April 3, 2020

Davriy sistema va davriy qonun

t.me/masofatalim

1869- yilda rus olimi D.I.Mendeleyev kimyoviy elementlarning Davriy qonuniga quyidagicha ta’rif berdi: “Oddiy jismlarning, shuningdek, elementlar birikmalarining shakli va xossalari elementlar atom massasining qiymatiga davriy ravishda bog‘liq bo‘ladi”.

Davriy qonunning yaratilishida o‘sha davrga qadar kimyo, fizika, biologiya singari tabiiy fanlarda yaratilgan bir qator kashfiyotlar va qonunlar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunday kashfiyotlar va qonunlarga quyidagilarni misol sifatida ko‘rsatish mumkin:

  • Eramizdan avvalgi 460—370- yillarda Demokritning ilmiy ishlari.
  • Markaziy Osiyolik ensiklopedist olim Ar-Roziy (865—925) ning har bir atom mayda bo‘laklar bilan bo‘shliqlardan iborat ekanligi haqidagi kashfiyotlari.
  • 979—1048-yillarda yashab, faoliyat ko‘rsatgan ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy atomlarni bo‘linmaydigan zarrachalar deb qaraydigan olimlarga qarshi o‘z fikrlarini bildirgan.
  • Buxorolik buyuk tabib Abu Ali ibn Sino dorivor, tabiiy kimyoviy birikmalarni tarkibi va xossalariga ko‘ra sinflarga toifalashtirgan.
  • Ingliz kimyogari va fizigi R. Boyl (1627—1691) kimyoviy element eng oddiy va kimyoviy jarayonlarda bo‘linmaydigan zarracha bo‘lib, u murakkab moddalar tarkibiga kirishini tushuntirdi.
  • 1748-yilda M.V.Lomonosov massaning saqlanish qonunini kashf etdi.
  • 1808-yilda J.L.Prust tarkibning doimiylik qonunini kashf etdi.
  • 1803-1804- yillarda Djon Dalton atom-molekular ta’limotni rivojlantirdi va atom massa haqidagi tushunchani fanga kiritdi.
  • 1814-yilda Y.Ya.Berselius 46 ta kimyoviy elementning atom massalari asosida kimyoviy elementlar jadvalini tuzdi.
  • I.V.Debereyner 1817—1829-yillarda elementlarning atom massalariga asoslanib triadalar nazariyasini taklif etdi.
  • 1822-yilda Vyoler izomeriyani – ayni bir tarkibli molekulaga bir necha modda to‘g‘ri kelishini kashf qildi.
  • 1853-yilda Franklend valentlik tushunchasini fanga kiritdi.
  • 1858-yilda nemis kimyogari A.Kekule uglerod atomini to‘rt valentli ekanligini aniqladi.
  • 1861-yilda A.M.Butlerov organik birikmalarning tuzilish nazariyasini kashf etdi.
  • A.de-Shankurtua 1862- yilda kimyoviy elementlarning silindr shaklidagi jadvalini yaratdi.
  • Yu.L.Meyer (1830—1895) 1864-yilda elementlarning atom massalari ortib borishiga asoslangan jadvalni taklif qilgan.
  • J.Nyulends (1837—1898) 1865-yilda elementlar ekvivalentlariga asoslangan oktavalar qonunini taklif etgan.
  • 1869-yilda D.I.Mendeleyev davriy qonunni kashf etdi.

Davriy qonun — tabiat qonuni va u tabiatda mavjud bo‘lgan bog‘liqliklarni aks ettiradi. D.I.Mendeleyev tomonidan davriy qonunning kashf etilishida elementlar atom massalari bilan xossalari orasida o‘zaro uzviy bog‘liqlik borligi atroflicha o‘rganib chiqildi. Bir qator elementlarning oksidlari, asoslari, kislotalaridagi valentliklarini o‘zgarishi asosida jadvallar tuzdi. D.I.Mendeleyev olib borgan amaliy va nazariy tadqiqotlari asosida elementlarning atom massasi ortib borishi bilan ularning xossalari ham davriy ravishda o‘zgarib borishini aniqladi.

t.me/masofatalim

Yuqoridagi jadvaldan quyidagi qonuniyatlarni kuzatish mumkin:

  • Metallik xossasi kamayib boradi.
  • Metallmaslik xossasi ortib boradi.
  • Metallik xossasi zaiflashib borib, amfoter elementga va undan kuchsiz metallmaslarga o‘tadi.
  • Metallmaslik xossasi asta-sekin ortib borib inert gaz bilan yakunlanadi. Kislorodga nisbatan valentligi (yuqori oksidlarda) birdan boshlanib, davriy ravishda ortib boradi.
  • Vodorod bilan hosil qilgan uchuvchan birikmalarida valentlik kamayib boradi.
  • Gidroksidlarda ham ishqordan boshlanib asoslik xossasi kamayib boradi, amfoter xossaga ega bo‘lgan gidroksidga va undan kislotali xossaga o‘tib, kislotali xossasi kuchayib boradi.

Ftor metallmaslik xossasi eng kuchli bo‘lgan element. Neon inert gaz bo‘lib, neondan keyingi element natriy litiyning xossalarini takrorlaydi. U ham ishqoriy metall, metallik xossasini kuchli ifodalaydi. Valentligi I ga teng. Tartib raqami 11 ga teng bo‘lgan, natriydan boshlangan qatorda ham metallik xossalari asta-sekinlik bilan zaiflashib boradi. Magniy esa valentligi II bo‘lgan metall bo‘lib, berilliyga o‘xshaydi. Metallik xossasi aluminiyda yana ham zaifroq. Kremniy kuchsiz metallmas va kremniydan boshlab metallmaslik xossasi ortib boradi. Xlor kuchli metallmasdir. U o‘z xossalari bilan ftorning xossalarini takrorlaydi. Argon – inert gaz. Argondan keyingi element kaliy, litiy va natriyning xossalarini takrorlaydigan ishqoriy metalldir. Demak, elementlarning xossalari davriy ravishda takrorlanadi.

Davriy qonun hozirgi vaqtda quyidagicha ta’riflanadi. Kimyoviy elementlarning va ular hosil qiladigan oddiy hamda murakkab moddalarning xossalari shu elementlar atom yadrosi zaryadiga davriy ravishda bog‘liq.

O’zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Masofaviy ta’lim" Telegram kanali.

Kanalga ulanish:
https://t.me/masofatalim