarli, nochor ahvolini ko‘rib, Namjoonning yuzida g‘amgin, ammo cheksiz mehrga to‘la tabassum paydo bo‘ldi.

Namjoon egilib, Arining holsiz tanasini ehtiyotkorlik bilan quchog‘iga ko‘tardi-da, uni o‘zining xonasiga olib kirib yotoqqa yotqizdi. Ustiga yumshoq choyshab yopib qo‘ydi. So‘ngra titroq barmoqlari bilan qizning yuziga tushib turgan soch tolalarini sekin ortga surib, peshonasidan mehribonlik bilan o‘pib qo‘ydi. Uning ko‘zlariga yosh to‘ldi

— Oqqushim meni... qara, shuncha vaqt ichida qanchalik katta bo‘lib qolabsan! Seni erkalay, bag‘rimga bosay desam, balki buning uchun endi juda kechikdim... Singiljonim! Agar bizni o‘sha qabih yillarda bir-birimizdan ayirishmaganda edi, senga dunyodagi eng ideal aka bo‘lardim... Lekin eng muhimi — taqdir bizni qayta uchrashtirdi. Shuncha yillik iztirob va qidiruvlardan so‘ng men seni baribir topdim, — dedi Namjoon yonoqlaridan sizib chiqqan issiq yoshni qo‘lining asabiy harakati bilan artib, xonadan og‘ir qadamlar bilan chiqib ketdi.

Tashqariga chiqqach, u nafas olishga qiynalib, ichidagi bo‘g‘ilib kelayotgan og‘ir dardni yengish uchun ko‘ylagining yuqori tugmalarini shoshilib bo‘shatdi.

Shu payt uning yoniga yaqin do‘sti va ishonchli odami Suxo kelib to‘xtadi. Ular hovlidagi zinaga yonma-yon o‘tirishdi. Suxo o‘zi bilan olib kelgan shisha soju va qadahni chiqarib, ochdi-da, ikkalasining qadahiga quyib uzatdi. Ular indamasdan sojuning achchiq ta’mini yutib, o‘zlarining dardlari bilan dardlasha boshlashdi.

— Bir narsani so‘ramoqchiman, faqat aybga buyurmaysiz, Namjoon janob... Nega haligacha unga o‘zining haqiqiy akasi ekaningizni ochiqcha aytmadingiz? — deb so‘radi Suxo qiziqish va xavotir aralash.

Namjoon uzoqdan kelayotgan salqin shamolga qarab qadahini yana to‘ldirdi, uni baland ko‘tarib bir ko‘tarishda ichib yubordi-da, og‘ir xo‘rsinib javob qildi

— Bilmadim... Hali bunga tayyor emasman. Qolaversa, uning allaqachon notinch bo‘lib turgan hayotini birdaniga ostin-ustun qilib yuborishni istamayman. U bu haqda bilishga hali tayyor emas.

Suxo biroz jim qoldi-da, o‘ylanib qoldi

— Unda yana bir savol... Janob Jungkook bilan qanday tanishgansiz? Ya’ni, xullas aytmoqchimanki... u o‘ta xavfli, qora dunyoning odamiga o‘xshaydi. Singlingizni shunaqa dahshatli odamning yonida qoldirish... — Suxo gapini oxiriga yetkaza olmay, to‘xtab qoldi.

Namjoon nigohini olisdagi qorong‘u ufqlarga tikib, past ovozda gap boshladi

— Rostini aytsam, singlimni qayerda saqlanayotganini topishimda aynan Jungkookning qo‘li bor edi... U o‘zi menga chiqdi. Ammo u Arini allaqachon butkul o‘ziniki qilib bo‘lganini, uni chin dildan sevishini va hech qachon zarar yetkazolmasligini aytdi. Menga uni o‘zidan tortib olmasligimni qat’iy talab qildi... Men esa boshqa ilojim yo‘qligidan, singlimni ko‘rish ilinjida inkorsiz rozi bo‘ldim.

Suxo bu gapni eshitib ortiqcha savol bermadi, faqatgina uning dardiga sherik bo‘lgandek, jimgina o‘tiraverdi.

Jungkook pov:

Temir panjaralar ortida vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek, havo yetishmayotgandek tuyuladigan o‘sha umidsiz, bo‘g‘iq sukutni men juda yaxshi bilaman. Bu azobni to‘la his qilish uchun qorong‘u kamerada yolg‘iz qolishning o‘zi kifoya edi.

Ko‘z oldimdan o‘tmish gavdalanadi. Tishlarimni qattiq qisib, zo‘rg‘a nafas olgancha o‘zimga-o‘zim pichirladim:

— Ming la’nat senga, Kang Rubin... Sen boshlagan bu o‘yinning oxiri qanday tugashini hali o‘zing ham bilmaysan.