July 18, 2020

Davlat test markazining rasmiy bayonoti

«Test sinovlarining boshlanish kuni Davlat test markazi tomonidan belgilanmaydi, balki O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan belgilanadi». Davlat test markazining rasmiy bayonoti e'lon qilindi

Bunga ko'ra, 2020-yilda test sinovlarini katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translatsiya qilingan holda o‘tkazish rejalashtirilgan va hozirgi kunda jarayonni sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Jumladan:

✅ test sinovi o‘tkaziladigan hududlarga kirish qismida antiseptik vositalar bilan jihozlangan stollar va bino ichkarisida birinchi tibbiy muolaja punkti tashkil etiladi;

✅ har bir hudud navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlanadi;

✅ test sinovlari o‘tkaziladigan binolar har bir smenadan oldin va keyin shamollatiladi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinadi;

binoga kirishdan oldin abituriyentlar dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tkaziladi;

✅ ularning tana harorati o‘lchanib, har bir abituriyent alohida yangi tibbiy qo‘lqop va niqob bilan ta’minlanadi;

✅ test sinovi o‘tkaziladigan hududga kiritishda tana harorati 37 C dan yuqoriligi aniqlangan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmasdan dalolatnoma tuzilib, tibbiy tekshiruv o‘tkazish uchun hududga biriktirilgan tibbiyot xodimiga topshiriladi;

✅ Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilgan va koronavirus kasalligi aniqlanmagan abituriyentlar uchun respublika bo‘yicha test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng to‘rtinchi kuni test sinovlari o‘tkaziladi.

Hozirgi kunda test sinovlari o‘tkaziladigan binolar sovutish va ventilatsiya tizimlari bilan ta’minlangan bo‘lib, binolarda abituriyentlarning ijtimoiy masofa saqlashlari uchun har bir abituriyentga 3 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan joy ajratilmoqda va binolarning holati bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligidan tegishli xulosalar olinmoqda.

Umuman olganda, test sinovlarini sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha barcha ishlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Respublika maxsus komissiyasi bilan kelishilgan holda, ularning tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

Test sinovlarining boshlanish kuni Davlat test markazi tomonidan belgilanmaydi, balki O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan belgilanadi.

Qo‘shni davlatlarda test sinovlari o‘tkazilayotganida xavf kamroq, bizda esa ko‘proq deyishga esa hech qanday dalil mavjud emas.

Onlayn test sinovlariga keladigan bo‘lsak, dunyoda hech bir davlat bunday katta miqdordagi abituriyentlar uchun onlayn test o‘tkazmaydi, buning iloji ham yo‘q. Bu bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan aloqa qilingan va hech birida onlayn test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilmagani aytilgan.

Hattoki “Onlayn proktoring” (test sinovlarini uyda topshirish va onlayn ularni nazorat qilish) tizimidan foydalanayotgan tashkilotlar ham uning xavfsizligi, qanday yo‘llar bilan aldash mumkinligi hali to‘liq o‘rganilmaganligini ta’kidlab o‘tishgan. Pandemiya o‘tib ketgandan keyin bu tizimdan voz kechish rejasi yo‘q emasligini ham aytib o‘tishgan.

Hozirgi kunda hech kim to‘liq bu infeksiyadan o‘zimni asray olaman deya olmasligini yaxshi bilamiz.

Shuning uchun Davlat test markazi tomonidan rejalashtirilgan test sinovlari nafaqat adolatli va shaffof o‘tishini, balki abituriyentlarning sog‘lig‘i ham birinchi o‘rinda turishini ma’lum qilamiz va buni imkoni boricha ta’minlashga harakat qilamiz.

Davlat test markazi matbuot xizmati

Abituriyentlar tomonidan eng ko'p berilayotgan va joriy yilgi qabulga oid dolzarb savollar yuzasidan Davlat test markazi matbuot xizmati rahbari Orzuqul Boboyev «Masofaviy ta’lim» lohiyasiga bergan intervyuni quyida to'liq tomosha qilishingiz mumkin.

https://t.me/masofatalim

Yoshlarga masofadan turib sifatli va bepul ta’lim berishni maqsad qilgan «Masofaviy ta’lim» loyihasining rasmiy Telegram kanali.

Telegram: https://t.me/masofatalim