May 4, 2020

KO‘PRIK

Assalomu alaykum.

Qadim zamonlarda bir yigit bo‘lgan ekan. Uning bilim olishga tashnaligi va intilishi tahsinga sazovor ekan.

Bir kuni u eshitib qolibdiki, Yer yuzidagi donishmandlarning eng ulug‘i bir tog‘ning cho‘qqisida yashar ekan. Yigitning o‘y-u xayoli o‘sha tog‘ni topib, uning cho‘qqisiga chiqish va donishmand bilan ko‘rishish bo‘lib qolibdi.

Yigit so‘rab-surishtirib tog‘ni topibdi va cho‘qqiga tomon intila boshlabdi. Ko‘p vaqt va ming bir mashaqqat evaziga, nihoyat, cho‘qqi zabt etilibdi. Yigit donishmand cholning huzuriga kiribdi va unga faxr bilan debdi:

- Ey dono zot, men bor kuch-quvvatimni sarf etib, mana, bir yil deganda huzuringga yetib keldim.

Voqeani shu yerda tugatsak, balki, bu hikoyat ilm olishning mashaqqatli yumush ekani, kim jidd-u jahd bilan harakat qilsa, maqsadiga albatta yetishi yoxud erishgan muvaffaqiyatidan o‘zini osmonlarda ko‘rishning yaxshi emasligi haqida saboq beradi, degan tasavvur hosil bo‘lar. Yo‘q, hikoyatimizning tub mazmuni va bugungi suhbatimizning bosh mavzusi donishmandning yigitga qarata aytgan gaplarida o‘z aksini topgan.

Yigit faxr bilan debdi:

- Ey dono zot, men bor kuch-quvvatimni sarf etib, mana, bir yil deganda huzuringga yetib keldim.

Donishmand aytibdi:

- Men bundan va seni ko‘rganimdan juda xursandman. Lekin sen nega boshqa tashrif buyuruvchilar tomonidan qoyaning u tarafiga o‘rnatib ketilgan zinalardan chiqmading?

Intilish yaxshi narsa, biroq aqlga va bilimga (oldingi tajribalar natijasiga) suyanmaslik oqibatida bu harakatlar besamar ketishi yoki otiqcha vaqt, ko‘p energiya sarf etilishiga olib kelishi mumkin.

Ajdodlar merosi biz uchun qanchalik muhim ekanini bir misol orqali ko‘rish mumkin. Agar neandertal davri kishisi o‘zlashtirgan ko‘nikmalarni keyingi avlod qo‘llamagan va rivojlantirmagan bo‘lganida edi, biz hali ham shu davrni boshdan kechirayotgan, ehtimolki, siz bilan hozir fikr almashmayotgan bo‘lardik. Har qanday rivojlanishning asosida tajribalardan foydalanish yotadi.

Bolakay Karlson bilan o‘ynar edi. Ko‘p qavatli betonli uyda xona qanday isib ketishini tasavvur qilsangiz kerak. Bolakay issiqdan zorlana boshladi. Uni xursand qilishni ixtiyor qilgan Karlson deraza oldiga bordi va uy ichiga havo haydab, xonani shamollata boshladi. Bu bolakayga ma’qul keldi. Endi uning osilgan qovoqlaridan asar ham yo‘q edi.

Bir payt Kalsonning xayoliga ajoyib fikr keldi. Derazaning yuqori darchasi Karlsonning kattaligicha kelardi. Agar u o‘sha darchaga joylashib olsa, o‘tirgan, yotgan va hatto uxlagan ko‘yi ham o‘z parraklari bilan xonani shamollatishi mumkin edi. Hammasi Karlson o‘ylagancha bo‘lib chiqdi. U quvonchini bolakay bilan bo‘lishmoqchi bo‘ldi.

- Bolakay, - dedi Karlson, - ajoyib ixtiro qildim. Endi xonaning issiqligidan tashvishga tushmaysan. Tarixda nomim qoladigan bo‘ldi-da. Hmm.. bu ixtironi nima deb nomlasam ekan….

- Konditsioner, - dedi bolakay.

- Konditsioner? – hayron bo‘lib so‘radi Karlson. - Bu qanaqa so‘z bo‘ldi?

- Dadamning aytishlariga ko‘ra, - dedi bolakay, - sen ixtiro deb atayotgan narsa bundan yuz yil oldin yaratilgan. Biz uni “konditsioner” deb ataymiz.

Dunyo xalqlari orasida “Velosipedni qayta kashf qilmoq” degan ibora qo‘llanadi. Mavjud tajribalardan foydalanish nafaqat aql bilan ish ko‘rilayotganini, balki, aziz ne’mat – vaqtning qadriga yetilayotganini ham anglatadi. Abituriyentlarda imtihonlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish uchun juda qisqa vaqt bor, xolos. Shu vaqt ichida kirish imtihonida a’lo ko‘rsatkichga ega bo‘lgan sobiq abituriyentning ish uslubidan, bizning hayotimizga befarq bo‘lmagan kishilarning maslahat va tavsiyalaridan unumli foydalanish eng oqilona qarordir.

Unutmang, hamma yoq qalin qor bilan qoplangan joyda maqsad o‘ynab-kulish bo‘lsa, qorlar ustidan yurgan ma’qul; agar maqsad manzilga tezroq yetib olish bo‘lsa, sizdan oldin o‘tgan kishilarning qor ustida qoldirgan izlaridan yurish maqsadga muvofiq.

Kun tartibidan bilim olishga kattaroq o‘rin berayotgan barcha yoshlarimizga omad tilab qolamiz.

Muallif: Mansur Siddiqov, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti o'qituvchisi

O’zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Masofaviy ta’lim" Telegram kanali.

https://t.me/masofatalim